Amir Nasrulloh madrasasi
Madrasa | |
Amir Nasrulloh madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Buxoro viloyati |
Shahar | Buxoro |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Mulkdor | Amir Nasrulloxon |
Meʼmoriy uslub | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Amir Nasrulloxon |
Asosiy sana: XIX asr
| |
Holati | Saqlanib qolmagan |
Hujralar soni | 7 ta |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |
Amir Nasrulloh madrasasi — Buxoro madrasasi. Hozirgi kunda madrasa saqlanib qolmagan.
Amir Nasrulloh madrasasi 1860-yilda Poyi ostona guzarida[1], Buxoroda hukmronlik qilgan mangʻitlar sulolasi hukmdori Amir Nasrulloxon tomonidan bunyod etilgan. Ushbu madrasa Poyi Ostona deb ham manbalarda tilga olingan. Sharif Maxdum oʻz asarida madrasa Qoʻchqorbek guzarida boʻlib hijriy 1277-yil muharram oyida (1860-yil iyul-avgust) bunyod etilgan deb yozgan. Tarixchi Muhammad Mir Olim Buxoriy oʻz asarida Amir Nasruloxon otasi Amir Saʼid qabri yaqinida bir madrasaga qurganligini yozib qoldirgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Vaqf hujatida tepasiga „vaqfiyayi masjid va madrasa Poyi ostona“ deb koʻrsatilgan. Hujjatda madrasa pishiq gʻisht va yogʻochdan qurilgan va sayisxona va hujralardan iborat boʻlgan. Madrasa gʻarbida koʻcha, shimolida guzarning oliy masjidi, janubi va sharqida yoʻl mavjud boʻlgan. Madrasaga Amir Nasrulloxonning oʻzi mutavvalini tayinlagan. Madrasa bir kishiga uch yildan ortiq ijaraga berilmagan. Vaqf hujjati Amir Nasrulloh, qozi ul-quzzot Saburxoja ibn oxund mulla Omonullaxoja va yana bir qator shaxslar muhri bilan tasdiqlangan. Madrasada faoliyat olib borgan mudarrislar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar keltirilgan. Amir Nasrulloh madrasasi vaqf hujjatida Sadr mufti askar mulla Orif, mulla Abdugʻafur, mulla Yusuf kabi mudarrislar nomlari keltirilgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 7 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3].
Amir Nasrulloh madrasasi 7 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet.
- ↑ Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet.
- ↑ Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122-bet.