Al-Hamadoniy
Al-Hamadoniy (969-1007). O‘zining qisqa hayoti mobaynida Badiuzzamon Eronning ko‘plab viloyatlariga sayohat qilgan, O‘rta Osiyoda bo‘lgan. U hamma joyda o‘zining ko‘plab risolalarida o‘z zamonining murakkab „rang-barang“ uslubini nihoyatda mukammal egallaganligini ko‘rsatgan uslubchi tilshunos sifatida shuhrat qozonganaran shoirdir.
Hayoti va Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nishopurda u turli xil uslubiy usullar yordamida mushoirada mashhur tilshunos va adib Abu Bakr al-Xorazmiyni yenga olgani ma’lum. Lekin Badiuzzumonga shuhratni uning ilmiy asarlari emas, balki ko‘plab she’riy kiritmalari bo‘lgan balandparvoz qofiyali nasrda yozilgan qisqa hikoyalari – maqomalari keltirgan. Qadimgi arablar „maqom“ yoki „maqoma“ so‘zi orqali qabila to‘planadigan joyni ifodalaganlar. Keyinchalik bu atama bilan nafaqat to‘planish joyi, balki odamlar majlisi, so‘ngra esa ushbu majlisda olib boriladigan suhbatlar ham ifodalanadigan bo‘lgan. Islom tarqalayotgan davrda xalifalar va ularning yaqinlari doirasida olib boriladigan nasihat xususiyatiga ega bo‘lgan suhbatlar ham maqoma deb atalgan. Vaqt o‘tishi bilan suhbatlarning xususiyati o‘zgargan. Shaharlar rivojlangani sayin arab tili va sheʼriyati bilan qiziquvchi odamlar doirasi kengayib borgan hamda olim-shoir o‘zining adabiy qobiliyati va tilshunoslik sohasidagi bilimlarini namoyish etishi mumkin bo‘lgan adabiy to‘garaklar borgan sari ko‘paygan. Taxminan X asrdan boshlab „maqoma“ atamasi uslub bo‘yicha nafis, jimjimador, latifalarni ifodalash uchun qo‘llana boshlagan. „Maqoma“ so‘zi maʼnosining tadrijiy rivojlanishi ushbu janr go‘zal so‘z ishqibozlarining adabiy suhbatlarida yuzaga kelgan hamda dastlab og‘zaki hikoya ko‘rinishida mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Faqat keyinroq, aftidan al-Hamadoniy ijodida, u to‘liq adabiy shaklga kirgan. Yangi janr asosan maʼlumotli shaharliklar va feodal „ziyolilar“ orasida yoyilgan hamda juda o‘ziga xos shaklda shahar tabaqalarining mamlakatda hukmronlik qilayotgan mustabidlik va feodal anarxiyaga qarshi noroziligini aks ettirgan. Xalifalikdagi hayot sharoiti, ayniqsa XI asrdan boshlab, maʼlumotli insonning adabiy faoliyati uchun qulay bo‘lmagan. Adibning mehnat bozori borgan sari toraygan. Xalifalikning ayrim viloyatlarida hokimiyatni qo‘lga olgan arab bo‘lmagan hukmdorlar arab adabiyotiga befarq bo‘lganlar va uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamaganlar. Borgan sari kuchayib borayotgan diniy toqatsizlik ham adibning imkoniyatlarini cheklagan. Bunday sharoitda u pul topish maqsadida shahardan shaharga sayohat qilgan, o‘z asarlari va badiiy badihagoyligi bilan boy homiylar boshchilik qiladigan adabiy to‘garaklarda, shuningdek shahar bozorlari, qahvaxonalari va shu kabilarda so‘zga chiqqanlar. Maʼlumotli daydilarning ushbu tipi maqomalarda mustahkamlab qo‘yilgan.
Hamadoniy ijodida maqomalarning oʻrni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bizgacha yetib kelgan maqomalarning dastlabkilari, muallifning eʼtiroficha, 400 ga yaqin maqoma yaratgan al-Hamadoniyning qalamiga mansub bo‘lib, ularning atigi 51 tasi saqlanib qolgan. Al-Hamadoniy maqomalarining bosh qahramoni sifatida epchil, tadbirkor va ayni vaqtda beg‘am adib Abul Fath al-Iskandariy qatnashadi. U hikoyadan hikoyaga o‘tgan sari o‘z kasbini o‘zgartiradi va yashash uchun mablag‘ni hiyla, baʼzan esa firibgarlik bilan topadi. Al-Hamadoniy maqomalarida hikoya savdogar Iso Ibn Hoshim nomidan yuritiladi. Uni savdo ishlari va taqdir xalifalikning turli shaharlariga tashlaydi. U „Sheʼriy maqoma“ asarida o‘zi haqida shunday deydi: "Taqdir meni Jurjonning eng uzoq qismiga tushmagunimcha bir joydan ikkinchi joyga tashlayverdi. Men taqdirga bardosh berdim: yer sotib oldim, unga qattiq ishlov berdim; savdo uchun zarur mollar sotib oldim, savdogarlarining asosiy joylariga aylangan do‘konga ega bo‘ldim, do‘stlar orttirdim. Uyimga faqat tong va tunni ajratdim, do‘konga esa qolgan barcha vaqtimni. Iroq, Eron yoki Kavkazning qaysi shahrida bo‘lmasin, Iso ibn Hoshim Abul Fathning navbatdagi qilmishlariga tasodifan guvoh bo‘lib qoladi, uni taniydi va fosh qiladi. Biroz vaqt savdogar ana shu tanishini yo‘qotadi va keyingi hikoyada u bilan yana uchrashadi. Maqomlar o‘rtasida syujet birligi yo‘q. Ularni har bir hikoyada muqarrar paydo bo‘ladigan va kitobxonni navbatdagi nayrangi bilan qoyil qoldiradigan qahramon birlashtiradi. Har bir hikoyada Abul Fath yangi qiyofada namoyon bo‘ladi: u mo‘minlarni Vizantiyaliklarga qarshi kurashga daʼvat etuvchi notiq, goh o‘liklarni tiriltirish va yo‘qolgan narsalarni topish qo‘lidan kelishiga ishontiradigan ko‘zboylag‘ich, goh qashshoq tilamchi, goh bozorda qog‘oz yozuvchi, goh imom, goh nihoyat bu dunyo neʼmatlaridan tiyilishga chaqiruvchi darvesh sifatida namoyon bo‘ladi. Grim va kiyim-boshi Abul Fathni tanib bo‘lmas darajada o‘zgartiradi hamda faqat qoyil qolarli darajadagi epchilligi va ajoyib adabiy isteʼdodi Iso ibn Hoshimga uni fosh etish imkonini beradi. Maʼlum yengiltakligiga qaramay, maqomalarning bosh qahramoni — Abul Fath o‘z holatini yetarlicha hushyor baholaydi hamda hayot tarzini jamiyatdagi ahvol bilan oqlaydi. „Pastkashlik va sharmandalikdan qo‘rqma, — deydi u maqomalardan birida, — zero seni shunga majbur qilgan zamon sendan ham yomondir. Agar uning tubanligiga qarshi kurashadigan bo‘lsang, uni yengmaysan. Farzand o‘z otasidan donoroq bo‘lishga majbur emas“[1]. Abul Fathning yashash uchun kurashdagi ixtirochiligi cheksiz. U barcha notiqlik va artistlik qobiliyatlarini ishga soladi, kerak bo‘lsa o‘z tinglovchilarini yig‘latadi yoki qo‘rqitadi, nihoyatda kuchli aql-farosati bilan hayron qoldiradi yoki cheksiz maqtanchoqligi bilan alday oladi. Abul Fathning hayotdagi shiori bo‘lib uning quyidagi so‘zlari xizmat qiladi: „Odamlar orasidagi hayoting batamom hiyla va nayrangga bag‘ishlansin. Baxt hech qachon doimiy bo‘lmaydi va men ham unga taqlid qilishga harakat qilaman… Men — buqalamunman, doimo rangimni o‘zgartirib yuraman. Men o‘z ismim va shajaramni o‘zgartirib, vaqtga moslashaman, bugun kechqurun nabatiyga, ertaga tongda esa haqiqiy arabga aylanaman“. Garchi Abul Fathning nayranglari har doim ham kutilgan natija bermasa ham quvnoq qashshoq ko‘nglini cho‘ktirmaydi. Har qanday vaziyatda u tiyrak va hayotdan mamnun bo‘lib qolaveradi. „Taqdir, — deydi u, — yolg‘onchi ro‘yo. U qanday aylansa, sen ham shunday aylanib-o‘rgil“. „Goh taqdir menga yomonlik qiladi, goh mening tiyrakligim uni yengishimga yordam beradi“[2]. Al-Hamadoniyning maqomalari odatda pand-nasihat xususiyatlariga ega bo‘lib, ularda muallifning kitobxonni kuldirish, qashshoqlar va daydilarning g‘aroyib ishlaridan yoki qahramonning shoirlik mahoratidan dalolat beruvchi qandaydir kulgili voqea bilan zavqlantirishga aniq intilayotgani sezilib turadi. Al-Hamadoniyning maqomalari mazmunan bir xil emas. Ularda Bag‘dod hayotidan janrga oid sahnalar keltiriladi, boshqalari, ularda shoir Zur Rumma yoki siyosiy arbob Sayf ud-Davla singari qahramonlar keltirilgani bois, tarixiy hikoya ko‘rinishiga ega. Ayrim maqomalar murakkab, ko‘p bosqichli tuzilishga ega (masalan, „sher haqidagi maqoma“), ayni vaqtda boshqalariga faqat qiziqarli voqea asos qilib olingan. Uslubiy jihatdan olganda, al-Hamadoniy maqomalari xalifalikdagi maʼlumotli odamlarning adabiy didlariga mos kelgan. Ular qofiyali nasrda yozilgan bo‘lib, arab ritorikasining murakkab figuralari bilan nihoyatda to‘ldirgan. Bu esa ularni faqat tor darajadagi adabiyot bilimdonlari uchungina tushunarli qilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]• "Mumtoz arab adabiyoti" Muxlisa Ziyovuddinova Toshkent-2012