Akbar Islomov
- Ushbu maqola Akbar Islomov haqidadir. Islomov familiyasi bo'lgan boshqa odamlar haqida soʻzining boshqa maʼnolari uchun bu yerga qarang.
Akbar Islomov | |
---|---|
Turkiston SSR ichki ishlar xalq komissari | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1896-yil Qoʻqon shahri |
Vafoti | 1938-yil |
Akbar Islomov — qoʻqonlik davlat va jamoat arbobi. Turkiston SSR ichki ishlar xalq komissari.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Akbar Islomov 1896-yil Qoʻqon shahrida tavallud topgan. Uning oilasi Qoʻqon xoni xizmatida yuqori mavqega ega boʻlgan. Akbar Islomov oilada 4 nafar farzandning eng kenjasi boʻlgan. U dastlab Qoʻqondagi eski maktabda soʻng, 2 yil davomida Abduvahhob Ibodiyning jadid maktabida tahsil oladi. 1910—1914-yillarda u zargarlik ustaxonasida zargarga shogird boʻlib, hunar oʻrgandi. 1914-yilda Akbar Islomov Qoʻqonda ochilgan rus-tuzem maktabida oʻqishni boshlaydi. Ammo otasining vafoti sababli oʻqishni davom ettira olmaydi. 1914-yildan u Qoʻqonning eski shahar qismida joylashgan nashriyotda harf teruvchi sifatida faoliyatini boshlaydi. Akbar Islomov Obidjon Mahmudovning „Sadoyi Fargʻona“ gazetasida ishlab, Fargʻona jadidlaring yetakchilari Ashurali Zohiriy, Nazir Toʻraqulov, Hamza Niyoziy bilan tanishadi. U 1916-yildagi mardikorlikka qarshi kurashda faol ishtirok etadi. Akbar Islomov Voskresniy koʻchasi Bolotina dorixonasi yonida joylashgan Veliskiy xususiy tipografiyasiga ishga kiradi. U yerda rus ishchilari bilan tanishib, rus tilidagi bilimlarini yanada mustahkamlaydi[1]. U Turkiston muxtoriyati tashkil topgach, muxtoriyatning tadbirlarida faol ishtirok etadi. 1918-yilning mart oyida Qoʻqondagi „Pechat ishlari“ nomli tipografiyaga ishga kiradi va „Musulmon mehnatkashlari ittifoqi“ jamoatchilik ishlarida ishtirok eta boshlaydi. 1918-yilda Qoʻqon shahar Musulmon mehnatkashlari kasaba uyushmasi raisi lavozimiga saylangan. 1918-yil soʻngida Qoʻqon shahridan Akbar Islomov Turkiston MIK aʼzoligiga saylanadi va Buxoro amirligiga yoʻllangan guruhga aʼzo etib tanlanadi. Buxorodan qaytgach 1919-yil 24-maydan Turkiston MIK ichki ishlar xalq komissari oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi. 1920-yil Toshkentga keladi va Turkiston SSR ichki ishlar xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. 1920-yil Turkiston davlat universiteti ochilgandan soʻng, Akbar Islomov birinchilardan boʻlib ishchi fakultetiga oʻqishga kirgan. Ammo oʻzining bilimidan koʻngli toʻlmay, 1924-yil yana Oʻrta Osiyo davlat universiteti qishloq xoʻjaligi fakultetiga oʻqishga kiradi. 1937-yilda u yashaydigan Toshkent shahar Oqqoʻrgʻon koʻchasi 5-uy 2-xonadon taftish oʻtkaziladi va qamoqqa olinadi. 1938-yil 4-oktabr kuni unga oliy jazo berildi va hukm shu kunning oʻzida ijro etildi[2].