Kontent qismiga oʻtish

Arteriyalar emboliyasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qon oqimidagi turli xil embollar qattiq modda zarrachalari va gaz pufakchalari tufayli yuz beradigan arteriyalarning bekilib qolishi emboliya deb ataladi.

Etiopatogenezi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Embollar koʻpincha endokardit kasalligida yurak chap boʻlmasi devor tromblaridan, atrioventrikulyar klapanlar yoki yurak nuqsoni yoxud yurak urishi ritmining buzilishi (tebranma aritmiya) tufayli paydo boʻladigan yurak qorinchasidan kelib chiqadi. Embollar tromblangan qon tomirlarining anevrizm xaltachasidan yoki aortaning aterosklerotik toshmalaridan ham ajralib chiqishi mumkin. Havo pufakchalari, moy tomchilari yoki boshqa zarrachalar ham qon tomirini berkitish — embol boʻlishi mumkin. Embollar koʻpincha arteriyalar tarmoqlanadigan joylarda (bu yerlarda asosiy qon tomirdan yonbosh tarmoqlari tarqaladi) tiqilib qoladi. Koʻpincha aorta bifurkatsiyasi joyida, son arteriyalari tarmoqlanadigan joylarida, kamroq qoʻl arteriyalarida „egarsimon“ embollar kuzatiladi. Tiqin (embol) paydo boʻlganda tomirlarning yonbosh tarmoqlarida kollateral qon aylanishi birdaniga yomonlashadi, toʻqimalarning oʻtkir ishemiyasi paydo boʻladi. Embol tiqilgan joydagi arteriya devori reflektor yoʻl bilan qisqaradi, bu hol periferik qon tomirlarning spazmi bilan davom etadi. Emboldan distal tomir devorida tromb rivojlanadi.[1]

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻtkir ishemik ogʻriqlar paydo boʻladi, ular hatto morfin va boshqa ogʻriq qoldiruvchi vositalar taʼsirida ham biroz kamaymaydi. Zararlangan qoʻl yoki oyoq oqaradi, muzlaydi. Periferik arteriyalarda tomir urishi sezilmaydi, venaning toʻliq urishi pasayadi. Arteriyaning tiqin paydo boʻlgan joyi ustida pulsatsiya kuchayadi. Qoʻl yoki oyoq kuchli ogʻriq va spazm sababli faol harakat qilolmay qoladi. Bunga taktil va kuchli his qilishning buzilishi qoʻshiladi. Baʼzan kollaptoid yoki shok holati kuzatiladi. Bir necha soatdan soʻng emboldan quyi qismida oyoq yoki qoʻl terisi marmar tusga kiradi, qoʻl oyoq toʻqiraalarning asta-sekin oʻlishi yuz beradi. Ancha keyingi bosqichda epidermis qatlam-qatlam boʻlib koʻchadi, suyuqlikka toʻlgan pufakchalar paydo boʻladi, gangrena rivojlanadi.[1]


Zararlangan qoʻl yoki oyoqdagi qon aylanishini tiklash uchun shoshilinch operatsiya-embolektomiya qilish zarur. Operatsiya nekrotik oʻzgarishlar rivojlanmasdan oldin, dastlabki 4-12 soat ichida oʻtkazilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Bemor kasalxonaga yotqizilishi bilanoq dori-darmonlar berib davolanadi. Davolashni tomir xirurgiyasining maxsus boʻlimida yoki umumiy profildagi xirurgiya boʻlimida oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Darhol shokka qarshi tadbirlar koʻriladi, ogʻriq qoldiruvchi vositalar (morfin, promedol, analgin) shuningdek, spazmolitik va tomir kengaytiruvchi vositalar (papaverin, noshpa, fenikaberan 4 ml dan kuniga uch mahal; andekalin, ksantenol, teonikol, vazolastin, komplamin, solkoseril, trental, midokalm, galidor 2-4 ml dan kuniga 1 yoki 2 marta) yuboriladi. Bevosita taʼsir koʻrsatuvchi antikoagulyantlar qoʻllanadi (geparin 5000-10000 TV dan har 4-6 soatda venaga yuborib turiladi). Shuni ham unutmaslik kerakki, antikoagulyantlar va fibrinolizin embolni eritmaydi, ular faqat ikkilamchi tromb qatlami yuz berishining oldini oladi. Shuningdek, yurak dorilari, kortikosteroid gormonlar tayinlanadi. Tomir kengaytiruvchi vositalarni venaga yoki arteriyaga yuborgan maʼqul. Agar konservativ davo 1-2 soat mobaynida kor qilmasa va shox tomir emboliyasining aniq manzarasi saqlanib qolsa, u holda shoshilinch operatsiyani oʻtkazish zarur. Embolektomiya odatda, ballon tipidagi maxsus kateterlar yordamida oʻtkaziladi; embolni olib tashlash uchun maxsus metall ilmoqdan ham foydalaniladi. Vakuum soʻrgʻich yordamida soʻrib chiqarib yuborish yoki retrograd yoʻli bilan yuvib olish usulini qoʻllash ham mumkin.[2]

  1. 1,0 1,1 Oripov. Arteriyalar emboliyasi, 2, Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008-yil — 460-461-bet. ISBN 978-9943-08-238-0. 
  2. Azizova. Birinchi yordam. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006-yil — 126-bet. ISBN 978-9943-08-025-6.