Kontent qismiga oʻtish

Afgʻonistondagi siyosiy beqarorlik davri

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Temurshoh Durroniy hokimiyati davri tugashi bilan Afgʻonistonda notinchlik boshlandi. Bu muammo eng avvalo koʻp sonli shahzodalar orasida boshlangan toj-taxt uchun kurash bilan bogʻliq edi. Temurshoh oʻlimidan keyin taxtga shahzoda Zamonshoh oʻtirdi va markaziy hukumat mavqeini mustahkamlash, mamlakatdagi yagona boshqaruv tizimini kuchaytirishga qaratilgan siyosat olib borishga harakat qildi. Lekin keng territoriyada yastanib yotgan imperiyaning turli qismlarida hokimlik qilib turgan shahzodalar bunga keskin qarshilik koʻrsatar edilar. Ular orasida ayniqsa Qandahor viloyati hokimi shahzoda Humoyun va Hirot hokimi shoh Mahmud faol edilar. Bu ikki shahzodaning faolligi, bir tomondan, ular ixtiyorida anchagina yirik harbiy kuch va iqtisodiy qudrat mavjudligi boʻlsa, ikkinchi tomondan, ularning uchchalovi Temurshohning boshqa boshqa xotinlaridan tugʻilgan, shuning uchun biri ikkinchisiga ishonmas edi. Shunday boʻlsa ham, Zamonshoh maʼlum muddatga mamlakatdagi yagona markazlashgan tizimni barqaror ushlab turishga muvaffaq boʻldi. Lekin ayni zamonda shahzodalarning ayirmachilik harakatlari tufayli davlat xazinasiga tushadigan mablagʻlar miqdori borgan sari kamayib borar edi. Buning asosiy sababi shunda ediki, viloyat hokimlari turli vaj-korsonlar koʻrsatib yigʻib olingan soliqlarning markaziy hukumatga yuboriladigan qismidan urib qolar yoki butunlay yubormay qoʻyar edilar. Buning ustiga ustak, xorijlik kuchlarning mamlakat ichki ishlariga aralashuvi vaziyatni yana ham murakkablashtirardi. Afgʻonistonda ichki vaziyatning barqarorlashuvi, markaziy hukumatning kuchayishi ingliz hukumatining siyosatiga mos tushmas, ingliz maʼmurlari buni Buyuk Britaniyaning Hindistondagi manfaatlariga zid hisoblar edilar. Ular, nihoyat, Erondagi qojorlar hukumatini Hirot hokimi shahzoda Mahmudni qoʻllab quvvatlashga, Afgʻoniston taxtini egallashga boʻlgan kurashida unga yordam berishga koʻndirdilar. Qojorlardan yordam olgan Mahmud 1800-yilda Zamonshohni taxtdan chetlatdi. Zamonshoh poytaxtni tashlab Peshovarga qochishdan oʻzga chora topa olmadi. Lekin Mahmud hokimiyatni qoʻlga kiritish bilan qanoatlanmay, Zamonshohni tuttirdi va koʻzlarini koʻr qildi. Mahmud podshohligi, garchi u imperiyaning barcha hududlarini oʻziga boʻysundirishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa ham, mus-tahkam emas edi, chunki Afgʻoniston xalqi uni qojorlar odami deb bilar, podshoh sifatida xush koʻrmas edi. Inglizlar ham Mahmudga qarshi boshqa bir shahzodani, Shujoulmulk (shoh Shujo) ni harakatga soldilar. Manbalarda aytilishicha, Shujoulmulk irodasi boʻsh, ammo hokimiyatga oʻch kishi boʻlib, inglizlar undan bir necha marta oʻz maqsadlarida foydalanganlar. Bu gal ham u xoʻjayinlari irodasiga boʻysunib, Mahmudshohga qarshi lashkar tortdi, uni taxtdan tushirib, oʻzi podshoh boʻldi. Shoh Shujo Zamonshohning bir onadan tugʻilgan ukasi boʻlgani ham uning Mahmudga qarshi isyon koʻtarishiga sabab boʻlgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Shoh Shujo hokimiyati ham uzoqqa choʻzilmadi, 1809-yil Mahmudshoh yana undan taxtni tortib oldi va bu gal 1818 yilgacha podshoh boʻlib turdi, Shujoulmulk esa yana oʻz xoʻjayinlari inglizlar ixtiyoriga panoh izlab ketdi. Mahmudning ikkinchi bor taxtni egallallashida nufuzli vazir Fathxon asosiy rolni oʻynagan edi. Keyinchalik ham mamlakatni u boshqardi, Mahmud esa nomiga shoh boʻlib turdi. Shunday qilib, Ahmadshoh Durroniy zamonida qudratli sanalgan, Temurshoh davrida bir butun boʻlib turgan davlat Zamonshoh va undan keyingi shohlar hokimiyati vaqtida tashqi koʻrinishdan yagona davlatga oʻxshab tursa ham, aslida bir qancha kichik xonliklarga boʻlinib ketdi. Ularning orasida eng yiriklari Kobul, Qandahor, Hirot, Peshovar xonliklari edi. Bularning har biri oʻz harbiy kuchlari, xazinasi, kichik-kichik saroylariga ega edi, hokimlar esa, oʻzlarini mustaqil hukmdorlar singari tutar edilar.

  1. http://firozkoh.com/archive/tarikhi/khair_abdulahad_ghory/0003_02092013_ghory.htm[sayt ishlamaydi]
  2. Maxfii Badaxshoni. Devoni muxtasar. Dushanbe, 1975, sah. 18.
  3. Professor Jovid maʼruzalari.
  4. Afganistana v indiyskix istochnikax XVI veka. -Tashkent, 1988. Muradov S., Axrarov X. Dariyazichnie poeti