Kontent qismiga oʻtish

Artel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Artel — fuqarolarning birgalikda xoʻjalik faoliyati yuritish maqsadlarida tuzgan ixtiyoriy uyushmasi shakllaridan biri. Aksariyat hollarda artel atamasi mehnat jarayonlarini birgalikda bajarish uchun tuzilgan shirkatlarga (baliq ovlash, qishloq xoʻjaligi artellari yoki oʻz aʼzolari mehnatini umumlashtirmay, qisman ishlab chiqarish vositalariga egalikni birlashtiruvchi uyushmalarga nisbatan qoʻllanadi. SSSRda yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi tovar ishlab chiqaruvchilar xoʻjaliklari (hunarmandlar, kosiblar va boshqalar) 20-yillarning boshidan ishlab chiqarish vositalarini umumlashtirish asosida sotsialistik xoʻjalik yuritish yoʻliga oʻtkazilgan va qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, baliqchilik artellari kabi jamoa xoʻjaliklari tuzilgan edi. Ularning ishlab chiqarish rejalari davlat xalq xoʻjaligi rejasiga kiritilar edi. 80-yillar oxirida yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga doir qonunlar qabul qilingach, bunday artellar oʻz ahamiyatini yoʻqotdi. Hozir baliq ovlash, oltin izlash, kasanachilik, maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida qisman artellar saqlanib qolgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil