Uslub
Uslub — tilning inson faoliyatining muayyan sohasi bilan bogʻliq vazifalariga koʻra ajratilishi. Kishilar faoliyatning barcha sohalarida aloqa qilish jarayonida tildagi leksik, frazeologik, grammatik va fonetik vositalarni tanlash va ishlatishda bir-birlaridan maʼlum darajada farq qiladilar. Umumxalq tili doirasida til vositalarining bunday tanlab olinishi nutqning xilma-xil koʻrinishlarining paydo boʻlishiga olib keladi. Nutq uslubi tilning vazifasi bilan bevosita bogʻliq boʻladi. Shuning uchun ham ular vazifaviy (funksional) uslub deb yuritiladi. Vazifaviy uslub deganda, tildan farq qiladigan qandaydir alohida narsa tushunilmaydi, balki aniq bir adabiy til tarkibi ichida qaraladigan, oʻziga xos xususiyatlari, xizmat qilish doirasi bilan oʻzaro farq qilib turadigan yordamchi tizim tushuniladi. Vazifaviy uslub nutq koʻrinishlarining asosiy vazifalariga, yaʼni aloqa, xabar berish, taʼsir etish vositasi boʻlishiga koʻra turli qismlarga boʻlinadi. Adabiy tilning quyidagi vazifaviy uslublari mavjud: 1) soʻzlashuv uslubi; 2) rasmiy uslub; 3) ilmiy uslub; 4) publitsistik uslub; 5) badiiy uslub. Vazifaviy uslubni nomlash va atash ham ularning qanday aloqa doirasida ishlatilganligiga qarab belgilanadi.
Soʻzlashuv uslubi — kishilarning kundalik norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birliklarining oʻziga xos amal qilishidir. Vazifaviy uslubning bu turi oʻziga xos ish koʻrsatish sharoiti, yaʼni fikr olishuvning bevositaligi, til vositalarini saylab ishlatilmasligi bilan, shuningdek, ohang vositalari, mimika, imo-ishora kabilardan keng foydalanish, oddiy leksik va frazeologik birliklarning, ekspressivemotsional vositalarning keng ishlatilishi bilan ajralib turadi. Masalan, farzand — jujuq, dunyodan oʻtmoq — jon bermoq, imtihondan oʻta olmaslik — imtihondan yiqilmoq kabi juftliklarning ikkinchisi asosan soʻzlashuv uslubiga xos. Soʻzlashuv uslubi fonetik, leksik, morfologik va sintaktik oʻziga xosliklarga ega.
Rasmiy uslub (rasmiy ish qogʻozlari uslubi) — hozirgi oʻzbek adabiy tilining rasmiy yozishmalar va yuridik ishlarda amal qiladigan bir koʻrinishidir. Qonunlar matnlari, farmonlar, buyruq va koʻrsatmalar, shartnomalar, har xil rasmiy hujjatlar, tashkilotlar oʻrtasidagi yozishmalar rasmiy uslubda yoziladi. Bu uslub boshqa uslubdan lugaviy va grammatik xususiyatlari jihatidan farqlanadi. Rasmiy uslubda soʻz va soʻz shakllarini qoʻllashda muayyan chegaralanishlar mavjud. Xususan, rasmiy ish uslubida kichraytirish, erkalash qoʻshimchalarini olgan soʻzlar, koʻtarinki, tantanavor yoki shevaga oid soʻzlar, tor doiradagi kishilargina tushunadigan soʻzlar, oʻxshatish, mubolagʻa kabi obrazli tafakkur ifodasi uchun xizmat qiluvchi shakllar ishlatilmaydi. Rasmiy ish qogʻozlari matnining xolislik, aniqlik, ixchamlik, mazmuniy toʻliqlikdan iborat zaruriy sifatlari undagi oʻziga xos soʻz qoʻllash, morfologik va sintaktik xususiyatlar orqali taʼmin etiladi. Bu uslubdagi gap qurilishi, odatda, tasniflovchi, qayd etuvchi va qaror qiluvchi qismlarning birligiga asoslanadi. Shuning uchun ham rasmiy ish qogʻozlari (hujjatlar)da nisbatan uzun jumlalar, murakkablashgan, uyushiq boʻlakli gaplar koʻp qoʻllanadi. Rasmiy gap tarkibida odatdagi soʻz tartibiga qatʼiy rioya qilinadi. Rasmiy uslubda soʻroq va undov gaplar deyarli qoʻllanmaydi, asosan, darak va buyruq gaplar ishlatiladi. Matn birinchi shaxs yoki uchinchi shaxs tilidan yoziladi. Rasmiy ish qogʻozlari matnini tuzishda turgʻunlashgan, qoliplashgan soʻz birikmalaridan keng foydalaniladi. Masalan, buyruqda"... soʻm maosh bilan... lavozimiga tayinlansin", yoki xizmat yozishmalarida "Sizga...ni maʼlum qilamiz". "...ga korxona kafolat beradi" kabi qoliplashgan tuzilmalar qoʻllanishi mumkin.
Ilmiy uslub — fan, texnika va ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan vazifaviy uslubdir. Bu uslubda tabiat va ijtimoiy hayotdagi hodisalar aniq taʼriflanadi, tushuntiriladi. Vazifaviy uslubning bu turi terminologik va mavhum leksikaning, murakkab sintaktik tuzilmalarning qoʻllanishi, soʻzlarning asosan aniq, toʻgʻri maʼnoda ishlatilishi, maxsus iboralarga egaligi va shu kabilar bilan ajralib turadi. Ilmiy uslubda yana fanning turli sohalariga oid ramz (simvol) va belgilar, raqamlar ham ishlatiladi. Ilmiy uslub oʻz ichida quyidagi mayda uslublarga boʻlinadi: ilmiy ish uslubi, ilmiy-texnik uslub, ilmiy-ommabop uslub, ilmiy-publitsistik uslub. Fanning u yoki bu sohasiga tegishli tushunchalarni ifodalovchi atamalarga boyligi ilmiy uslubning eng asosiy xususiyatlaridan biridir.
Publitsistik uslub vazifaviy uslubning bir turi boʻlib, u ijtimoiy, siyosiy soʻz va iboralarning qoʻllanishi, janrlarning xilma-xilligi va buning natijasida til vositalaridan uslubiy foydalanishning rang-barangligi va shu kabilar belgilar bilan xarakterlanadi. Publitsistik uslub ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarda, vaqtli matbuotda, siyosiy chiqishlarda, majlislardagi nutqlar va shu kabilarda oʻz ifodasini topadi. Ijtimoiy-siyosiy bilimlarni targʻib qiluvchi va keng xalq ommasiga yetkazuvchi vosita sifatida bu uslub tilining rang-barangligi bilan kishilar ongiga koʻproq taʼsir etadi. Publitsistik uslubning yana bir xususiyati shundaki, unda qisqalik asosiy oʻrinni egallaydi, yaʼni qisqa, loʻnda, tushunarli, yorqin, ixcham tilda yozish asosiy talablardan hisoblanadi. Publitsistik uslubda til vositalaridan foydalanishda muallifning individual uslubi deyarli ajralib yoki sezilib turadi. Ayniqsa, bu holat ocherk, felyeton, badiiy publitsistik makrlarda tez koʻzga tashlanadi. Badiiy uslubda ham bu holat mavjud; rasmiy uslubda esa bunday xususiyat yoʻq. Publitsistik uslub baʼzi qoʻllanma va ilmiy adabiyotlarda "ommabop uslub", "matbuot uslubi" kabi atamalar bilan ham nomlanadi.
Badiiy uslub — tilning kommunikativ va estetik vazifalari birligi bilan boshqa uslubga xos unsurlardan keng foydalanishi, ekspressiv va tasviriy vositalarning koʻp ishlatilishi, soʻzlarning obrazli, koʻchmametaforik qoʻllanishi va shu kabi belgilari bilan ajralib turadi. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud boʻlgan barcha lugʻaviy birliklarning ishtirok etaverishi va ularning muhim bir vazifaga — estetik vazifani bajarishga xizmat qilishini badiiy nutq uslubining oʻziga xos xususiyati deb qarash kerak boʻladi, chunki ana shunday imkoniyat boshqa vazifaviy uslubda chegaralangandir. Adabiy tilda dialektizmlar, jargonlar, varvarizmlardan, dagʻal soʻzlardan foydalanish maqsadga muvofiq boʻlmagani holda ularni badiiy uslubda oʻrni bilan qoʻllash mumkin. Vazifaviy uslubning hech birida til oʻzining tuzilish jihatlari, lugʻat tarkibi, yaʼni soʻzning maʼno boyligi va rang-barangligini, toʻgʻri va koʻchma maʼnolarni badiiy nutq uslubidagichalik namoyish qila olmaydi, grammatik qurilishi, yaʼni gaplarning barcha tiplari bilan ishtirok eta olmaydi. Badiiy adabiyotning barcha janrlarida soʻz ishlatish va soʻz tanlash imkoniyatlariga bir mezon bilan yondashib boʻlmaydi. Har qaysi adabiy janrning tasvir usuli, soʻz tanlash yoʻsini shu janrdagi asarning umumiy mavzusiga, janr turiga bogʻliq boʻladi. Masalan, bayon shaklida yozilgan roman, hikoyaning til vositalari bilan satirik yoki yumoristik asarning til vositalari bir xil emas. Bulardan tashqari, sinonim soʻzlarning u yoki bunisidan foydalanish ham badiiy asar janriga bogʻliq. Masalan, bashar, samo, oraz, mujda soʻzlari, asosan, nazmda qoʻllanadi. Nasrda yoki soʻzlashuv nutqida esa bularning ma'nodoshlari — odam, osmon, yuz, shamol, xushxabar soʻzlari keng qoʻllanadi. Badiiy nutq uslubida yozilgan asarlarni tasviriy vositalarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Uslubiy figuralar deb ataluvchi tasvir vositalari — inversiya, takror, oʻxshatish, sifatlash, metafora, jonlantirish, antiteza, gradatsiya, ellipsis, ritorik soʻroqlarning badiiy uslubda faol qoʻllanishi bu uslubning oʻziga xos tarkibi mavjudligini koʻrsatadi. Til vositalarining vazifaviy chegaralanishi ularning nutq jarayonida ham farqlash zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbek tili stilistikayei, T., 1983; Qoʻngʻurov R., Begmatov E., Tojiyev Yo., Nutqmadaniyati vauslubiyatasoslari. T., 1992.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |