Kontent qismiga oʻtish

Barbados

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Bárbádọ̀sdan yoʻnaltirildi)
Barbados
ShiorPride and Industry
Gʻurur va Sanoat
Madhiya: In Plenty and In Time of Need
Location of Barbados
Poytaxt Brijtaun
Rasmiy til(lar) Ingliz tili
Hukumat Hamdoʻstlik
• Prezident
Sandra Meyson
Mia Motley
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan)
• Sana
30-noyabr 1966
Maydon
• Butun
431 km2 (200-oʻrin)
• Suv (%)
<1
Aholi
• 2021-yilgi roʻyxat
287,708 (185-oʻrin)
• Zichlik 669.1/km2
YIM (XQT) 2019-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$5,398 mil. (157-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$18,798
Pul birligi Barbadosning dollar (BBD)
Vaqt mintaqasi UTC–4
• Yoz (DST)
UTC–4
Qisqartma BB
Telefon prefiksi 1
Internet domeni .bb


Barbados — Markaziy Amerikada, Kichik Antil orollarining Barbados orolida joylashgan davlat. Maydoni 430 km². Aholisi 411 ming kishi (2023-yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra). Poytaxti — Brijtaun shahri.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Barbados — Buyuk Britaniya boshchiligidagi. Hamdoʻstlik tarkibida mustaqil davlat. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qirolichasi (qiroli), hokimiyatni general-gubernator amalga oshiradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali parlament; u senat va majlis palatasidan iborat. Ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Bosh vazirni general-gubernator tayinlaydi va vazirlar bosh vazirning tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Barbados — marjonsimon ohaktoshlardan tarkib topgan tropik orol. Yer yuzasi orol markazi tomon zina shaklida (balandligi 340 m gacha) koʻtarilib boradi. Shimoli-sharqda orol dengiz tomon tik kesilib tushadi. Orol boʻyining qolgan qismidagi mayin oq-pushti yaltiroq qumsogʻillar atrofi baland palmalar bilan oʻralgan. Ular orqasidan shakarqamishzorlar boshlanadi. Koʻplab yogʻadigan yomgʻir yer gʻovaklariga singib, yer osti daryolari va koʻllarini hosil qiladi; marjon ohaktoshlar esa tabiiy filtr vazifasini oʻtaydi. Barbados iqlimi tropik, passat. Eng iliq oy (sentyabr)ning oʻrtacha harorati 27°, eng salqin oy (fevral)ning oʻrtacha harorati 25°. Yillik yogʻin miqdori 1400 mm gacha. Quruq mavsum (dekabr— iyun)dagi tropik jaziramada Atlantika okeanidan esadigan Shimoli-sharqiy passat haroratni pasaytiradi, doimo yoqimli shabada esib turadi. Barbados sohili anvoyi tur va rangdagi oʻsimliklar va bahaybat daraxtlar bilan qoplangan.[1]

Asosiy aholisi Barbadosliklar. Hozirgi etnik tarkibi: afrikaliklar (negrlar) 80%, duragaylar 16%, yevropaliklar 4%. Yevropaliklar orasida ingliz mustamlakachilarining avlodlari ajralib turadi. Ular siyosiy hokimiyatni negrlardan iborat koʻpchilik qoʻliga topshirgan boʻlsalar ham, mamlakat iqtisodiy hayotida hamon yetakchi mavqega ega. Yevropaliklar orasida "kambagʻal oqtanlilar" deb atalgan oʻziga xos guruh bor. Ular shartnoma asosida yollangan yoʻqsul xizmatkorlar va Irlandiyadagi 17- a. qoʻzgʻolonlarining badargʻa qilingan qatnashchilari avlodlari boʻlmish redlegxlardir. Davlat tili — ingliz tili. Dindorlar, asosan protestantlar. Barbados aholisining zichligi jihatidan Amerikada eng yuqori oʻrinda turadi (1 km² ga salkam 600 kishi). Yaqin vaqtgacha aholining tabiiy koʻpayishi 3% edi, hukumatning tugʻilishni cheklash siyosati natijasida bu koʻrsatkich 1%ga tushdi. Aholining yarmisi — 20 yoshga yetmagan yigit qizlar. Katta yoshdagi aholining savodxonligi — 99%ni tashkil etadi. Aholining 38% shaharlarda yashaydi.[1]

Yevropaliklar kelgunga qadar orolda indeyslarning arvak va karib qabilalari yashagan. 1518-yil Barbadosni ispanlar kashf etishgan, 1625-yilgacha Ispaniyaning mustamlakasi boʻlgan, oʻsha yili uni Angliya bosib olgan. Mustamlakachilar bu yerda tamaki va shakarqamish plantatsiyalarini barpo qilib, Afrikadan koʻplab negrlarni keltirib ishlata boshladilar. Asta-sekin yevropaliklar kamayib, negrlar koʻpayib bordi. 1834-yilda qullik bekor qilindi. 1961-yilda Barbados ichki oʻz-oʻzini boshqarish hukuqini oldi, 1966-yilda mustaqillikka erishdi. Milliy bayrami — 30-noyabr— Mustaqillik kuni. 1966-yildan Barbados —BMT a’zosi.[1]

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Barbados leyboristlar partiyasi, 1938-yilda tuzilgan; Demokratik leyboristlar partiyasi, 1955-yilda asos solingan; Milliy-demokratik partiya. Barbados ishchilar ittifoqi, 1941-yilda asos solingan, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.[1]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil