Abu Osim
Abu Osim Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abbod al-Abbodiy al-Haraviy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 985-yil (hijriy 375-yil) |
Vafoti |
milodiy 1066-yil (hijriy 458-yil) Hirot |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | shofeʼiy faqihi, muhaddis |
Al-Abbodiy, Abu Osim (arabcha: العبادي، أبو عاصم — Abu Osim Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abbod al-Abbodiy al-Haraviy) — shofeʼiy faqihi, muhaddis.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uni al-Abbodiy deb atashlariga sabab — nasabida zikr qilingan bobosi Abbodga nisbatan aytganlar. Bo‘lajak olim Hirotda qozi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Azdiydan, Nishopurda qozi Abu Umar al-Bistomiy, Ustoz Abu Tohir az-Ziyodiy va Ustoz Abu Ishoq al-Isfaroyiniylardan tahsil olgan.
Al-Abbodiy maʼnolari yashirin, qisqa iboralar ishlatishi, so‘zga „qizg‘anchiq“ligi, o‘tkir zehn egalarigina tushuna oladigan qilib gapirishi bilan tanilgan va shu jihati bilan o‘z asrida yagona bo‘lgan.
Al-Abbodiyning o‘ziga xos baʼzi fiqhiy qarashlari bo‘lib, manbalarda ulardan bir qanchasi keltirilgan. Masalan, o‘zining "Az-Ziyādāt ’ala-l-fatāvā" („Fatvolarga qo‘shimchalar“) asarida aytadiki, „Qur’ondan namozi sahih bo‘ladigan darajadagi miqdordan ko‘prog‘ini o‘rganish nafl namozdan afzal, chunki u (Qur’on)ni yod olish ummatga vojibdir“.
Al-Abbodiy muhaddis sifatida ham mashhur. U Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Sahl al-Qarrob va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Masalan, "Bir kishi: „Ey, Rasululloh (s.a.v.)! Go‘zal muomala qilishimga eng haqli kishi kim?“ deb so‘raganida Payg‘ambarimiz tomonlaridan ikki marotaba „Onang“, uchinchisida „Otang“, deb javob berilgan.
Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisning roviylari silsilasida al-Abbodiy nomi ham zikr qilinadi. Manbalarda u rivoyat qilgan hadislardan ko‘plab namunalar berilgan.
Abu Sa’d al-Haraviy al-Abbodiydan fiqhni o‘rgangan, hadis eshitib, undan rivoyat ham qilgan. Undan, shuningdek, o‘g‘li Abu-l-Hasan al-Abbodiy, Abu Abdulloh al-Furoviy, Ismoil ibn Abu Solih al-Muazzin va boshqalar ham hadis rivoyat qilganlar. Abu Saʼd ustoziga mansub „Adab al-qāzӣ“ ("Qozi odobi")ga „Kitāb al-ishrāf fӣ adab al-qāzӣ va g‘avāmiz al-hukӯmāt“ ("Qozining odobi va mahkamalar muammolari haqida yetakchi kitob") nomli sharh yozgan. Ustozi haqida u shunday deydi: „Abu Osim o‘z asri o‘g‘lonlari ichida fiqhdagi maxfiy alomatlarni, undagi yashirin hukmlarni bilish va anglashda eng baland ustun, isnod borasida esa ularning eng oliysi edi“.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- "Tabaqāt al-Ibādӣ" („Al-Ibodiyga mansub „Tabaqot“) yoki baʼzi manbalarda "Tabaqāt al-fuqahā" ("Faqihlar darajalari");
- "Az-Ziyādāt ’ala-l-fatāvā", „Ziyādāt az-ziyādāt ’ala-l-fatāvā“ ("Fatvolarga qo‘shimchalarga qo‘shimchalar");
- "Adab al-qāzӣ" yoki baʼzi manbalarda "Adab al-qazā" ("Adliya odobi"), baʼzilarida esa "Adab al-quzāt" ("Qozilar odobi");
- "Kitāb al-mabsӯt" ("Mufassal kitob");
- "Al-Hādӣ ilā mazhab al-’ulamā" ("Olimlarning yo‘liga yetaklovchi");
- "Ar-Radd ’alā as-Sam’ānӣ" ("As-Sam’oniyga raddiya");
- "Ahkām al-miyāh" («Suvlarning hukmlari»);
- "Kitāb al-atʼima" ("Taomlar kitobi");
- "Tabaqāt al-fuqahā" qo‘lyozmasi Berlin kutubxonasida saqlanadi, 1964-yilda Leydenda „Brill“da nashr bo‘lgan;
- "Az-Ziyādāt ’ala-l-fatāvā" va "Ziyādāt az-ziyādāt ’ala-l-fatāvā"ning qo‘lyozmalari Sanʼodagi "Al-Jomi’ al-kabir" kitoblar xazinasida saqlanadi, 2016-yil Bayrutdagi "Dor al-kutub al-’ilmiyya"da nashr bo‘lgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. — Bayrut: „Dor al-jinon“, 1988. IV, 123;
- Ibn Xallikon. Vafayāt. — Misr: „Maymaniyya“, 1892. I, 463;
- As-Subkiy. Tabaqāt. — Misr: „Al-Husayniyya“, 1960. IV, 104-112;
- Al-Isnaviy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya, — Bag‘dod: „Al-Irshod“, 1970. II, 190;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1991. V, 251-252;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Damashq: „At-Taraqqiy“, 1957. IX, 10;
- Ahlwardt. VAH. IX, № 10033.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |