Adaptatsiya
Adaptatsiya (lot. adaptatio – moslashuv) – 1) organizmning turli yashash sharoitlariga moslashishi; 2) sezgi aʼzolarining oʻziga taʼsir etadigan qoʻzgʻatuvchilarga moslashishi natijasida ularda sezgirlik darajasining oʻzgarishi (masalan, koʻzning yorugʻlik yoki qorongʻilikka moslashuvi). Qoʻzgʻatuvchining taʼsir kuchi oʻzgarishi bilan sezgirlik ham oʻzgaradi. Qoʻzgatuvchilar sust taʼsir etganda sezgirlik oshadi, kuchli taʼsir etganda esa kamayadi. Adaptatsiya hodisasi hamma tashqi sezgilar (koʻrish, eshitish, hid, taʼm, badan sezgisi)ga xosdir. Taktil, harorat, hid va koʻrish sezgilarida adaptatsiya kuchli, eshitish va ogʻriq sezgilarida kuchsizdir. Ichki sezgilar (mas, tashnalik, ochlik) ga nisbatan adaptatsiya hosil boʻlmaydi. Adaptatsiya organizmning normal hayot faoliyatini saqlab turishini, atrof muhitning turli omillari: temperatura va iqlim oʻzgarishiga (qarang Iqlimga moslashish), balandlikka (qarang Balandlik kasalligi), koʻpgina infeksion agentlarga (qarang Immunitet) moslanishini taʼminlaydi. Adaptatsiya reaksiyasi moddalar almashinuvi intensivligining uzluksiz oʻzgarib turishiga asoslangan. Odam organizmining moslashuv reaksiyasi (Adaptatsiya reaksiyasi)ni tez (spesifik) va sekin (nospesifik), tugʻma (tur evolyutsiyasi jarayonida shakllangan) yoki orttirilgan (har bir organizm uchun oʻziga xos) reaksiyalarga boʻlish mumkin. Masalan, ogʻritadigan omil taʼsiriga javoban oyoq-qoʻlni tortib olish, jismoniy faol boʻlganda nafas olishning kuchayishi, qon oqimi hamda yurak faoliyatining tezlashishi va qonning qayta taqsimlanishi, qorongʻida koʻz yorugʻlik sezish layoqatining zoʻrayishi – bularning hammasi tugʻma tez adaptatsiya reaksiyalari. Har bir kishining turli yashash sharoitlariga moslashish imkoniyati uning iIrsiyati, yoshi, sogʻligʻi va boshqalarga bogʻliq[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |