Kontent qismiga oʻtish

Asad Ismatov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Asad Ismatov
Tavalludi 1907
Vafoti 1953-yil 17-fevral
Toshkent
Fuqaroligi Sovet Ittifoqi
Kasbi Aktyor
Faoliyat yillari 1935-1953
Mukofotlari

Asad Ismatov (1907-1953) — sovet oʻzbek teatr va kino aktyori. Oʻzbekiston SSR xalq artisti (1948) unvoni sohibi.

Isteʼdodli kino va teatr aktyori Asad Ismatov 1907-yilda Andijon viloyatining Ittifoq mahallasida tavallud topgan.

1924-yilda „Umid“ truppasi nomi bilan qayta tiklangan hozirgi Andijon teatriga ishga kirgan. U teatrda rejissyor, rahbar sifatida faoliyat olib borgan. Teatrda ishlab yurgan paytlarda Shillerning „Makr va muhabbat“ pyesasida Ferdinand, Gogolning „Revizor“ pyesasida shahar hokimi rolini o‘ynagan. 1928-yilda „Farhod va Shirin“ spektaklida Baxrom rolini o‘ynagan. O‘sha davrning mashhur hofizi, teatr arbobi Muhitdin Qoriyoqubov bilan uchrashuv uning hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. U Muhitdin Qoriyoqubov rejissyorlik qilgan „Arshin mol-olan“ spektaklida Sulaymon rolini o‘ynadi. Bundan tashqari teatrda „Ikki boyga bir malay“, „Ichkarida“ va „Adolat“ pyesalarini sahnalashtirgan. Keyinchalik Muqimiy teatrida K. Yashinning „Nurxon“ida Hoji, S. Abdullaning „Tohir va Zuhra“sida Qora Botir, Hamza teatrida „Alisher Navoiy“ spektaklida Husayn Boyqaro rollarini maromiga yetkazib ijro etgan[1]. 1936-yilda Toshkent kinofabrikasi taklifiga binoan aktyor Toshkentga tashrif buyurgan. 1937-yili Aleksandr Usoltsev Gaff tomonidan suratga olingan birinchi ovozli film „Qasam“da bosh rollardan biri bo‘lgan Azim obrazini gavdalantirdi. Keyinroq 1939-yilda „Azamat“ filmida Umar rolini o‘ynagan. 1943-yilda rejissyor Yakov Protazanov tomonidan suratga olingan „Nasriddin Buxoroda“ filmida choyxonachi rolini o‘ynagan. 1945 — yili suratga olingan Nabi G‘aniyevning „Tohir va Zuhra“ filmidagi Boboxon roli Asad Ismatovga katta shuhrat keltirgan. 1947-yilda Komil Yormatov suratga olgan „Alisher Navoiy“ filmida Husayn Boyqaro rolini o‘ynagan[2]. 1948-yil Nabi G‘aniyev o‘zbek mehnatkashlari hayoti aks ettirilgan Farg'ona qizi filmini suratga olgan. Ushbu filmda aktyor Jabbor ota obrazini gavdalantirgan. 1951-yilda esa „Paxtaoy“ filmida Bobo Mehnat rolini ijro etgan.

Asad Ismatov 1953-yil 17-fevral kuni Toshkent shahrida olamdan oʻtgan.

Mukofot va sovrinlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 77-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 6-iyun 2023-yil. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. „Указ Президиума Верховного Совета СССР от 6 марта 1950 года «О награждении орденами и медалями работников кинематографии СССР»“. 2021-yil 18-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-mart.