Kontent qismiga oʻtish

Adiy ibn Artat al-Fazoriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Adiy ibn Artat al-Fazoriy
Basra hokimi
Mansab davri
717 – 720
Hukmdor Umar ibn Abdulaziz
Oʻtmishdoshi Yazid ibn al-Muhallab
Vorisi Maslama ibn Abdulmalik
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti 720
Basra
Munosabatlari Fazora (qabila)
Bolalari Muhammad
Ota-onasi Artat ibn Kaʼb al-Fazoriy (otasi)

Adiy ibn Artat al-Fazoriy (arabcha: عدي بن أرطاة الفزاري) (720-yilda vafot etgan) – Umaviylar xalifaligining Basradagi hokimi. Umar ibn Abdulaziz xalifaligi davrida xizmat qilgan, Yazid ibn al-Muhallab qoʻzgʻoloni paytida oʻldirilgan.

Umar II davridagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

717-yilda xalifa Umar II taxtga oʻtirganidan koʻp oʻtmay, Adiy ibn Artat Basra hokimi etib tayinlangan[1]. Ushbu lavozimni egallaganidan keyin Basradagi oʻrnini mustahkamlagan. Xalifa Umar Yazid ibn al-Muhallabni Iroq hokimligidan olgach, Adiy uni qamoqqa olishga buyruq bergan. Yazid qoʻlga olingach, Adiy uni Suriyadagi xalifaning qarorgohiga yuborgan va u yerda qamoqqa tashlangan[2].

Adiy Umar xalifaligi davrida Basra hokimi lavozimida xizmat qilgan[3]. Butun Iroq va sharqiy viloyatlar hokimi boʻlgan Yaziddan farqli oʻlaroq, Adiy Kufa va Xuroson ustidan hokimiyatga ega boʻlmagan[4]. Biroq shunday boʻlsa-da, uning vakolati doirasidagi hududlar va ularnini nazorat qilish boʻyicha katta mas’uliyat yuklangan edi. Xususan, gʻarbda Basra va Bahrayndan sharqda Sind viloyatigacha boʻlgan hududlarni boshqargan[3]. Ummon ham dastlab Adiyning hukmronligi ostida boʻlgan, biroq xalifa Umar uning boshqaruvi toʻgʻrisida bir qancha shikoyatlar olgach, uning bu vakolatlarini bekor qilgan[5].

Adiy hokimlik davrida Basrada jamoat ishlari loyihalariga ruxsat bergan, shahar aholisini suv bilan taʼminlash maqsadida kanal qazdirgan, ushbu kanal uning nomi bilan atalgan[6]. Shuningdek, yana bir qurib bitkazilgan kanalga Adiyning shurta boshligʻi nomi berilgan[7]. Shuningdek, Adiy shahardagi hokim qarorgohini kengaytirmoqchi boʻlgan, ammo maʼlumotlarga koʻra, xalifa Umar bunga ruxsat bermagan[8]. Bundan tashqari, uning boshqaruvi davrida, 718—719-yillarda vabo tarqalib, „Adiy ibn Artat vabosi“ nomini olgan[9]

Muhallabiylar qoʻzgʻoloni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

720-yilning fevralida xalifa Umar vafot etgach, oradan koʻp oʻtmay, Adiy yangi xalifa Yazid II dan Yazid ibn al-Muhallabning qamoqdan qochib ketgani va Iroq tomon yoʻl olgan boʻlishi mumkinligi haqidagi xabarni olgan. Xalifaning buyrugʻiga koʻra, Basrada Yazidga qarshi chiqishga hozirlik koʻrayotgan Muhallabiylarni hibsga olib, qamoqqa tashlagan, mahalliy armiya tashkil etib, shahar atrofida xandaq qazdirgan[10].

Yazid Basraga yaqinlashgani sari Adiyning mudofaasi zaiflasha borgan. Uning koʻp odamlari Yazidga qarshi jang qilishdan bosh tortgan. Yazid, shuningdek, basraliklarga katta miqdorda pul taklif qila boshlagan, bu esa aholi orasida uning mashhurligini oshirgan. Shu sababdan ham Basraga yetib kelgach, qiyinchiliksiz shaharga kirishga muvaffaq boʻlgan. Adiyga sodiq qolgan suriyaliklar va basraliklar Basra qalʼasi tashqarisida mudofaa oʻrnatgan, biroq Yazidga qarshi kechgan kurashda magʻlubiyatga uchragan. Qalʼaga Yazidning odamlari bostirib kirgan. Adiyning qolgan qoʻshinlari Kufaga qochib ketgan, Adiyning oʻzi qoʻlga olinib, Yazidning huzuriga olib kelingan. Yazid esa uni qamoqqa olishni buyurgan[11].

Yazid Basrani zabt etganidan soʻng, Adiy Vositga koʻchirilgan[12]. 720-yilning avgust oyida Maslama ibn Abdulmalik bilan kechgan jangda Yazid halok boʻlguniga qadar Adiy oʻsha yerda qamoqda saqlangan. Yazidning taqdiri haqidagi xabar Vositga yetib borgach, Muoviya qoʻl ostidagi bir qancha asirlarni, jumladan, Adiy va uning oʻgʻli Muhammadni qamoqdan chiqarib, otasining oʻlimi uchun qasos sifatida ularni qatl qilgan[13].

  1. Al-Tabari, p. 75; al-Baladhuri, pp. 64-5; Ibn Qutaybah, pp. 362-3
  2. Al-Tabari, pp. 75, 79-81; Khalifah ibn Khayyat, p. 320; Ibn Qutaybah, p. 400; Ibn Khallikan, p. 365
  3. 3,0 3,1 Khalifah ibn Khayyat, p. 322
  4. Shaban, pp. 132-3; Powers, pp. xiv-xv
  5. Al-Rawas pp. 66-7; Khalifah ibn Khayyat, p. 323
  6. Al-Baladhuri, pp. 96-7
  7. Al-Baladhuri, p. 82
  8. Al-Baladhuri, pp. 64-5
  9. Dols, p. 380; Ibn Qutaybah, p. 601
  10. Al-Tabari, pp. 89-91; 111-4; al-Yaʼqubi, pp. 370, 372; Ibn Khallikan, p. 165
  11. Al-Tabari, pp. 114-8; al-Yaʼqubi, p. 372; Khalifah ibn Khayyat, pp. 322, 332; al-Mas’udi, p. 453; Ibn Qutabyah, p. 364; Ibn Khallikan, p. 192
  12. Al-Tabari, p. 127
  13. Al-Tabari, pp. 127 ff., 141; al-Yaʼqubi pp. 372-3; Khalifah ibn Khayyat, p. 325; Ibn Khallikan, p. 196
  • Al-Baladhuri, Ahmad ibn Jabir. The Origins of the Islamic State, Part II. Trans. Francis Clark Murgotten. New York: Columbia University, 1924.
  • Dols, Michael W. „Plague in Early Islamic History.“ Journal of the American Oriental Society 94.3 (1974): 371–383.
  • Ibn Khallikan, Shams al-Din Abu al-Abbas Ahmad ibn Muhammad. Ibn Khallikanʼs Biographical Dictionary, Vol. IV. Trans. Bn. Mac Guckin de Slane. Paris: Oriental Translation Fund of Great Britain and Ireland, 1871.
  • Ibn Kutaybah, Abu Muhammad 'Abd Allah ibn Muslim. Al-Maʼarif. Ed. Tharwat Ukasha. 2nd ed. Cairo: Dar al-Maʼarif, 1969.
  • Khalifah ibn Khayyat. Tarikh Khalifah ibn Khayyat. Ed. Akram Diyaʼ al-'Umari. 3rd ed. Al-Riyadh: Dar Taybah, 1985.
  • Al-Mas’udi, Ali ibn al-Husain. Les Prairies D’Or, Tome Cinquième. Trans. C. Barbier de Meynard. Paris: Imprimerie Nationale, 1869.
  • The History of al-Ṭabarī, Volume XXIV: The Empire in Transition: The Caliphates of Sulaymān, ʿUmar, and Yazīd, A.D. 715–724/A.H. 96–105, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1989. ISBN 978-0-7914-0072-2. 
  • Al-Rawas, Isam. Oman in Early Islamic History. Reading, UK: Garnet Publishing Limited, 2000. ISBN 0-86372-238-5
  • Shaban, M. A. Islamic History A. D. 600-750 (AH 132): A New Interpretation. Cambridge: Cambridge University Press, 1971. ISBN 0-521-08137-8
  • Al-Yaʼqubi, Ahmad ibn Abu Yaʼqub. Historiae, Vol. 2. Ed. M. Th. Houtsma. Leiden: E. J. Brill, 1883.
Oʻtmishdoshi:
Marvon ibn al-Muhallab
Basra hokimi
717–720
Vorisi:
Marvon ibn al-Muhallab