Kontent qismiga oʻtish

Baqo Tojiyev

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Baqo Hamidovich Tojiyev (1913 — Samarqand — 1989.1.9) — aktyor, rejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti (1978). Tojiyev xarakterli rollar ustasi sifatida tanilgan. Yaratgan obrazlarini yorqin boʻyoqlarda koʻrsatish, ijroda kuchli dramatizm, ifoda vositalarini toʻgʻri va aniq tanlash, sahna madaniyatini oʻz meʼyorida ushlab turish uning ijodiga xosdir. Tojiyevning yirik xarakterdagi taʼsirchan obrazlari teatr sanʼatiga katta hissa boʻlib qoʻshildi: Shodi (U. Ismoilov, "Hodi va Shodi"), Umurzoq, Xolmat, Roʻzi aʼlam (Hamza, "Xolisxon", "Boy ila xizmatchi", "Maysaraning ishi"), vazir Qoraxon (S. Hayitboyev, H. Razzoqov, "Nodira"), Shopur (Navoiy, "Farhod va Shirin"), Mahkamboy (Sh. Saʼdulla, D. Zokirov, "Dalada bayram"), Boltaboy, Oʻrgilsin togʻa (D. Fayziy, "Zarafshon kizi", "Atlasxon"), Rodrigo (U. Shekspir, "Otello"), Pramod (P. Dos, "Buzilgan bola"), Agnostoz (G. Figeyredo, "Ezop"), Sulaymon (U. Hojibekov, "Arshin mol olon"), Farhod (X. Muxtorov, "Muhabbat guli") kabi fojiaviy va hajviy, dramatik rollari bilan tanilgan. Rej. sifatida "Muhabbat guli" (X. Muxtorov), "Farzand", "Onalar" (Soli Ismoilzoda), "Nurxon", "Gulsara" (Komil Yashin), "Kim aybdor?" (O. Tolipov), "Ayajonlarim" (Abdulla Qahhor), "Besh kunlik kuyov" (Shuhrat), "Kampirning makri" (G. Stefanskiy) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. T. bir qancha filmlar ("Pomir bolalari", "Qora koʻlankalar", "Ulugʻbek yulduzi", "Hamza", "Farzandlar" kabi)da ham suratga tushgan.