Kontent qismiga oʻtish

Abu-l-Alo al-Hamadoniy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu-l-Alo Hasan ibn Ahmad ibn Hasan al-Attor al-Hamadoniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1095-yil (hijriy 488-yil)
Vafoti milodiy 1173-yil (hijriy 569-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi qiroat, hadis olimi

Abu-l-Alo al-Hamadoniy (arabcha: أبو العلاء الهمداني — Abu-l-Alo Hasan ibn Ahmad ibn Hasan al-Attor al-Hamadoniy) — qiroat va hadis olimi.

Hadis ilmida imom, hofiz hamda shayxul-islom bo‘lgan Abu-l-Alo al-Hamadoniy „al-Attor“ ismi bilan ham atalgan bo‘lib, bu nisbat unga uning otasi tijorat bilan shug‘ullangani sababli berilgan bo‘lishi mumkin.

Abu-l-Alo al-Hamadoniy yetti yoshida Qur’onni to‘liq yod oladi. Hamadonda Abdurrahmon ibn Hamd ad-Duniydan, Bag‘dodda esa, Abu-l-­Qosim ibn Bayon, Abu Ali ibn Nabhon va Abu Ali ibn Mahdiydan, shuningdek, Isfahonda Abu Ali al-Haddod va Mahmud al-Ashqar kabi olimlardan hadis ilmi bo‘yicha, Xurosonda Muhammad ibn Fazl al-Furoviy huzurida „Sahӣh Muslim“ dan taʼlim oladi. Keyinchalik, ilm olish uchun Nishopur va Vosit kabi ilm markazlarida ham bo‘ladi. Haj qilish maqsadida Makkaga safar qiladi.

U, shuningdek, qiroat ilmi bo‘yicha Isfahonda Abu Ali al-Haddoddan, Bag‘dodda Abu Abdulloh al-Boriy va Abu Bakr al-Mizrafiydan, Vositda Abu-l-Izz al-Qalonisiy kabi mashhur qi­roat olimlaridan taʼlim oladi. Uning hadis ilmidagi o‘rnini eʼtirof etgan az-Zahabiy, qiroat ilmidagi mavqei yanada ustun ekanini zikr qilgan. Abu-l-Alo al-Hamadoniy, shuningdek, arab tili, ansob va tarix kabi mavzularda ham chuqur ilmga ega bo‘lgan. U Zubayr ibn Bakkorning „Kitāb an-nasab“, Ibn Duraydning „Al-Jamhara“, Ibn Forisning „Mujmal al-lug‘a“ va Abu Ubayd al-Hiraviyning „Kitāb al-g‘arӣbayn“ asarlarini chuqur o‘zlashtirgani haqida manbalarda maʼlumotlar keltirilgan.

Abu-l-Alo al-Hamadoniy tijoratchilar farzandi bo‘lgan, unga meros qolgan barcha narsani sotib, ilm talabida infoq qilib yuboradi. Ilm olish yo‘lida ko‘p mashaqqat chekadi. Abu-l-Fazl ibn Bunaymon aytadi:

Abu-l-Alo al-Hamadoniyni Bag‘dod masjidlaridan birida, chiroq teparoqda bo‘lgani uchun tik turgan holda yozayotganini ko‘rdim.

1145-yil (hijriy 540-yil)dan so‘ng Bag‘dodga oilasi bilan qilgan so‘nggi safarida farzandlarini u yerdagi olimlardan qiroat va hadis ilmidan dars olish­lariga sharoit yaratish bilan birga o‘zi ham shu yerda mazkur ilmlardan dars beradi. Hamadonga qaytganidan so‘ng, u yerda kutubxona qurdirib, o‘zining barcha kitoblarini u yerga vaqf qiladi. Shuningdek, hayotining oxiriga qadar qiroat va hadisdan taʼlim beradi. Unga shogird bo‘lganlar qatorida Ibn Sukayna va Muhammad ibn Muhammad al-Qol, Abu-l-Mavohib ibn Sasro, Abdulqodir ar-Ruhoviy, Yusuf ibn Ahmad ash-Sheroziy hamda farzandlari Ahmad, Abdulbar, Fotima va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

Manbalarda uning ahli sunna aqidasidagi, hanbaliy mazhabida bo‘lgani aytilsa-da, baʼzi shia mazhabiga doir manbalarda uning shia mazhabining imomiya firqasidan ekani haqida turli maʼlumotlar keltirilgan. Biroq bu fikrlar isbot etilmagan.

Abu-l-Alo al-Hamadoniy jumodul-avval oyining o‘n to‘qqizinchi kuni vafot etgan va o‘z mas­jidining hovlisiga dafn etilgan.

  • Gʻāya al-ixtisār fi-l-qirāāt al-’ashr li-aimma al-amsār“. Asar mashhur o‘n imomning qiroatiga doir bo‘lib, kirish qismida qiroat imomlari, ularning sanadlari, rivoyat va tariyqlari haqida muhim maʼlumotlar joy olgan.
  • Kitāb at-tamhӣd fӣ maʼrifa at-­tajvӣd“.
  • Al-Hādӣ ilā maʼrifa al-maqāti’ va-l-mabādi’“.
  • Sharh mā ixtalafa fӣhi ashāb Abӣ Muhammad Yaʼqӯb ibn Ishāq al-Hazramӣ“.
  • Kitāb al-ixtisār fӣ maʼrifa qurrā al-mudun va-l-amsār“ (Tabaqāt al-qurrā)[1].
  1. Yoqut. Mu’jam al-udabā. VIII, 5-52;
  2. Ahmad ad-Dimyotiy. Al-Mustadrak min zayl tarӣx Bag‘dād. XIX, 96-97;
  3. Az-Zahabiy. Siyar. XXI, 40-47;
  4. o‘sha mual. Maʼrifa al-qurrā. II, 542;
  5. Ibn Kasir. Al-Bidāya. XII, 286;
  6. Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. I, 204-206;
  7. Ad-Dovudiy. Tabaqāt al-mufassirӣn. I, 128-131;
  8. Nuvayhiz. Mu’jam al-mufassirӣn. I, 135. Tayyar Altıkulaç. „Ebü’l-Alâ el-Hemedânî“. TDV. İA. — İstanbul: 1994. X, 286-287.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.