Abdusalom Akramov
Abdusalom Akramov | |
---|---|
Tavalludi |
1908-yil |
Vafoti |
1975-yil Samarqand |
Fuqaroligi | SSSR |
Kasbi | tarjimon, pedagog |
Faoliyat yillari | 1934—1975 |
Abdusalom Akramov (1908-yil, Samarqand – 1975-yil, Samarqand) – tarjimon, oʻqituvchi-pedagog. Samarqand shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudiri. 10 yil muddat bilan mehnat lageriga surgun qilingan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdusalom Akramov 1908-yilda Samarqand shahridagi Chorraha mahallasida dunyoga kelgan. Dastlab Mahmudxoʻja Behbudiyning, keyinroq Abduqodir Shakuriy ochgan usuli jadid maktablarida taʼlim olgan. Ilk taʼlimni maktabda olgan Abdusalom Akramov Pedagogika bilim yurti maqomidagi internatda oʻqishini davom ettiradi. Oʻqishni tugatgach, muallimlik bilan shugʻullangan. Abduqodir Shakuriy, Saidrizo Alizoda, Hamza Hakimzoda Niyoziylarning maslahati ortidan Abdusalom akasi Nasim bilan birgalikda 1924-yilda savodsizlikni tugatish maktabini ochgan va yoshlarga taʼlim bergan.
Biroz vaqt muallimlik qilgandan soʻng, tahsilni davom ettirish maqsadida Moskva shahriga joʻnab ketgan. Taʼlim olish bilan birga Tojikiston vakolatxonasida dastlab tarjimon, keyinchalik maxfiy qism boshligʻi va mas’ul kotib vazifalarida faoliyat yuritadi[1].
Abdusalom Akramov oʻqishni tugatgandan soʻng vataniga qaytadi. 1930-yildan boshlab oʻqituvchilar malakasini oshirish institutida direktor oʻrinbosari vazifasida ishlaydi. 1932-yili „Narkompros“ning buyrugʻiga binoan Tojikiston pedogogika institutiga ishlash uchun joʻnatiladi. 1934-yilda yana Samarqandga qaytgan. 1937-yilgacha Abdusalom Akramov Samarqand shahrida xalq taʼlimi boʻlimi mudiri sifatida faoliyat olib boradi. Bir vaqtning oʻzida pedagogika institutida kechki smenada oʻqiydigan oʻquvchilarga taʼlim beradi.
Surgun qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1937-yil 23-avgustda A.Akramovni NKVD xodimlari qamoqqa oladi. Uning taqdiri boshqa jadid namoyandalari kabi kechadi. Uyidagi hamma kitob, qoʻlyozmalar tortib olinadi, oʻzi 10 oy davomida qamoqda oʻtiradi. 1938-yil Oʻzbekiston SSR Oliy sudining maxsus kollegiyasi qarori bilan Abdusalom Akramov 10 yilga mehnat lagerlarida qamoq jazosiga hukm qilinadi[2]. Jazoni oʻtash maqsadida Rossiyaning Kuybishev viloyatiga yuboriladi. Kuybishevda u „Bezimyanskaya TES“ qurilish korxonasida ishlaydi.
1947-yil avgust oyida Abdusalom Akramov jazo muddatini tugatib yurtiga qaytadi. 1959-yilning 10-oktyabrida Abdusalom Akramovning nomi oqlanadi. 1964-yili shaxsiy hujjatlari tiklab beriladi. Abdusalom Akramov vafotiga qadar Ulugʻbek rasadxonasida saqlovchi boʻlib ishlaydi. Abdusalom Akramov ogʻir kasallik natijasida 1975-yilning 23-aprelida vafot etgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Abdusalom Akramov“. Qaraldi: 20-sentabr 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Xolbekova U „Qamoqxona kameralariga 50 kishi o‘rniga 150 kishi joylashtirilgan, mahbuslar o‘ta xavfli jinoyatchilar bilan bir xonaga qo‘yilgan“. zarnews.uz (2021-yil 10-mart). Qaraldi: 20-sentabr 2023-yil.