Kontent qismiga oʻtish

Ahmad ibn Qosim Axsikatiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ahmad ibn Qosim Axsikatiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 465/1073-yil
Vafoti 528/1134-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi kotib,adib,olim

Ahmad ibn Qosim Axsikatiy(arabcha:أحمد بن قاسم احسكاتي — Ahmad ibn Qosim Axsikatiy — Toʻliq ismi:Zulfazoil Ahmad ibn Muhammad (Ahmad ibn Qosim ibn Ahmad ibn Xuzay Abu Rashod) Axsikatiy) — Tarixnavis, kotib, adib, lugʻatshunos va olim.

Ahmad ibn Qosim Axsikatiy 465/1073-yili tugʻilib, 528/1134-yili Marvda vafot etgan. Ahmad ibn Qosim Axsikatiy Abulvafo Muhammad Axsikatiyning ukasi boʻlib, dastlabki taʼlimni Axsikatda olgan. Manbalarda shoir, adib, tarixnavis va kotib deb taʼriflanadi. Sultonlar devonida kotiblik qilgan. Samʼoniy Ahmad ibn Muhammad Axsikatiyni adabiyot sohasida xurosonlik koʻplab fozil kishilarning ustozi boʻlganini zikr qilgan. Ahmad ibn Muhammad Axsikatiy va ukasi — „Zulmanoqib“ (Eng yuksak maqtovlar darajasidagi hayotiy sifatlar sohibi) taxallusiga ega boʻlgan. Har ikkisi Marvga koʻchib kelib, bu yerdagi xos ilm, madaniyat va „Adab ilmi“ sohasidagi bahs-munozaralarda faol va munosib ishtirok etganlar. Ahmad ibn Muhammad Axsikatiy sulton saroyi devonida kotib va turli rasoilnomalar yozishda mohir ustoz, shoir va adib sifatida xizmat qilgan. Axsikatdaligida Abulqosim Mahmud ibn Muhammad Soʻfiy qoʻlida va Marvda, Samʼoniyning bobosi Abulmuzaffar Samʼoniy qoʻlida taʼlim olgan.

Ahmad ibn Qosim Axsikatiy „Kitob fi-t-tarix“ („Tarix sohasiga oid kitob“), „Kitob fi qavlihim“ („Ularning soʻzlari haqidagi kitob“), buyuk arab shoiri Abulʼalo Maʼarriyning „Saqati-z-zand“ asariga „Az-zavoid fi sharh saqati-z-zand li-l-Maʼarriy“ nomli asarlar yozgan.[1]

  1. Qoriyev O. A. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Margʻinoniy. — T.: FAN, 2019. — B. 52. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi