Kontent qismiga oʻtish

Felyeton

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Felyeton (fransuzcha: feuilleton < feuille — varaq, varaqa) — badiiy publitsistik janr. Ijtimoiy hayot masalalarini satira va yumor vositasi bilan, yaʼni ijtimoiy kulgi asosida yoritadi hamda ijtimoiy tanqid uchun xizmat qiladi.

Felyeton deb dastlabki davrda matbuotda berilgan ijtimoiy-siyosiy, adabiy-tanqidiy mavzudagi qiziqarli va alohida ajratib koʻrsatilgan material larga aytilgan. „Turkiston viloyatining gazeti“da bosilgan ayrim adabiy mavzudagi materiallar, jumladan, shoir Mahtumquli va Ogahiy haqidagi maqolalar mazkur rukn ostida berilgan. Keyinchalik, jamiyat taraqqiy etishi bilan bu ruknda ijtimoiy xayotda uchraydigan nuqson va kamchiliklarni kulgi tanqidi ostiga oluvchi materiallar chop etila boshlagan.

Felyeton hajviy publitsistikaning alohida janri boʻlib, ijtimoiy hayotda muhim oʻrin tutadi. Mazkur janrning asosiy vazifasi jamiyat hayotining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy tomonlarini qamrab olgan holda oʻzida aks ettirish, mazkur sohalarda uchraydigan kamchilik, nuqson, ijtimoiy illatlarni fosh etish, bu kamchilik va nuqsonlarning tugatilishiga erishish, binobarin, jamiyat hayotining taraqqiyotiga ijobiy taʼsir kursatishdan iborat. Felyetonning tanqidiy maqola va boshqa janrlarga oid materiallardan farqi — uning hajviy publitsistika qonuniyatlariga asoslanishi, yaʼni ijtimoiy kulgi, satira va yumor vositalariga tayanishidadir. Ijtimoiy kulgining xil va koʻrinishlari turlicha boʻlib, ular orasida kinoya, piching, hazil, yengil kulgi kabilar bilan bir qatorda zaharxandali kulgi, ijtimoiy masxaralash, grotesk (ataylab boʻrttirilgan kulgi) kabi hajv vositalari ham mavjud. Felyetonda ijtimoiy kulgining ana shu serqirra usullaridan keng foydalaniladi.

Felyeton oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifasiga koʻra 2 xil — maʼlum faktga asoslangan va umumiy felyeton boʻlishi mumkin. Maʼlum faktga asoslangan felyetonda hayotdan olingan aniq faktlar, muayyan odamlarning ijtimoiy nuqsonlari, faoliyatlaridagi kamchiliklari koʻrsatiladi (Furqatning „Hind nayrangbozi Yorkentda“, Abdulla Qodiriyning „Toshkent boylari“ va boshqalar). Umumiy felyeton esa hayotdagi biror ijtimoiy illat, nuqson va muammolar haqida boʻlib, unda mazkur masalalar hajviy mushohada etiladi va tanqid qilinadi (Abdulla Qodiriyning „Kalvak mahzumning xotira daftaridan“, Abdulla Qahhorning „Quyushqon“ va boshqalar).

Felyeton yozilish uslubi jihatidan hikoya felyeton, publitsistik felyeton, felyeton sharh, felyeton taqriz, felyetonlar turkumi kabilarga boʻlinadi. Bularning har birida felyetonga xos umumiy xususiyatlar bilan birgalikda alohida tasviriy uslub, ijodiy yoʻnalish mavjud. Felyeton janrining felyeton reportaj, felyeton suhbat, felyeton kundalik va boshqa shakllari ham bor. Felyeton nasriy boʻlishi bilan birlikda sheʼriy ham boʻlishi mumkin. Sheʼriy felyeton badiiy adabiyotning muhim turi bulgan hajviy sheʼriyat talablariga javob berishi, shuningdek, oʻzida publitsistik xususiyat ham kasb etishi, xayotda uchraydigan va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan illatlarni kulgi, tanqid ostiga olishi lozim. Masalan, Gʻafur Gʻulomning 1930-yillarda yaratilgan „Qoʻltiqlangan kalla toʻgʻrisida qofiyali vaʼz“ hajviy sheʼri oʻzbek xajviy publitsistikasida yaratilgan birinchi sheʼriy felyeton boʻlgan.

Hajviy publitsistikaning eng murakkab va mukammal asarlaridan biri bu felyetonlar turkumidir. Bunday badiiy-publitsistik asarlar bir necha felyetonlardan tashkil topadi. Felyetonlar turkumi ham ijtimoiy hayotning eng muhim masalalariga, koʻzga koʻrinarli illat va nuqsonlarini fosh etishga bagʻishlanadi va bir yoki bir necha mualliflar tomonidan yozilishi mumkin. Bunday hajviy-publitsistik asar felyetonchidan hayotni chuqur kuzatishni, katta hajviy publitsistik mahoratni talab qiladi. Maʼlum bir hajviy tip bilan bogʻlangan felyetonlar turkumi hajviy publitsistikaning eng murakkab asarlaridandir. Bunday felyetonlar turkumiga Abdulla Qodiriyning „Kalvak maxzumning xotira daftaridan“, „Toshpoʻlat tajang nima deydir?“ kabi asarlari misol boʻla oladi. Mohir felyetonchi toʻqima obrazlar — Kalvak maxzum va Toshpoʻlat tajang obrazlari orqali oʻz davrining ijtimoiy illatlarini ochib tashlagan. Hajviy publitsistikaning bu ijodiy anʼanasi hozirgi oʻzbek hajviy matbuotida ham qoʻllanib kelmokda.

Felyeton badiiy publitsistika janri boʻlganligi sababli, unda turli badiy vositalar, jumladan, badiiy toʻqima ham ishtirok etadi. Ammo felyetonda badiiy toʻqima adabiy asarlardagidan farkli ravishda cheklangan koʻrinishga ega. U felyetonning asosi boʻlib xizmat qilayotgan fakt va voqealardan, „qahramon“lar feʼlatvorlarining mantiqidan kelib chiqishi lozim. Felyetonda obraz muhim oʻrin tutsada, badiiy adabiyot asarlaridan farqli ravishda, unda obraz publitsistik xarakterga ega boʻladi.

Jahon matbuoti tarixida felyeton janri muhim oʻrin tutib kelgan. Oʻzbekistonda ham mazkur janrning tarixi uzoq zamonlarga borib taqaladi. Hali matbuot vujudga kelmasdan ilgari mazkur janrning funksiyalarini yozma hajviy adabiyot bajarib kelganligi maʼlum. Alisher Navoiyning hayotdagi ijtimoiy adolatsizlik, zulm-zalolat va boshqa illatlarga qarshi qaratilgan asarlarini bu janrning oʻsha davrdagi koʻrinishlari, deyish mumkin. Keyingi davrlarda ijod qilgan Turdi Farogʻiy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy va boshqalarning oʻz davridagi muxim ijtimoiy illatlarni fosh etgan hajvlarini mazkur janrning yorqin namunalari, deyish mumkin. Oʻzbekistonda dastlabki matbuot nashrlari paydo boʻlishi bilan felyeton janri matbuot janri sifatida ish koʻra boshladi va tez suratlar bilan taraqqiy etdi. Ayniqsa, XX asrning boshlarida maydonga kelgan jadid matbuoti sahifalaridan felyeton janri keng oʻrin oldi va rivojlandi. Mazkur janrning vujudga kelishi va taraqqiy etishida Hamza, Tavallo, Choʻlpon va boshqa katta xizmat qildilar. Abdulla Qodiriy 1920-yillarning mohir felyetonchisi sifatida samarali ijod qildi. Oʻzbek hajvi ustalari Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom ham mazkur janrning rivojiga salmoqli hissa qoʻshdilar.

Oʻzbekistonda 1990-yillardan publitsistikaning boshqa janrlari qatorida felyeton janri ham keng rivojlandi, uning bir qator yangi turlari, jumladan, radiofelyeton, telefelyetonlar vujudga keldi.

Muxtor Xudoyqulov.