Kontent qismiga oʻtish

Ali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ali
Tavalludi 17-mart 599
Vafoti 29-yanvar 661
Fuqaroligi Rashidun xalifaligi
Otasi Abu Tolib
Onasi Fotima bint Asad

Ali ibn Abu Tolib (tax. 600-yil – 661-yil, Koʻfa) – islomda „xulafo ar-roshidin“ („toʻgʻri yoʻldan borgan xalafalar“), dindorlar oʻrtasida „choryorlar“ deb atalgan dastlabki 4 xalifadan toʻrtinchisi. Quraysh qabilasining hoshimiylar xonadonidan. Muhammadning amakivachchasi va kuyovi (Fotima zahro eri). Islomda vujudga kelgan shialik harakati bevosita Ali ismi bilan bogʻliqdir.

Ali va uning oʻgʻillari
Ali

VII asr oʻrtalarida xalifa Usmon siyosatidan norozilik ommaviy tus oldi. Muhammadning barcha yurishlarida ishtirok etgan, qoʻrqmas va sodiq jangchi, oʻta taqvodor inson, mohir notiq Ali xalifalikka munosib nomzod sifatida koʻpchilikka maʼqul edi. 656 – yil iyunda Usmon oʻldirildi va Ali xalifa deb eʼlon qilindi. Ammo sahobalardan Talha va az-Zubayr hamda Aliga nisbatan adovatda boʻlgan paygʻmbarning bevasi Oysha tarafdorlari unga qarshi bosh koʻtardilar. Qatl etilgan Usmonning qarindoshi Suriya hokimi Muoviya ham Aliga qarshi urush eʼlon qildi. 657-yil Furot daryosi oʻng qirgʻogʻidagi Siffin degan joyda yuz bergan jangda Ali qoʻli baland kelgan boʻlsada, u raqiblari bilan kelishishga koʻndi. Bundan norozi boʻlgan Ali askarlaridan 12 ming kishi jang maydonini tark etdilar va xorojiylar deb atalgan diniy-siyosiy oqimni tashkin qildilar. Xorijiylar raqiblariga nisbatan yakka terror usulini qoʻllay boshladilar. 661 yil 19-yanvarda Ali Ibn Muljam degan shaxs tomonidan masjiddan chiqish paytida jarohatlanadi va ikki kundan soʻng vafot etadi. Islomda Ali shaxsiga munosabat turlichadir. Xorijiylar unga oʻta salbiy munosabat bildirgan boʻlsalar, shialar aksincha uni ilohiylashtirib yuborganlar. Ahli sunna Ali shaxsiga moʻtadil va toʻgʻri baho beradi. Shubhasiz, Ali Umar al-Xattob singari islom gʻalabasi yoʻlida katta xizmat koʻrsatgan arbob, islom ahkomlari, Qurʼon va uning tavsirlari hamda hadis rivoyatlari bilan bogʻliq koʻp masalalarning chuqur bilimdoni boʻlgan. Ali tarafdorlari keyinchalik islomdagi shialik (arab. – „shia“ – guruh, bu oʻrinda „Ali tarafdorlari“ mazmunida) oqimini tashkil etganlar. Ali shialarning qahramonliklari va sarguzashtlarini tasvirlovchi juda koʻp rivoyatlar toʻqilgan va bu sunniylar oʻrtasida ham keng yoyilgan. Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekistonda bir necha qadamjo va mozorlar Ali nomi bilan bogʻlanib, muqaddaslashtirilgan. Haqiqatda esa Ali Oʻrta Osiyo va Eronda hech qachon boʻlmagan[1].

  1. Hasanov, Ahadjon. „Ali“ OʻzME. A-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.