Uvaysiy
Uvaysiy (Jahon otin) | |
---|---|
Tavalludi |
Jahon 1781 |
Vafoti |
1845 Margʻilon |
Taxallusi | Uvaysiy |
Kasbi | shoira |
Ijod qilgan tillari | chigʻatoy tili |
Fuqaroligi | Qoʻqon xonligi |
Yoʻnalish | gʻazalnavislik |
Janr | oʻzbek klassik sheʼriyati |
Turmush oʻrtogʻi | Hojixon (ajrashgan) |
Bolalari | Muhammad, Quyoshxon |
Ota-onasi | Siddiqbobo, Chinnibibi |
Qarindoshlari | Oxunjon (akasi) |
Uvaysiy (asl ismi Jahon; xalq orasida Jahon otin sifatida tanilgan) (1779 – Margʻilon – 1845) – atoqli oʻzbek shoirasi, oʻzbek shoirlari murabbiysi, maʼrifatparvar.
XVIII-XIX asrlarda Oʻrta Osiyodagi hozirgi davlatlar oʻrnida Buxoro, Qoʻqon va Xiva xonliklari mavjud edi. XIX asr boshlarida, Qoʻqon xonligi taxtiga Umarxon oʻtirgan davrda ilm-maʼrifat, adabiyot, ma ʼ daniyat rivojlandi. Shu bilan birga, xonlikdagi ichki ziddiyatlar, oddiy xalqqa adolatsiz munosabat oʻlkada ogʻir ijtimoiy muhitning paydo boʻlishiga ham olib keldi. Jahon otin (taxallusi Uvaysiy, Vaysiy, 1779-1845) Margʻilonda tavallud topgan. Uvaysiy oilasidagi maʼrifatli muhit uning kelajakda yetuk shoira va oʻz davrining bilimdon ayoli boʻlib yetishishida muhim ahamiyat kasb etgan. Shoira- ning onasi zamonasining oʻqimishli ayollaridan biri boʻlib, otinlik qilgan, yaʼni qizlarga taʼlim berish bilan shugʻullangan. Jahonning yoshligidan bilim olishga ishtiyoqi baland boʻlib, dastlabki savodini oʻz oilasi yordamida chiqargan, otasi va akasidan musiqa, sheʼriyat ilmini oʻrgangan.
Keyinchalik Uvaysiy Qoʻqon xoni Umarxon- ning rafiqasi, shoira Nodirabegim va boshqa ijod- kor ayollarga sheʼriyat ilmidan dars berdi. Oʻzi esa muammo sheʼrda fikrni yashirin ifodalash sanʼatini mukammal egalladi.
Otasi Siddiq bobo ikki tilda sheʼrlar yozgan. Onasi Chinnibibi otinoyi boʻlib, akasi Oxunjon hofiz sifatida mashhur edi. Uvaysiy oilada xatsavodini chiqarib, avval xalfa, soʻngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan sheʼriyat ilmini oʻrgangan, tez orada shoira, otin sifatida tanilgan. U, ayniqsa, aruzni, muammo (sheʼrda fikrni yashirib ifodalash) sanʼatini mukammal egallagan. Qoʻqon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga sheʼriyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning maʼlumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xoʻjand, Oʻratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni egallagach, Margʻilonga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. 65 yoshida Margʻilonda vafot etgan.
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jahon 1779-yilda Margʻilon shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. Uning otasi Qaynar Devona (boshqa manbada Siddiqbobo[1]) degan kishi boʻlib, asli Kosonda tugʻilgan, keyinchalik Margʻilonga koʻchib kelgan. Onasi Chinnibibi maktabdor ayol boʻlgan. Jahon ilk saboqni onasidan olgan, avval xalfalik, soʻng onasining qoshida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan sheʼriyat nazariyasini oʻzlashtirgan[2]. Otasi unga adabiyotdan dars bergan, sheʼr nazariyasini oʻrgatgan. Jahon turkiy va forsiy tilda yozgan klassik shoirlar ijodini oʻrgangan[3].
Hojixon ismli kishi bilan turmush qurgan, turmushidan Muhammad ismli bir oʻgʻil („Majnun“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan) va Quyoshxon ismli bir qiz („Xokiy“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan) farzand koʻrgan[4]. Manbalarda shoiraning eri nodon va johil kimsa sifatida taʼriflanadi. Eri bilan kelisha olmagan Jahon u bilan ajrashib, otasining uyiga qaytib kelgan hamda asosiy vaqtini kitob oʻqish va „Uvaysiy“ taxallusi bilan sheʼrlar yozishga sarflagan[3].
Umarxon saroyiga kelib qolishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uvaysiyning Qoʻqon xoni saroyiga borib qolishi sabablari (yoʻllari) haqida turli manbalarda turlicha fikrlar bor. Ularning qaysi biri haqiqat ekani aniqlanmagan[5].
Fikrlardan biriga koʻra, Qoʻqon xoni Umarxon saroyidagi adabiy muhit dovrugʻi tildan-tilga koʻchib, Margʻilongacha yetgan. Oʻz shoirlik salohiyatini sinab koʻrishni istagan Uvaysiy otasidan Qoʻqonga borish uchun ruxsat soʻragan, avvaliga otasi bunga rozi boʻlmagan. Qayta-qayta iltimos qilavergach, ota qizining adabiyotga boʻlgan qiziqishini soʻndirmaslik uchun rozi boʻlgan va uni bir maktub bilan qoʻqonlik doʻstining uyiga yuborgan. Bu xonadonda Uvaysiy bir necha kun saroy shoirlari toʻplanib, adabiy suhbat qiladigan vaqtni aniqlab olgan[6].
Qoʻqonlik homiysining maslahati bilan eski paranji yopinib, kampir qiyofasida mushoira boʻlayotgan Umarxon saroyiga borgan. Saroy soqchilari uni toʻxtatib, shoh shoirlar majlisida ekanini aytadilar va saroyga kelishdan muddaosi nimaligini soʻraydilar. Kampir qiyofasidagi shoira soqchiga bir xat uzatib, uni xonga topshirishini iltimos qiladi. Soqchi saroyga kirib, xonga bor voqeani aytadi va „kampir“dan olgan xatini unga uzatadi. Umarxon xatni ochib, ichida xusnixat bilan yozilgan gʻazalni koʻradi. U baland ovozda saroyga toʻplangan yuzlab shoirlarga gʻazalni oʻqib beradi, gʻazal hammaga maʼqul boʻladi. Shundan soʻng kampir qiyofasidagi Uvaysiyni saroyga taklif etadilar. Majlis ahli shoiraning gʻazaliga yuksak baho beradi. Shunda shoira ustidagi paranjini boshidan oladi[7].
Xon Uvaysiydan nima maqsadda kelganini soʻraganida, Uvaysiy boshidan oʻtgan hamma gaplarni unga aytib beradi. Bu hikoyani eshitib, xon va saroy ahli shoiraning sheʼriyatga boʻlgan qiziqishi, shijoatliligiga tahsin aytadilar[8].
Shundan soʻng, Umarxon Uvaysiyni saroydagi xonimlarga murabbiy etib tayinlagan va ular shugʻullanishlari uchun alohida joy qilib bergan. Shu tariqa Uvaysiy Umarxon saroyida oʻz oʻrniga ega boʻlgan[9][sharh 1].
Moddiy ahvoli
[tahrir | manbasini tahrirlash]Umarxon Uvaysiyga atab Margʻilonda muhtasham uy qurdirib bergan. Shoiraning avlodlari bu uyda 1941-yilga qadar yashaganlar[10][sharh 2]. Shunga qaramay, Uvaysiy ancha nochor kun kechirgan. Xon tomonidan unga bir tanob yer vaʼda qilingan ammo, bu vaʼda bajarilmagan[11]. Sheʼrlaridan birida Uvaysiy oʻgʻli Muhammad choponi yoʻqligidan el qatori iydda koʻchaga chiqolmaganini, qizi esa koʻylak va roʻmol istab yigʻlaganini yozib oʻtgan[12].
Manbalardan birida keltirilishicha, moddiy ragʻbatga erisha olmagan Uvaysiy kecyinchalik saroydan ketib, dehqonchilik bilan kun kechirgan[11]. Boshqa bir manbada esa, shoira Amir Nasrullo Qoʻqonni bosib olganidan soʻng Margʻilonga qaytib, umrining oxirigacha oʻsha yerda yashagani yozilgan[2].
Umarxon shoiraning yolgʻiz oʻgʻli Muhammadni Qoshgʻarga surgun qilgan. Oʻgʻlini sogʻingan Uvaysiy quyidagi satrlarni bitgan:[13]
Bukun, ey doʻstlar, farzandi jononimni sogʻindim,
Gado boʻlsam na ayb, ul shohi davronimni sogʻindim.
Musofirman, gʻaribman, bekasu ham benavodurman,
Vujudim dardga toʻldi, emdi darmonimni sogʻindim.
Tilimning zikri-yu, koʻnglimning fikri, yaxshi farzandim,
Azizim, yolgʻizim, davlatli sultonimni sogʻindim.
Kecha-kunduz yoʻligʻa muntazirdurman, tikarman koʻz,
Kelib holim soʻribon ketsa, mehmonimni sogʻindim.
Qorongʻu boʻldi olam koʻzima ushbu judoligʻdin,
Koʻz-u koʻnglum ziyosi mohi tobonimni sogʻindim.
Oradan bir qancha vaqt oʻtib, Uvaysiyning oʻttiz yoshlardagi qizi Quyoshxon qiz farzand tugʻayotib olamdan oʻtgan. Shundan soʻng Uvaysiy yolgʻiz nabirasi Xadichabegimni boqish, tarbiyalash bilan band boʻlgan. Ammo nabirasi 11 yoshga toʻlar-toʻlmas, oʻzi ham vafot etgan (taxminan 1850-yillar)[13].
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uvaysiy 4 devon tuzganligi maʼlum. Lekin bu devonlarning asl qoʻlyozmalari topilmagan. Uvaysiy mumtoz oʻzbek sheʼriyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy va boshqalarning asarlariga muxammaslar bogʻlagan. Shoiraning adabiy merosida 269 gʻazal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, chiston, 3 doston, tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining gʻoyaviy mavzu doirasi teran va koʻp qirrali.
Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va maʼrifatparvarlik gʻoyalarida latif va dilkash asarlar yaratgan, asarlarida insonni eʼzozlash, odamlarni tabiat va xayot noz-neʼmatlaridan bahramand boʻlishga undash, doʻstlik, vafo va sadoqat haqidagi ulugʻvor niyatlarini Qurʼon oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishgan. Uning sheʼrlarida tariqatning talab va qoidalariga taalluqli boʻlgan talqinlar koʻp uchraydi: Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yoʻq ogoh,Qabih guftor mardumdin koʻngul dogʻ oʻldi, dogʻ oʻldi.
Uvaysiy oʻz asarlarida yuksak odamiylikni, shu odamiylikni qalb toʻrida avaylovchi vafodor yorni ulugʻlaydi, uni Quyosh bilan qiyos qiladi. Quyosh xar tong ufqdan bosh koʻtarib, oʻzining otashin nuri bilan olamga, odamlarga oʻz mehr va shafqatini sochadi. Shoira yor va oftob tashbihlaridan qarshilantirish sanʼati orqali eng goʻzal tuygʻular silsilasini yaratadi. Uning lirik qahramoni mushohadakor donishmand, vafoli oshiq.
Uning anor haqidagi mashhur chistoni oʻzining muhim mazmuni va yuksak badiiyligi bilan shoira ijodining yorqin bir sahifasi sifatida koʻzga tashlanadi: Bu na gumbazdur, eshigi, tuynugidin yoʻq nishon,Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdur makon?Tuynugin ochib, alarning holidan olsam xabar,Yuparida parda tortugʻliq tururlar, bagʻri qon.
Liroepik asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uvaysiy hayotlik davridayoq nafis lirikasi bilan mashhur boʻlgan va zamondoshlarining eʼtiborini qozongan. Lirik sheʼrlaridan tashqari, uning „Shahzoda Hasan“, „Shahzoda Husan“ kabi liroepik asarlari va „Voqeoti Muhammad Alixon“ kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liroepik dostonlari islom tarixi bilan bogʻliq voqealar asosida yaratilgan.
Uvaysiy asarlari oʻzining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari yoʻlida kuylanib kelinadi. Uning xattotlar tomonidan koʻchirilgan 3 nusxa qoʻlyozma devoni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon universiteti kutubxonasida saqlanadi.
Uvaysiyning 15.000 misraga yaqin sheʼriy asarlari mavjud. Uning bir devoni OʻR Fanlar akademiyasi ShIda saqlanadi (inv.№ 1837). Unga shoiraning gʻazal, muxammas, musaddas, murabbaʼlari va „Shahzoda Hasan“ hamda „Voqeoti Muhammadalixon“ dostonlari kiritilgan. Shoira devonining 3 nusxasi topilgan. „Shahzoda Hasan“, „Shahzoda Husayn“ kabi dostonlari mavjud, „Voqeoti Muhammadalixon“ nomli tarixiy asari tugallanmagan.
Shoira ijodiga nazar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uvaysiy hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlar uning asarida, ayrim tazkiralarda yetib kelgan. „Majmuai shoiron“ tazkirasida (1821) ham shoira ijodiga munosabat bildiriladi. Ijodini izchil ilmiy yoʻnalishda oʻrganish 30-yillarda boshlangan. Uvaysiy ijodi A.Qayumov, T.Jalolov, I.Haqqulov, E.Ibrohimova v.b. tomonidan oʻrganilgan.
Nashr qilingan asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Uvaysiy. Devon. –T.: 1963;
- Uvaysiy. Koʻngil gulzori. – T.: 1983.
Izohlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Uvaysiyning Umarxon saroyiga kelib qolishi haqidagi bu hikoyani XX asr boshlarida „Oʻzbek shoiralari“ kitobini yozish uchun material toʻplayotgan tadqiqotchi Toʻxtasin Jalolovga shoir va dramaturg Gʻulom Zafariy (1889—1938) aytib bergan.
- ↑ Bu maʼlumotni Toʻxtasin Jalolovga soʻz ustasi Yusufjon qiziq Shakarjonov (1869—1959) 1941-yilda aytgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Абдуллаев, В. А.. Ўзбек адабиёти тарихи. Тошкент: Ўқитувчи, 1964 — 384-bet.
- Жалолов, Тўхтасин. Ўзбек шоиралари. Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги бадиий адабиёт нашриёти, 1970 — 344-bet.
- E.Ibrohimova. Uvaysiy. –T.: 1963; * I.Haqqulov. Uvaysiy sheʻriyati. –T.: 1982.
- Devon, T., 1963; Koʻngil gulzori, T., 1983. /4 yil
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Абдуллаев 1964, s. 333.
- ↑ 2,0 2,1 „Увайсий“, Oʻzbek sovet ensiklopediyasi: 11-jild (Tekislik — Fazliy). Toshkent: „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ Bosh redaksiyasi, 1978 — 656-bet.
- ↑ 3,0 3,1 Жалолов 1970, s. 42.
- ↑ Абдуллаев 1964, s. 331.
- ↑ Абдуллаев 1964, s. 334.
- ↑ Жалолов 1970, s. 42–43.
- ↑ Жалолов 1970, s. 43.
- ↑ Жалолов 1970, s. 43–44.
- ↑ Жалолов 1970, s. 44.
- ↑ Жалолов 1970, s. 46.
- ↑ 11,0 11,1 Абдуллаев 1964, s. 335.
- ↑ Абдуллаев 1964, s. 336.
- ↑ 13,0 13,1 Абдуллаев 1964, s. 337.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiiqtibosda Uvaysiyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |