Kontent qismiga oʻtish

Samarqand darvozalari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Samarqand darvozalari - Samarqand shahridagi tarixiy darvozalar.

Samarqand oʻrta asr shahar qurilishi anʼanalari asosida bunyod etilgan. Hozirgi Samarqand shahri oʻrnida (qadimiy Samarqand — Afrosiyob yodgorligi moʻgʻullar tomonidan vayron etilmasdan ancha oldin) 10-asrdayoq turli kasbdagi aholi yashaydigan mahallalar mavjud boʻlgan. 11-asrda bu mahallalar bir nechta darvozalari boʻlgan devor bilan oʻralgan. Arab sayyohi Ibn Bammyma oʻz asarida Samarqandni Markaziy Osiyodagi eng katta, goʻzal va obod shaharlardan biri sifatida taʼriflagan. Moʻgʻullar bosqini natijasida shahar vayron qilingan (qarang Samarqand mudofaasi). Keyinchalik shahar Amir Temur tomonidan qayta tiklangan.

Shahar darvozalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mudofaa devorining koʻrinishi joyning mikrorelyefidan kelib chiqqan holda egri-bugri chiziq koʻrinishida boʻlib, bu devorlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan Boburning maʼlumotiga koʻra, uning ustida otliq bemalol yurolgan. Shahar 2 qism: gʻarb tomonda joylashgan ark va hisordan iborat boʻlgan. Umumiy maydoni taxminan 4,1 km² boʻlgan.

Shahar arkida 2 darvoza boʻlib, asosiy darvoza sharq tomonda boʻlgan. Keyinchalik u Oq darvoza nomi bilan atalgan. 2-darvoza janub tomonda boʻlgan.

Shaharning 6 ta darvozasi boʻlib, 1-darvoza — Shimoliy tomonda joylashgan Namozgoh deb atalib bu darvoza XV asrda Shayxzoda deb ham nomlangan. Undan Koʻyi Malik (Shoh yoʻl) degan yoʻl oʻtgan boʻlib Buxoroga ketilgan.

Samarqand shahrining Buxoro darvozasi. 1868-1872 yillar


2-darvoza Bob ul-Hadid deb atalib, u XV asrda Ohanin yoki Temir darvoza deb atalgan. Undan Qusam ibn Abbos mozori tomon yoʻl utgan. Shuning uchun shu nom bilan ham atalgan. Yana Qarshi darvozasi nomi bilan ham yuritilgan.

Sharq tomondagi 3-darvoza Mashhad deb nomlangan boʻlib, temuriylarga mansub boʻlgan aslzodalardan Feruz shoh nomi bilan Feruz darvozasi deb atalgan.

Janubiy tomonda 4 va 5-darvozalar joylashgan. 4-darvoza igna yasovchilar (suzangaron) mahallasi nomi bilan Suzangaron deb atalgan. 5-darvoza esa avval Korizgoh, keyinchalik esa Xoja Ahror nomi bilan atalgan.

6-darvoza gʻarbiy devorda arkdan janubroqda joylashgan bo‘lib, Chorsu darvozasi deb, keyinchalik Chorraha deb atalgan.

Me’morchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahar darvozalari badiiy jihatdan zamon ruhiga mos tarzda, ulugʻvor koʻrinishda qurilgan bo‘lib, peshtoqlarining 2 tarafida mustahkam minoralar boʻlgan, devorlari esa turli ranglarda tovlanuvchi hashamdor qoplamalar bilan bezatilgan. Darvozalar orqali ilon izi koʻrinishida yoʻnalgan va shu darvozalar nomi bilan atalgan yoʻllar shahar markazida joylashgan bozorga olib borgan. Bu yoʻllarni kengaytirish va toʻgʻri chiziq koʻrinishida qayta taʼmirlash maqsadida Amir Temurning 1404-yil bergan buyrugʻi natijasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan, lekin shu yili qish qattiq sovuq boʻlib, qalin yoqqan qor va Amir Temurning bevaqt vafoti natijasida qurilish toʻxtab qolgan.

Garchi XV asrlarga kelib, shahar asl holatini yoʻqotsada, Abu Said va uning oʻgʻli Sulton Ahmad davrida qurilish davom etdi. Ohanin darvozasidan Registon tomonga va undan Chorsu darvozasi tomon ravon yoʻllar, atroflarida sotuv rastalari qad koʻtargan. XVII asrga kelib yangi qurilishlar, taʼmirlash ishlari sustroq boʻlsa ham yana davom etadi. XVIII asrning 20-yillarida shahar inqirozga uchrab uzoq vaqt boʻshab qoldi. Shahardagi meʼmoriy yodgorliklar, jumladan, darvozalar ham harobaga aylandi. Turkistonning Rossiya tomonidan bosib olinishi natijasida Samarqandning janubi-gʻarbiy qismida rus shaharsozligi anʼanalari asosida qurilishlar boshlandi. Qadimiy bino va inshoatlarning ko‘pi buzilib ketdi, shu jumladan, darvozalar ham butunlay yoʻq qilindi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil