Kontent qismiga oʻtish

Ayollarning saylov huquqi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ayollar ijtimoiy va siyosiy ittifoqi (WSPU) rahbarlari: Enni Kenni (chapda) va Kristabel Pankhurst.

Ayollarning saylov huquqi — ayollarning saylovlarda ovoz berish borasidagi huquq va erkinligidir. XIX-asr oxirigacha Finlandiya, Islandiya, Shvetsiya, Avstraliya kabi baʼzi mustamlaka davlatlar va AQShning baʼzi gʻarbiy shtatlarida ayollar cheklangan boʻlsa-da, saylov huquqiga ega boʻlgan[1]. Shu davrdan boshlab ayollar harakati doirasida ayollarning saylov huquqi va erkaklar bilan teng fuqarolik huquqlari uchun kurashlarni olib borish uchun milliy hamda xalqaro tashkilotlar tuzila boshlandi. Bunday tashkilotlardan eng muhimi, 1904-yilda tashkil etilgan Xalqaro ayollar saylov alyansidir[2].

1893-yil Britaniya imperiyasining mustamlakasi boʻlgan Yangi Zelandiya ayollari ovoz berish huquqini qoʻlga kiritgan. Bu huquq 1894-yil Janubiy Avstraliyaga ayollariga berilgan[3], 1899-yil Gʻarbiy Avstraliya hududiga ham bunday huquq berilgan[4]. 1902-yilga kelib ayollar barcha koloniyalarda, yaʼni butun Avstraliya boʻylab saylov huquqiga ega boʻldi. Ammo mahalliy avstraliyalik aborigenlarga, shu jumladan, aborigen ayollarining ovoz berishi huquqiga oid kamsituvchi qonunlar 1962-yilgacha oʻz kuchida qoldi[5][6].

Yevropada ayollarning ovoz berish huquqini qoʻlga kiritgan birinchi mamlakat Finlandiya boʻlib, u yerda 1907-yilgi parlament saylovlarida dunyodagi ilk ayol deputatlar saylangan. 1913-yilga kelib, bu masalada Norvegiya Finlandiyaning ortidan ergashdi. 1917-yil Rossiyadagi Muvaqqat hukumat davrida bu huquq ayollarga berilgan. 1918-yil yangi tashkil etilgan Ozarbayjon Demokratik Respublikasida musulmon mamlakatlari orasida ilk bor ayollar bunday huquqqa ega boʻldi.

Birinchi jahon urushidan soʻng, ayollar 1917-yilda Kanadada, 1918-yilda suffragetlar (ayollar haq-huquqlari uchun kurashuvchi harakat) tomonidan olib borilgan koʻp yillik tashviqotdan soʻng Buyuk Britaniyada bunday huquqqa ega boʻldi. AQShda esa 1920-yilda konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirish bilan ayollarning ovoz berish huquqi taʼminlandi. Bir tomondan, Birinchi jahon urushi bu masalaga qarashlarni oʻzgartirishda muhim rol oʻynadi. Urush vaqtida ayollarning gʻalabalarga hissasi ularning erkaklardan past turishi haqidagi tasavvurga va ayollar ovoz bermasligi kerak degan argumentga bolta urgan. Lesli Humning fikriga koʻra, agar ayollar oʻq-dori ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlash imkoniga ega boʻlsa, ularning ovoz berish kabinalariga kirishiga toʻsqinlik qilish maʼnosiz boʻlar edi. Biroq, Humning taʼkidlashicha, ovoz berish huquqi urushdagi hissalar uchun mukofot boʻlmasligi kerak. Shuningdek, urush davrida ayollarning mehnati ularning jamoat ishlaridagi ishtiroki borasidagi hadikni deyarli yoʻqqa chiqardi[7].

1934-yil 5-dekabrdan boshlab Turkiyada ayollarga saylash va saylanish huquqi berildi. Fransiyada esa ancha keyinroq, yaʼni 1944-yil 4-oktyabr kuni qonunga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan ayollarga saylash va saylanish huquqi berilgan edi. 1945-yil 29-aprelida boʻlib oʻtgan munitsipalitet saylovlarida ilk bor qatnashgan ayollar 1945-yilning 21-oktabrida parlament saylovlarida ham ovoz berishdi.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng Birlashgan Millatlar Tashkiloti ayollarning saylov huquqi masalasini kun tartibiga qoʻydi. 1979-yilda qabul qilingan va 189 davlat aʼzo boʻlgan „Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida“gi Konvensiyada saylov huquqi asosiy huquqlardan biri sifatida belgilab qoʻyilgan.

Ozarbayjon islom davlatlari ichida ayollarga saylov huquqini bergan ilk davlatdir. U yerda ayollar 1918-yildan buyon saylov huquqiga ega[8].

  1. Woman Suffrage and Women's Rights. NYU Press, 1998 — 174-6-bet. ISBN 9780814719015. Qaraldi: 31-mart. 
  2. Allison Sneider, „The New Suffrage History: Voting Rights in International Perspective“, History Compass, (July 2010) 8#7 s. 692-703,
  3. „Women's Suffrage Petition 1894“ (PDF). parliament.sa.gov.au. 30-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 31-mart.
  4. „Legislative Assembly“. The West Australian (15 aralık 1899). 2 şubat 2017da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23 ocak 2017.
  5. „Foundingdocs.gov.au“. Foundingdocs.gov.au. 1 haziran 2011da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 ocak 2011.
  6. „First in the World“. Elections.org.nz. New Zealand Electoral Commission (15 şubat 2013). 13 ağustos 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 18 haziran 2016.
  7. The National Union of Women's Suffrage Societies 1897-1914. Routledge, 2016 — 281-bet. Qaraldi: 31-mart. 
  8. „Arşivlenmiş kopya“. 11 ağustos 2019da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11 ağustos 2019.