Aholining milliy tarkibi
Aholining milliy tarkibi — Muayyan hudud yoki mamlakatda yashovchi aholining millatlar boʻyicha tarkibi. aholining milliy tarkibiga haqidagi maʼlumotlar aholi roʻyxati oʻtkazish va statistik roʻyxat olib borish yoʻli bilan aniqlanadi. Etnik statistika rivojlanmagan davlatlar, regionlarda esa aholining til birligiga, diniga qarab millatlarga, etnik guruhlarga ajratiladi.
Dunyo aholisining milliy tarkibini aniq bilish juda mushkul, chunki dunyoning koʻp qismlarida assimilyatsiya (qorishish) va konsolidatsiya (milliy jipslashish) jarayonlari keng tarqalgan. Ayrim mamlakatlarda oʻtkazilgan roʻyxatlarda milliy tarkibi nisbatan toʻla yoritiladi. Baʼzi hollarda esa millatlar haqida maʼlumot toʻla koʻrsatilmaydi. Shuningdek, davlatlar boʻyicha kabul qilingan etnik terminologiyada ham farq mavjud. Masalan, ingliz, fransuz, ispan tilida soʻzlashuvchi koʻpgina mamlakatlarda „Millat“ tushunchasi doimo „Davlat“ tushunchasi bilan tenglashtiriladi va „millat“ atamasi davlatga mansublik — fuqarolikni bildiradi. Shuning uchun koʻp manbalarda etnik guruxdar — xalqlar haqida maʼlumotlar uchraydi. Dunyoda qariyb 3 ming xalq roʻyxatga olingan va ular turli qitʼalarda istiqomat qiladi.
Yevropa mamlakatlari aholining milliy tarkibiga boʻyicha 3 guruhga boʻlinadi: 1) bir millatli davlatlar. Bu davlatlarning har birida asosiy millat 90 % va undan ortiqroq qismni tashkil etadi. Bu guruhga Polsha, Germaniya, Vengriya, Daniya, Shvetsiya kabi 20 dan ortiq mamlakat kiradi; 2) koʻp millatli davlatlar. Bu davlatlarga Buyuk Britaniya, Ispaniya, Shveysariya kabi mamlakatlar kiradi. Ularda asosiy millat bilan birga boshqa millatlar ham istiqomat qiladi va aholi tarkibida salmoqli oʻrinni egallaydi; 3) oraliq davlatlar. Bunday davlatlarda milliy masalaga oid muammolar toʻla hal qilinmagan. Oz sonli xalqlar va millatlarni majburan assimilyatsiya qilish siyosati amalga oshiriladi (Ispaniya, Irlandiya).
Osiyo koʻp millatliligi boʻyicha boshqa qitalardan ajralib turadi. Bu qitʼada bir millatli davlatlar juda kam. Ularga Yaponiya, Koreya va ayrim arab davlatlari — Yaman, Saudiya Arabistoni, Iordaniyani kiritish mumkin. Ayrim xalqlar bir necha davlatlar tarkibida qolib ketgan. Masalan, afgʻonlar (Afgʻoniston bilan Pokistonda), panjoblar (Pokiston bilan Hindistonda), kurdlar va boshqa
Afrika qitasi aholining milliy tarkibiga koʻra 3 etnik oblastga boʻlinadi:
- Shimoliy va Shimoli-Sharqiy Afrika. Bu rayonlarda oʻzaro yaqin arablar va barbarlar yashaydi;
- Sharkiy va Gʻarbiy Sudan. Bu yerlarda fulbe, volof, gvineyaliklar, gurlar, xausa, ibo kabi xalqlar yashaydi;
- Tropik va Janubiy Afrikada madaniyati, urf-odati va tili oʻzaro yaqin boʻlgan bantu xalqdari yashaydi.
Amerika qitʼasi aholisining milliy tarkibida koʻpchilikni (95 %) Yevropadan koʻchib borgan xalqlar va ularning aralashuvidan vujudga kelgan guruhlar yashaydi. U yerda millatlar qaysi davlatda yashasa, shu davlat nomi bilan ataladi (amerikaliklar, kubaliklar va hokazo).
Avstraliya va Okeaniya aholisini etnik tarkibga koʻra ikki qismga ajratish mumkin:
- Avstraliya va Yangi Zelandiyada inglizlar va Yangi zelandiyalik inglizlar istiqomat qiladi.
- Polineziya, Melaneziya va Mikroneziya o.larida aholi etnik qabila-qabila boʻlib yashaydi. Bu xalqlar umumiy nom bilan papuaslar deb ham ataladi. Oʻzbekiston ham koʻp millatli davlat. Respublikada 120 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Asosiy millat — oʻzbeklar (aholining 71,4 %); shuningdek ruslar (8,3 %), Tojiklar (4,7 %), Qozoqlar (4,1 %), Tatarlar (2,4 %), Qoraqalpoqlar (2,1 %) ham yashaydi (1989)[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Maʼlumotlar ombori (Wayback Machine saytida 2019-11-28 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |