Kontent qismiga oʻtish

Hoshimjon Razzoqov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Razzoqov Hoshimjondan yoʻnaltirildi)
Hoshimjon Razzoqov
Tavalludi 1916-yil
Vafoti 1982-yil 15-mart
Andijon
Kasbi yozuvchi

Hoshimjon Razzoqov (1916-yil Andijon viloyati Koʻnchi qishlogʻi — 1982-yil 15-mart, Andijon) — adabiyotshunos, folklorshunos olim. 1972-yilda Filologiya fanlari doktori, 1973-yilda professor boʻlgan. Zavqiy, Hayratiy, Oraziy kabi shoirlar asarlarini nashr ettirgan. „Fargʻona chashmalari“ sheʼrlar toʻplami va „Nodira“ pyesasini yozgan[1].

Hoshimjon Razzoqov 1916-yilda Andijon viloyati Shahrixon tumani Xoldovonbek qishlogʻi Qoʻshtepa mahallasida dunyoga kelgan. Yoshligidan adabiyotga qiziqqan va Oybek asarlarini oʻqigan. Toshkent Pedagogika institutida tahsil olib, 1941-yili uni tamomlagan[2].

Shuningdek, Zavqiy ijodiga qiziqib, uning merosini yigʻish bilan mashgʻul boʻlgan, asarlarini nashr ettirgan va ilmiy jihatdan tadqiq etgan. Keyinchalik Muqimiy, Furqat, Uvaysiy, Oraziy, Hayratiy singari shoirlar ijodi haqida koʻplab ilmiy maqolalar chop qilgan. Undan tashqari Navoiy, Bobur, Nodira ijodiga bagʻishlangan tadqiqotlar ham qilgan[2].

Hoshimjon Razzoqov Oʻzbekistonning turli hududlari boʻylab, xususan, Fargʻona vodiysida tarqalgan xalq ogʻzaki ijod namunalarini, folklor namunalarini toʻplagan, nashrga tayyorlagan, oʻrgangan („Latifalar“, 1965; „Gulyor“ qoʻshiqlar toʻplami, 1967), shuningdek, yuzdan ortiq oʻzbek xalq ertaklarini, askiya, drama, latifa hamda qoʻshiqlarni yozib olgan[1].

Hoshimjon Razzoqov oʻzining „Nodira“ spektaklida asosiy qahramon Roziqqa „Qargʻalar“ radifida qoʻshiq yozib bergan[2]. Ushbu qoʻshiqni Roziq obrazida uning sevgilisi Oypariga atab gʻamgin ohangda Oʻrinboy Eraliyev ijro qilgan.

Hoshimjon Razzoqovning asosiy ilmiy ishi oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida satira va mutoyiba mavzusida boʻlib, 1960—1965-yillarda oʻzi toʻplagan materiallar asosida „Oʻzbek xalq ijodida satira va yumor“ nomli monografiyasini nashr qildirgan.

Hoshimjon Razzoqov 1952—1954-yillarda Andijon pedagogika instituti oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1954—1982-yillarda oʻzbek adabiyoti kafedrasi mudiri boʻlgan. Oliy oʻquv yurtlari uchun „Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi“ nomli oʻzining ilk darsligini nashr ettirgan[1].

Hoshimjon Razzoqov adib sifatida ham ijod qilgan. 1930-yillar oxiri 1940-yillarning boshida „Mushtum“ jurnali sahifalarida sheʼrlari chop etila boshlagan[2]:

Baxilman, bedavoman,

Kimki shod yursa, kuygayman.

Qadrdonlar tutib qoʻl,

Hol-ahvol soʻrasa, kuygayman.

Hoshimjon Razzoqov

Hoshimjon Razzoqov 1960-yillarda dramaturgiya sohasiga kirdi. „Nodira“ spektakli ijodkorning ilk asari boʻldi. Shuningdek, dramaturg „Bobur“, „Toyilgan tirgak“, „Nasriddin afandi“ kabi asarlar muallifi[1].

Hoshimjon Razzoqov 1982-yili 15-mart kuni 66 yoshida Andijon shahrida vafot etgan[2].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 13-iyun 2023-yil.