Kontent qismiga oʻtish

Asqarxon Asrorov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

A.A. Asrorov 1947-yilning 5-iyulida Toshkent viloyatida tavallud topgan. Ustoz nasl-nasablari shajarada oʻz zamonasining ziyoli, ahli ilm, madaniyati yuksak kishilaridan boʻlgan saidzoda alloma Hazrat Hoja Nuriddin boboga borib taqaladi. Ularning oilasi Toshkentning soʻlim goʻshalaridan biri boʻlmish Samarqand darboza dahasining Eshonguzar maxallasida istiqomat qilgan.

Asqar Asrorovich Nuriddin boboga 4-avlod sanalib, dadasi Said Asrorxoʻja oʻta ziyoli, serhimmat inson boʻlgan. Inqilobdan keyin ziyoli, boy odamlarga qarshi shoʻrolar siyosati Said Asrorxoʻjaning otalari Axrorxoʻjaning ham oilasini chetlab oʻtmadi. Ustozimiz yod etishlaricha Said Axrorxoʻja bobolari butun oilasi bilan dastlab Qozogʻistonga surgun qilingan, keyinchalik Tojikiston, soʻngra Sirdaryo viloyati Guliston shahriga koʻchib oʻtib, har bir yashab oʻtgan manzillarida farzandlaridan birini uylab yoki turmushga berib kelgan va shu tariqa aka-uka opa singillardan baʼzilari Qozogʻistonda va Tojikistonda, yana birlari Guliston shahrida istiqomat qila boshlashgan, qolgan farzandlari bilan Axrorxoʻja ota yana eski xovlisi Toshkentdagi Samarqand Darvoza dahasi Eshonguzar maxallasiga qaytib keladi. Bu vaqtda ushbu xovlida hikoya egasining jiyanlari koʻp bolali oilasi bilan yashayotganligiga guvoh boʻladi. Shunda Axrorxoʻja bobo barcha farzandlariga qarab, — „bu xovli endi ularniki, bu erga haq talab qilib kelmaymiz va shuni bilinglarki bu maxalladan ham boshqa xovli sotib olmaymiz, To ki bu oiladan endi hech kim hech narsa taʼma qilmasligi uchun shu qarorga keldim“ — deb, juda katta himmat koʻrsatib, xozirgi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi „54-razʼezd“ degan dahadan yangi xovli joy sotib oladilar. Ustozimiz ana shu xonadonda dunyo yuzini koʻradilar.

Taʼlim jarayoni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

A.A. Asrorov 1971-yilda Toshkent Davlat tibbiyot instituti davolash fakultetiga oʻqishga kiradi. Institutni aʼlo baholarga bitirib, 1971-1972-yillar mobaynida Toshkent Davlat tibbiyot instituti fakultet xirurgiyasi kafedrasining Toshkent toʻqimachilik kombinati tibbiy-sanitariya qismi jarrohlik boʻlimida „Xirurgiya“ mutaxassisligi boʻyicha internaturani oʻtaydi.

Kasbiy faoliyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Internaturani tugatgach „Sirdaryo GRES qurilish“ TSQ shifokor-jarroh lavozimiga ishga tayinlanadilar. Bu yerda domla dastlab shifokor-xirurg, keyinchalik poliklinika xizmati boshligʻi lavozimlarida ishlaydilar. 1974-yili Toshkentdagi 1-Respublika klinik shifoxonasi torakal jarrohlik boʻlimiga ishga qabul qilinadilar va 2 yil davomida shifokor-jarroh lavozimida mehnat qiladilar. 1976-1979-yillar davomida „Sirdaryo GRES qurilish“ TSQ davolash ishlari boʻyicha bosh shifokor muovini, keyinchalik tibbiy-sanitariya qism boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritadilar. 1979-yili zamonamizning zabardast olimi, qahramonimizning ustozlari dotsent Shavkat Ibragimovich Karimov Toshkent Davlat tibbiyot instituti 2-davolash fakulteti qoshida gospital xirurgiya kafedrasiga asos soladilar va shu kafedraga assistent lavozimiga Asqar Asrorovichni taklif qiladilar. Shu tariqa kafedrada oʻz zamonasining etuk olimlaridan pedagoglik maxoratini oʻrgana boshlaydilar. 1990-yili Toshkent Davlat tibbiyot instituti ikki institutga boʻlingach, shu kafedraning dotsenti, 1995-yildan to hayotlarining soʻnggi kunlarigacha (2005-yildan — Toshkent tibbiyot akademiyasi) davolash fakultetining 1-son fakultet va gospital xirurgiya kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat olib bordilar.

Yoshlikligidan ziyoli oilada topgan tarbiyalari, ilmga boʻlgan chanqoqlik hamda mehnatsevarliklari tufayli ustozimiz Tibbiyot institutining etuk ustoz va murabbiylari qatorida qayd etiladi.  

Ilmiy izlanishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmga boʻlgan chanqoqligi, mehnatsevarligi ustozlari Sh.I Karimovning nazaridan chetda qolmaydi. 1986-yili professor Sh.I. Karimov rahbarligida „Tarqalgan yiringli peritonit patogenetik davosini takomillashtirish yoʻllari“ mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydilar. Dissertatsiya gʻoyasi tugʻilmasidanoq uning yozilib himoya qilinguniga qadar Asqar Asrorovich juda koʻp ter toʻkib mehnat qildilar. Ustozlari professor Shavkat Karimovning koʻrsatmalari, oʻgitlari ustozimizning tunu-kun mehnat qilishga undab, har bir bemorga xos ravishda yondoshib, kuchli eʼtibor qaratib, bemorlar va kasbdoshlari orasida katta hurmat qozonadilar. Ilmiy izlanishlari samarasi oʻlaroq A.A. Asrorov 1994-yilda professor Sh.I.Karimov rahbarligi ostida „Tarqalgan yiringli peritonit yiringli-septik asoratlari va poliorgan etishmovchiligi bilan bemorlarda xirurgik va endovaskulyar yoʻl orqali profilaktikasi va davolash usullari“ mavzuisida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladilar.

A.A. Asrorov 200 dan ortiq ilmiy ishlari, jumladan 3 monografiya, patentlar, oʻquv qoʻllanmalar, uslubiy qoʻllanmalar, maqolalar chop ettirdi. Uning rahbarligida 3 ta nomzodlik dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilingan, yuzlab shogirdlarga hayot yoʻlini topishga ustoz sifatida rahbarlik qilgan. Ustoz Ixtisoslashgan Ilmiy kengash kotibi sifatida koʻp yillar mehnat qildilar.

Oʻzbekiston xirurglar assotsiatsiyasi aʼzosi, oliy toifali shifokor, oʻz kasbining fidoyisi sifatida faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻlib shoshilinch jarrohlik, meʼda-ichak trakti hamda gepatobiliar jarrohlik hisoblanadi. Minglab bemorlarga koʻrsatilgan malakali yordami tufayli koʻpchilikning hurmati va minnatdorligiga sazovor boʻlgan.