Kontent qismiga oʻtish

Afrigʻiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Afrig‘iylardan yoʻnaltirildi)
Afrigʻiylar
monarxiya
305-yil — 995-yil



Poytaxti Kat
Til(lar)i Xorazmiy tili
Dini Zardushtiylik
Islom

Afrigʻiylar yoki Varzamariylar – Xorazmda IV—X asrlarda hukmronlik qilgan xorazmshohlar sulolasi. Asoschisi – Afrigʻ. 995-yil Afrigʻiylarning soʻnggi vakili Abu Abdulloh Muhammad raqibi Urganch amiri Maʼmun ibn Muhammad tomonidan asir olinib oʻldirilgan. Xorazm Urganch hokimiyati ostiga birlashgan. Maʼmun qadimgi xorazmshoh unvonini qabul qilgan. Milodiy 305-yilda Xorazmshoh Afrigʻ oʻz qarorgohini Xorazmning qadimgi Kat shahriga koʻchiradi. Kat qayta tiklanib, shoh oʻziga yangi saroy qurdiradi. 305-yildan boshlab, Xorazmning afrigʻiy shohlari kumush tangalar zarb etganlar. Tangalarining oldi tarafiga shoh surati, orqasiga esa suvoriy surati tushirilgan. Kumush tangalarning zarb etilishi mamlakatning ichki va tashqi savdo munosabatlarini mustahkamlagan. Hukmdorlar „Xorazmshoh“ unvoniga sazovor boʻlishgan. „Xorazmshohlar“ unvonini dastlab „Siyovushlar sulolasi“ tomonidan qabul qilingan. III asrda Xorazm hududida bir nechta mayda hokimliklar mavjud boʻlgan. Tuproqqalʼadan qoʻlida burgut qoʻndirilgan tojdor hukmdor yoki Anqaqalʼa yaqinidan esa qoʻlida lochin tutgan tojdor kishi tasviri tushirilgan tanganing topilishi, shubhasiz, hukmronlik ramzidan dalolat beradi. Xorazmda sugʻorma dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik va savdo-sotiq, ilm-fan, sanʼat, xususan, haykaltaroshlik yuqori darajada rivoj topgan. Xorazm xioniylar, kidariylar, eftallar hamda Turk xoqonligi davrida ham oʻzining siyosiy mustaqilligini saqlab qoladi. Xorazm Vizantiya va turklar bilan diplomatik aloqalar olib borgan.

Abu Rayhon Beruniy oʻzining „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asarida Xorazm sulolalari haqida maʼlumot beradi: „Ular (Xorazm aholisi) bu yerda Iskandardan 980 yil oldin oʻtroq hayot kechira boshlashgan, keyin esa Kaykovusning oʻgʻli Siyovushning Xorazmga kelishi va u yerda Kayxusrav va uning avlodlari hukmronligi davridan boshlab, Xorazmga koʻchib oʻtgan va oʻz hokimiyatini „turklar saltanati“ gacha kengaytirgan yillarni inobatga olganlar“[1].

Xorazmning qadimgi podshohlaridan tanga chiqargan hukmdorlarning nomlari hozirgacha maʼlum. Ulardan biri milodiy I asrda hukmronlik qilgan Artavdir. Keyingi qirollardan Artramush (milodiy II asr oxiri – III asr boshlari[2]), Vazamar (eramizning III asrining 2-yarmi[3]) va boshqalar maʼlum.

Qadimgi Xorazm qalʼasi Ayoz qalʼa
Sankt-Peterburgning Ermitaj muzeyida, saqlanadigan xorazmlik jangchining haykali
Savashfan davridagi tangalar

995-yilda Maʼmun ibn Muhammad hokimiyat tepasiga kelib, poytaxti Koʻhna-Urganch boʻlgan yangi Xorazmshohlar sulolasi – Maʼmuniylar sulolasiga asos solganidan soʻng Afrigʻiylar sulolasining hukmronligi nihoyasiga yetdi.

Afrigʻiylar davrida Xorazmda zardushtiylik hukm surgan. Afrigʻiylar Abdulloh ibn Turksabasa davrida islomlashtirilgunga qadar (Xorazm 712-yilda mahalliy oʻzaro urushga aralashgan Qutayba ibn Muslim tomonidan musulmonlar taʼsiriga boʻysundirilgan)gacha zardushtiylikning xorazmcha versiyasiga eʼtiqod qilgani umumiy qabul qilingan. Taxminlarga koʻra, Xorazm hukmdorlari maʼbuda Ardvisura-Anaxitaga sigʻinishni rivojlantirgan, uning timsollari tasvirlari miloddan avvalgi II asrdan milodiy VII asrgacha boʻlgan tangalarda uchraydi[4].

Xorazmliklar oʻliklarning suyaklarini ossuariylarga dafn qilganlar. Xorazmda juda koʻplab turli ossuariylar topilgan boʻlib, ular orasida Oʻrta Osiyodagi eng qadimiylari (miloddan avvalgi V—IV asrlar boshi) ham mavjud. Zardushtiylik dogmatik din boʻlgan Sosoniylar Eronida deyarli hech qanday ossuariy yoki naus topilmagan. Bu anʼana Oʻrta Osiyo, yaʼni Xorazm zardushtiylariga xos boʻlgan[5].

Afrigiylar davrida tangalarda Baqtriya tuyasi ham tasvirlana boshlagan.

Hukmdorlar roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beruniy maʼlumotlariga koʻra, bu sulolaning 305-yildan 995-yilgacha jami 22 ta podshosi boʻlgan. Keyingi 160 yil davomida qadimgi Xorazm hukmdorlarining koʻp minglab tangalari topilgan va ulardagi nomlar kamyob boʻlib har doim ham uchramaydi. Ushbu topilmalar Beruniy maʼlumotlariga mos keladi. Tangalar: Tutuxas, Vir, Siyavsparsh[6], Bravik, Shram[7], Kanik, Savshafan[8] va boshqa shu kabi xorazmshohlar tomonidan chiqarilgan.

Quyida Beruniyga koʻra Afrigʻiylar sulolasidan boʻlgan hukmdorlar roʻyxati keltirilgan:

  • Afrigʻ;
  • Bagra[9]
  • Sahhasak
  • Askajamuk I
  • Askajavar I
  • Sahr I
  • Shaush;
  • Xamgari (yoki Xangari yoki Hangiri)
  • Buzgar
  • Arsamux (yoki Artamux); Bu oxirgisi, Beruniyning fikricha, VII asrda yashagan.
  • Sahr II
  • Sabri
  • Azkajavar II (yoki Azkahvar); 700-yillarda hukmronlik qilgan[10]
  • Askajamuq II; bu shoh davrida, Beruniyning yozishicha, Xorazmning Qutayba tomonidan ikkinchi marta zabt etilishi sodir boʻlgan, shundan soʻng bosqinchi Askajamuq II ni podshohlikka oʻtkazgan;
  • VIII asrda hukmronlik qilgan Shaushafar 751-yilda Xitoyga elchilar yuborgan[11].
  • Turksabasa (?)
  • Abdulloh
  • Mansur
  • Iroq
  • Muhammad
  • Ahmad
  • Abu-Abdulloh Muhammad, Afrig qal’asi qulashidan sal oldin oʻzining kuchli raqibi Urganch amiri Maʼmun ibn Muhammad tomonidan oʻldirilgan.
  1. Абу Рейхан Бируни. Памятники минувших поколений. Избранные произведения. Т.1. Т., 1957, с.47.
  2. „Монеты Хорезма“. 2019-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  3. „Монеты Хорезма“. 2019-yil 18-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  4. Вайнберг Б. И., Монеты древнего Хорезма. М., 1977,с.34.
  5. Рапопорт Ю. А., 1996. Религия древнего Хорезма: некоторые итоги исследований // Этнографическое обозрение. № 6.
  6. „Монеты Хорезма“. 2011-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  7. „Монеты Хорезма“. 2011-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  8. „Монеты Хорезма“. 2011-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 22-avgust.
  9. „ĀL-E AFRĪḠ – Encyclopaedia Iranica“. 2021-yil 21-aprelda asl nusxadan - e-afrig arxivlangan.
  10. Толстов С.П, Древний Хорезм, М., 1948, с.190.
  11. Толстов С.П, Древний Хорезм, М., 1948, с.188.