Kontent qismiga oʻtish

Aylanmoq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aylanmoq (feʼl) — Alisher Navoiy „Muhokamat ul-lugʻatayn“ asarida alohida taʼkidlagan yuzta feʼlning oʻn sakkizinchisi[1]. Bu feʼlning asli qadimgi turkiy tilda mavjud boʻlib, doira shaklida harakat qil maʼnosini anglatgan „ay-“ feʼliga eski oʻzbek tilida takror maʼnosini ifodalovchi „-la“ va oʻzlik maʼnosini ifodalovchi „-n“ qoʻshimchalari qoʻshib hosil qilingan. Aylanmoq feʼli Navoiy asarlarida turli maʼnolarda qoʻllangan:

1) aylanmoq, buralmoq; yon atrofida yurmoq:

Ikki parvonaki, bir shamʼ ustiga aylansalar,

Gah muvofiq, gah muxolif, shak yoʻq oʻlmoq muhtariq.

(„Favoyid ul-kibar“, 310-gʻazal)[2]

2) kezmoq; hozir boʻlmoq:

To buzugʻ koʻnglum aro zulfung xayoli aylanur,

Ajdahoyedurki, bir vayrona ichra toʻlgʻonur.

(„Favoyid ul-kibar“, 139-gʻazal)[2]

3) oʻzgarmoq:

…bu adolat avjining toʻlun oyigʻa kamlik yuzlanmasun va bu saltanat burjining xurshidi olamoroyi kamol darajasidin aylanmasun. („Majolis un-nafoyis“, 8-majlis)[3]

4) qaytmoq, yuz oʻgirmoq:

…oʻz aqidalaridin aylanib, faqirning aqidasigʻa keldilar. („Xamsat ul-mutahayyirin“, 1-maqolat)[4]

5) oʻgirilmoq, burilmoq:

Tavajjuh haq subhonahu taologʻa yuzlanmak va ul yon aylanmoqdur va xalqdin taalluq torini uzub, anga ulanmoqdur. („Mahbub ul-qulub“, 86-tanbeh)[5][6]

  1. "Muhokamat ul-lugʻatayn". 
  2. 2,0 2,1 "Favoyid ul-kibar". 
  3. "Majolis un-nafois". 
  4. "Xamsat ul-mutahayyirin". 
  5. "Mahbub ul-qulub". 
  6. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat".