Kontent qismiga oʻtish

Qoʻqon xonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qoʻqon xonligi
forscha: خانات خوقند

1709 — 1876



 

Bayroq
Poytaxti Qoʻqon
Til(lar)i Oʻzbek tili, tojik tili, qozoq tili, qirgʻiz tili
Aholisi 4,6 million kishi (1842)  =
Dini Islom
Maydoni 320,000 km² (1842)
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya
xonlik
 - 1709–1721 Shohruxbiy
 - 1800–1809 Olimxon
 - 1822–1842 Muhammad Ali
 - 1845–1858 Muhammad Xudoyor xon
 - 1866–1875 Muhammad Xudoyor xon
 - 1875 Nasriddin
 Kyrgyzstan
 Uzbekistan
 Tajikistan
 Kazakhstan

Qoʻqon xonligi — oʻzbek xonliklaridan biri (1709-1876). Poytaxti — Qoʻqon. Oʻzbeklarning minglar urugʻidan boʻlgan Shohruxbiy 1709-yilda asos solgan. Bu xonlik tarkibiga dastlab Qoʻqon, Namangan, Margʻilon, Konibodom, Isfara va ularning atrofidagi qishloqlar kirgan. Abdurahimbiy davrida Buxoro xonligiga harbiy yurish qilinib, Samarqand egallanadi (1732). Abdulkarimbiy davrida (1746-yil) qalmoqlar Fargʻona vodiysiga hujum qilib, Oʻsh, Andijon, Margʻilon shaharlarini egallab, Qoʻqonni qamal qilgan. Qoʻqonliklarga yordamga kelgan Oʻrtepa hokimi Fozilbiy qoʻshinlari bilan birgalikda ularni Fargʻona vodiysidan quvib chiqarishgan. Norboʻtabiy davrida Chust va Namangan beklarining mustaqillik uchun koʻtargan gʻalayonlari bostirilgan. Mamlakatda sugʻorish inshootlari barpo qilinadi, savdo va hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi birmuncha rivoj topadi va nisbatan arzonchilik boʻladi.

Norboʻtabiyning oʻgʻli Olimbek hukmronligi davrida Qoʻqonning siyosiy mavqei yanada kuchaygan, harbiy islohot oʻtkazilgan, Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent va Sayram tobe etilgan, tashqi savdoga ham eʼtibor kuchaytirilgan. 1805-yil davlat rasman Qoʻqon xonligi deb eʼlon qilinib, Olimbek „xon“ unvonini olgan. Olimxonning markazlashgan kuchli davlat tuzish borasida qilayotgan harakatlari ayrim mansabparast zodagonlar guruhida norozilik kayfiyatlarini vujudga keltiradi. Natijada ular Olimxonning safardaligidan foydalanib 1810-yil Qoʻqonda „Olimxon Toshkentda oʻldi“, degan mish-mish tarqatishadi va uning ukasi Umarbekka toj kiygizadilar. Olimxon bundan xabar topib, Qoʻqonga yoʻl oladi, biroq u Oltiqush mavzeida otib oʻldirilgan.

Umarxon davrida xonlik hokimiyatini mustahkamlash va kengaytirish choralari koʻrilgan. 1815-yil Buxoro xonligiga qarashli Turkiston, 1817-yil esa Oʻratepa bosib olingan. Sirdaryo boʻyida bir qancha harbiy istehkomlar barpo etilgan; sugʻorish inshootlarini kengaytirish, kanallar qazish, masjid va madrasalar qurishga eʼtibor berilgan. Xususan, Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyoota (hozirgi Jambul)da masjid va madrasalar qurilgan. Mozorlar tartibga solingan. Umarxon hukmronligi davrida Qoʻqon xonligida fan, adabiyot, sanʼat nisbatan yuksalgan. Bunda uning sevimli xotini — mashhur oʻzbek shoirasi Nodirabegimning xizmati katta boʻlgan. Umarxonning oʻzi ham „Amiriy“ taxallusi bilan oʻzbek va tojik tillarida gʻazallar yozgan. Umarxon vafotidan soʻng uning 12 yoshli oʻgʻli Muhammad Alixon taxtga oʻtirgan. Xon yosh boʻlganligi uchun davlatni dastlabki davrda onasi Nodirabegim boshqargan. Nodirabegim madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga intilgan.1826-yil Sharqiy Turkistonda xitoylarga qarshi bosh koʻtargan musulmon aholiga yordam berish uchun qoʻshin tortib borilgan. Natijada Xitoy hukumati Sharqiy Turkistonning 6 ta shahri (Oqsuv, Qashqar, Yorkend, Xoʻtan va boshqalar) dan soliq olish huquqini Qoʻqon xonligiga berishga majbur boʻlgan. Bu 1832-yilgi Pekin shartnomasida batafsil oʻz ifodasini topgan

Muhammad Alixon xonlik hududini kengaytirishga intilib, Janubiy Olay togʻ etagidagi Qorategin, Darvoz, Shugʻnon, Roʻshon, Vohon bekliklarini boʻysundirgan. Bu davrda xonlikda sugʻorish ishlari ancha yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent yaqinida Xonariq kanali qazilgan. Tashqi iqtisodiy-savdo aloqalari ham ancha yaxshilangan. Buxoro amiri Nasrullo (qarang Nasrullaxon) bilan yuz bergan urushda (1840-yil) Muhammad Alixon yengilib, Xoʻjandni amir Nasrulloga topshirishga va oʻzini uning noibi deb tan olishga majbur boʻlgan. Ammo Buxoro — Qoʻqon munosabatlari bundan keyin ham keskinlashgan. Natijada 1841-yil noyababr oyida Muhammad Alixon oʻz ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechgan. Bu voqeadan xabar topgan amir Nasrullo Qoʻqonga bostirib kelib, uni talon-toroj qiladi. U shu qirgʻinbarot davomida Muhammad Alini, uning ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodirabegimni va boshqa yuqori mansabdorlarni qatl ettiradi. Amir farmoni bilan Qoʻqon xonligi Buxoro noibi tomonidan boshqarila boshlangan. Amir noibi Qoʻqon xonligi aholisiga ogʻir soliqlar yuklaydi. Natijada 1842-yil yozda qoʻqonliklar qoʻzgʻolon koʻtaradi, amir Nasrulloga sodiq kishilarning koʻpchiligini oʻldiradilar va Norboʻtabiyning ukasi Hojibekning oʻgli Sheralini xon qilib koʻtarishadi. Buni eshitgan Buxoro amiri Qoʻqonga qoʻshin tortib oʻz hukmronligini qayta oʻrnatish uchun uni qamal qiladi. Biroq qamalning qirqinchi kuni Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro hududiga qilgan hujumi haqidagi xabarni eshitib, orqaga qaytishga majbur boʻlgan. Natijada qoʻldan ketgan koʻpgina hududlar (Xoʻjand, Toshkent) yana Qoʻqon xonligi ixtiyorida qoladi. Sheralixonning (1842-1845) taxtga oʻtirishida koʻmakchi va xayrixoh boʻlgan qipchoqlardan Musulmonqul mingboshi qilib tayinlangan. Musulmonqul, asosan, harbiy ishlar bilan shugʻullangan va xon qoʻshinlarining tarkibini koʻproq qipchoq yigitlari bilan toʻldirgan. Musulmonqul oʻz mavqeidan foydalanib, Sheralixonga oʻz taʼsirini oʻtkazishga intilgan. Ammo xon bunga yoʻl qoʻymaslikka intiladi. Musulmonqul xondan norozi boʻlib, boshqalarning qoʻli bilan suiqasd uyushtirishga harakat qilgan. 1845-yil Oʻshda xonning soliq siyosatiga qarshi qoʻzgʻolon boshlanadi. Musulmonqul qoʻzgʻolonni bostirishga ketganida, uning sheriklari Olimxonning oʻgʻli Murodbekni Qoʻqonga taklif qilib taxtga oʻtqazganlar. Sheralixon oʻldirilgan. Taxtni saqlab qolish uchun Murodxon oʻzini Buxoro amirining noibi deb tan olishga majbur boʻlgan. Musulmonqulni mingboshi lavozimida qolganligi haqida farmon chiqaradi va uning Qoʻqonga qaytishini talab qiladi. Musulmonqul esa Oʻshdan Namanganga kelib qizini Sheralixonning oʻgʻli Xudoyorga turmushga beradi va u bilan Qoʻqonga kelib, Murodxonni oʻldirib, yosh Xudoyorni xon deb eʼlon qiladi (qarang Xudoyorxon). Musulmonqul xonning yoshligidan foydalanib xonlikni deyarli mustaqil ravishda oʻzi boshqaradi, katta lavozimlar qipchoqlarga ulashib beriladi. Natijada Musulmonqulga qarshi xonlik hududida norozilik harakati kuchaydi va u mingboshilikdan boʻshatiladi. Musulmonqul oʻz mavqeini tiklamoqchi boʻlib, ruslar bilan aloqa oʻrnatishga intiladi va ruslarning vakili V.V.Velyaminov-Zernov bilan 1853-yil bahorida maxfiy uchrashadi. Musulmonqulning rus qoʻmondoni vakili bilan uchrashgani va hokimiyatni oʻz qoʻliga olmoqchi boʻlganligidan xabar topgan oʻzbek va qirgʻiz zodagonlari (Muhammad Niyoz Qushbegi, Muhammad Rajab Qoʻrboshi, Muhammad Yoqubbek qushbegi va boshqalar) qipchoqlardan qutulish yoʻlini axtarib Xudoyorxonni oʻzlari tarafga ogʻdirib, 1853-yil qipchoqlar qirgʻinini boshlab yuborishgan. Musulmonqul asirga olinib, qatl qilingan. Biroq Qoʻqon xonligida oʻzaro taxt uchun kurashlar tinchimagan, yuqoridagi harbiy amaldorlar Xudoyorxonga qarshi fitna tayyorlaganlar, biroq u muvaffaqiyatsiz chiqqan (qarang Yoqubbek). Qisqa vaqt ichida xonlar bir necha marta almashgan (1852-62 yillarda Sheralixonning oʻgʻli Mallaxon, 1862-1863 yilda Shohmurodxon, 1863-yil may-iyunda yana Xudoyorxon, 1863-yil iyul — 1865-yillarda Mallaxonning oʻgʻli Sulton Sayidxon xon boʻlgan).

1865-yil Qoʻqonda qipchoq va qirgʻizlar Xudoyqulbekni tantanavor ravishda xon deb eʼlon qiladilar. U atigi 14 kungina xonlik qiladi, soʻngra barcha xazinani va qimmatbaho narsalarni olib, Qashqarga qochib ketgan. Xudoyorxon hech qanday qarshiliksiz Qoʻqon taxtini qayta egallagan (1865- 1875). Bunday beqaror ichki vaziyatdan foydalangan Rossiya Qoʻqon xonligiga qarshi istilochilik harakatlarini boshlab yuborgan. Natijada 1853-1865 yillar davomida Oqmachit, Toʻqmoq, Pishpak, Avliyoota, Turkiston, Chimkent, Toshkentni va ularning atrof hududlarini bosib oladi. 1867-yil 14 iyulda imperator Aleksandr II Turkiston harbiy okrugini taʼsis etdi va Oʻrta Osiyoda bosib olingan va saltanat tarkibiga kiritilgan hududlar hisobidan turkiston general-gubernatorligini tashkil qildi. Chorizm bosqini tufayli Qoʻqon xonligi chegaralari ancha qisqarib ketdi. Xazinaga tushadigan daromadlar keskin kamaydi. Xon xazinani toʻldirish uchun yangidan qoʻshimcha soliqlar joriy etdi. Xalq bundan norozi boʻlib 1871-yil Soʻxda gʻalayon koʻtaradi. Bu gʻalayon qurolli qoʻzgʻolonga aylanib ketdi. Oʻrta Osiyo tarixida eng uzoq davom etgan "Poʻlatxon" qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtadi. Rus qoʻshinlari qoʻzgʻolonchilarni yengdilar va Poʻlatxon asirga olindi. U 1876-yil 1 mart oyida Margʻilon shahrida dorga osiladi. Chor qoʻshinlari Qoʻqon xonligini bosib olib, xonlikni rasman bekor qiladilar va oʻrniga Fargʻona viloyatini taʼsis etadilar.

Davlat tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻqon xonligida quyidagi mansablar mavjud boʻlgan: mingboshi, otaliq, shayx ul-islom, qozikalon, qushbegi, mehtar, parvonachi, naqib, dodxoh, eshik ogʻasi, inoq, shigʻovul, toʻqsoba, miroxur, qoravulbegi va boshqalar.

Qoʻqon xonligida mavjud boʻlgan harbiy unvonlar quyidagicha boʻlgan: mingboshi — odatda, u vazirlik vazifasini birga olib borgan. Keyin ponsadboshi, yuzboshi, ellikboshi, oʻnboshi, zambarakchi va boshqalar ham boʻlgan. Bulardan tashqari, boshqa harbiy mansablar ham boʻlgan. Qoʻqonda yashagan sarboz va toʻpchilar faqat alohida vazifadagi noib, dodxohning doimiy tasarrufida boʻlganlar. Urush davrida noib, dodxoh oʻz qismiga harakatdagi qoʻshinning hamma sarbozlarini qabul qilgan, unga vaqtinchalik boshchilik qilishni maxsus tayinlangan amiri lashkar (bosh qoʻmondon)ga topshirardi.

19-asrning 1-yarmida Qoʻqon xonligi tarkibiga quyidagi hududlar kirardi: Sirdaryoning soʻl sohili bilan Qorategin oraligidagi Qoʻqon viloyati; Sirdaryoning oʻng sohilidan to Olatovgacha boʻlgan Namangan viloyati; Xoʻjand shahri; Xoʻjand bilan Toshkent orali-gʻidagi Oʻratepa viloyati. Xonlikning eng shimoliy viloyati Turkiston, Betpaqdala sahrolariga borib taqalardi. Bundan tashqari, xonlik tarkibiga Olay hududi, Balxash koʻli bilan Sirdaryoning yuqori oqimi oraligʻidagi yerlar kirardi. Billurtogʻning gʻarbiy tomonidagi Qorategin, Darboz, Koʻlob, Shugʻnon singari bir qator togʻli tumanlar ham Qoʻqon xonligiga tegishli edi. Bu yerlarni qoʻqonliklar 19-asrning 30-yillarida boʻysundirishgan boʻlsa-da, ular tez-tez qoʻldan-qoʻlga, koʻproq Buxoro amiri ixtiyoriga oʻtib turardi.

Qoʻqon xonligi aholisining soni 3 mln.ga yaqin edi. Chorizm qoʻshinlari uning shim.gʻarbiy viloyatlarini bosib olgach, xonlik hududi ancha qisqarib, asosan, Fargʻona vodiysi bilan cheklanadi va aholi soni taxminan 2 mln.ga tushib qoladi. Aholining asosiy qismini oʻzbeklar tashkil etgan. Shuningdek, tojiklar, qirgʻizlar va qashqar (uygʻur)lar ham yashashgan. Yashash tarziga koʻra, aholi oʻtroq, koʻchmanchi va yarim koʻchmanchilardan iborat edi.

Hunarmandchilik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonlik hududida mamlakat poytaxti Qoʻqon shahri va boshqa barcha shaharlar aholisining asosiy mashgʻuloti hunarmandchilik hamda kosibchilik boʻgan. Mahallalar oʻzi ixtisoslashgan biror bir hunar sohasiga qarab maxsus ustaxona, tim va doʻkonlariga ega boʻlgan. Xonlikda hunarmandchilikning temirchilik, zargarlik, toʻquvchilik, degrezlik, kulolchilik, misgarlik va boshqa tarmoqlari[1] keng rivojlangan boʻlib, xonlikning har bir shahri muayyan sohada ishlab chiqargan mahsulotlari bilan mashhur boʻlgan. Qoʻqon shahri zargarlik va qogʻoz ishlab chiqarish, Shahrixon hamda Chust tikuvchilik hamda temirga ishlov berish, pichoqchilik, Margʻilon, Namangan va Andijon esa ipak gazlamalari, Toshkent oʻzining tikuvchilik, choʻyan hamda temir-mis mahsulotlari bilan shuhrat topgan[2]. Namangan, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida atlas, shoyi, adras hamda beqasam matolari ishlab chiqarilgan.

Qoʻqon xonligida hunarmand va kosibchilikning muhim bir tarmogʻi — bu qogʻoz ishlab chiqarish boʻlgan. 1871-yilda xonlikda boʻlgan A. P. Fedchenko ushbu mahsulotning ishlab chiqarish jarayoni, yaʼni Qoʻqon qogʻozini tayyorlashni oʻz koʻzi bilan koʻrgan. Biroq ushbu soha Rossiya sanoati ishlab chiqargan arzon fabrika qogʻozlarining xonlik bozorlarini egallashi natijasida butunlay kasod boʻlgan.

Xonlikda qurolsozlikka ham alohida eʼtibor berilgan. Ushbu tarmoq shahar hunarmandchilik ishlab chiqarishining obroʻli sohalaridan biri hisoblangan. Jumladan, oʻsha davrda Qoʻqon shahrida zambaraklar, miltiqlar, qilichlar, pichoqlar, xanjarlar, qalqonlar, nayzalar va boshqa harbiy anjomlar tayyorlangan. Rus manbalarida hunarmandchilikdagi asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi ayollar boʻlganligi qayd etilgan. Ular "paxtadan ipak yigirib, undan nafis hamda sifatli gazlamalar toʻqib, oʻzi va isteʼmolchilar ehtiyojlari uchun koʻylak va boshqa kiyimlar tikkan. Erkaklar esa asosan, kulolchilik, koʻnchilik va boshqa ogʻir ishlarni bajargan[3].

Xonlikda hunarmandchilik va kosibchilik ishlab chiqarishini asosan, paxtachilik, ipakchilik, chorvachilik tarmoqlari hamda yer osti boyliklarini qazib chiqarish sohalari xom-ashyo bilan taʼminlagan. Hunarmandchilik uchun zarur boʻlgan xom-ashyolar xonlik hududi va chet mamlakatlardan sotib olingan.

Iqtisodiy tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻqon xonligining aholisi, asosan, oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, qozoqlar, uygʻurlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. Qoʻqon xonligida ham yerga egalik qilish va undan foydalanish turli xil boʻlgan. Xonlikka qarashli boʻlgan yerlar am-lok yerlar, vaqf yerlari, mulki xi-roj va mulki ushriyaga taqsimlangan. Dehqonlar oʻrtasida yakka dehqon xoʻjaligi ham rivojlangan. Oʻz yerlaridan ajralgan kambagʻal dehqonlarning koʻpchiligi yirik yer egalari qoʻlida chorakorlik qilganlar. Yerning bahosi uning unumdorligi va qanchalik suv bilan taʼminlanganligiga qarab belgilangan. Xonlar sugʻorish tarmoqlari katta daromad manbai boʻlganligi sababli maʼlum darajada ularni saqlashga, sugʻorish inshootlarini yanada kengaytirishga yaxshi eʼti-bor berishgan. Qoʻqon xonligida koʻplab paxta va poliz ekinlari yetishtirilgan, bogʻ-dorchilik hamda pillachilik taraqqiy etgan. Hunarmand-kosibchilik mazmunan boy va serqirra boʻlgan. Bular: misgarlik, zargarlik, oʻymakorlik, harbiy qurol ishlab chiqarish, sopol va koʻzagarlik, qogʻozgarlik, badiiy toʻqimachilik, doʻppichilik, kashtachilik, koʻpriksozlik, temirchilik va shahrik.

Bulardan tashqari, xonlikda yer osti boyligi ham maʼlum darajada qazib olingan. Ammo ularni ishlab chiqarish sodda va kam ediki, ular ehtiyojni qondira olmasdi. Mas, xonlikda ishlab chiqarilgan metall Rossiyadan olib kelingan metalldan qimmatga tushardi. Qoʻqon xonligida ishlab chiqilgan mahsulotlar esa chet ellarga ham olib chiqilar edi va ularga talab ham bor edi. Shuning uchun bu soha maʼlum darajada rivojlana borgan.

Savdo-sotiq Qoʻqon xonligi hayotida katta va muhim oʻrin egallagan. U ichki va tashqi savdoga boʻlingan. Osiyo xonliklarida ichki savdo, asosan, qad. davrdan beri oʻzaro koʻchmanchi chorvador, oʻtroq dehqonlar va shahar-qishloq hunarmandlari mahsulotlariga asoslangan edi. Aholi oʻzining ehtiyojlarini asosan oʻz xonligidagi mahsulotlar bilan qondirishgan.

Qoʻqon xonligining iqtisodiy hayotida Buxoro, Xiva, Qashqar, Hindiston, Afgʻoniston, Eron va ayniqsa, Rossiya bilan boʻlgan tashqi savdo katta oʻrinni egallagan. Rossiya bilan olib borilgan savdo munosabatlari Qoʻqon xonligi qishloq xoʻjaligi ayrim tarmoqlarining rivojlanishiga olib keldi va rus madaniyatining baʼzi jihatlari aholi turmush tarziga kira boshladi. Qoʻqon xonligi Rossiyaning xom ashyo bazasiga va tashqi savdo bozoriga aylana bordi. Rossiya sanoati tovarlarining olib kelinishi mahalliy sanoat korxonalarini va ayrim hunarmandlarning inqirozga uchra-shiga sabab boʻldi.

Qoʻqon, Margʻilon va Namangan shaharlarida ip va ipak matolar (atlas, shoyi, beqasam, adras, chit, boʻz va boshqalar) toʻqilgan. Shuningdek, boshqa hunarmandchilik tarmoqlarida xoʻjalik asboblari, dehqonchilik uchun kerakli uskunalar, qurol-yaroqlar, zargarlik buyumlari, qogʻoz va boshqa nar-salar ishlab chiqarilgan. Yer osti boyliklaridan neft, oltin, kumush, mis, rux, temir, qoʻrgʻoshin va boshqa ham maʼlum miqdorda qazib olingan. Xonlikda paxta va poliz ekinlari yetishtirilgan, bogʻdorchilik va pillachilik ham taraqqiy etgan.

Qoʻqon xonligidan chet davlatlarga quritilgan mevalar, jun, teri, ipak, gilam, paxta va ipak matolar chiqarilgan. tashqi mamlakatlardan esa turli metall rudalari, metall buyumlar, qand va boshqa mahsulotlar keltirilgan.

Qoʻqon xonligining 18-19-asrlar 1-yarmida kechgan madaniy hayotida ham sezilarli ijobiy oʻzgarishlar va siljishlar yuz berib borganligi ayondir. 19-asrda Qoʻqon xonligida tarixnavislik sezilarli ravishda oʻsib borgan. Oldinlari yozilgan bir necha tarixiy asarlar fors va arab tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilindi va yangi kitoblar yozildi. Bu yangi asarlarning oʻziga xos xususiyatlari ham bor edi — ularning ayrimlari sheʼriy yoki qisman sheʼriy yoʻlda yozildi. Bu esa qoʻqonlik tarixchilarning adabiyotni yaxshi bilibgina qolmay, oʻzlari ham sheʼriyatda qalam tebratganliklarini koʻrsatadi. Mas, „Tarixi jahonnamoyi“ (Junayd Mullo Avazmuhammad Mullo Roʻzi Muhammad soʻfi oʻgʻli), „Shohnoma“ (Abdulkarim Fazliy Namangoniy), „Shohnomayi Umarxoniy“ (Mirzo Qalandar Mushrif Isfaragiy, u Fazliy Namangoniyning „Zafarnoma“ asarini nasriy qilib yozgan). „Muntaxab at-tavorix“ (Xoʻja Muhammad Hakimxon-toʻra bin Sayid Maʼsumxon), „Tarixi Shohruxiy“ („Tarixi sayyidi Xudoyorxon“, Mullo Niyoz Muhammad Xoʻqandiy Niyoziy bin Mullo bin Ashur Muhammad Xoʻqandiy), "Tarixi jadidai Toshkand (Muhammad Solihxoʻja ibn Qorixoʻja), „Shohnoma“ (Mahzun Ziyovuddin Xoʻqandiy), „Jangnomai Xudoyorxon“ (Shavqiy Namangoniy) va boshqa

19-asr boshlarida shakllangan Qoʻqon adabiy muhiti ham xonlikning madaniy hayotida katta oʻrin tutgan. Qoʻqon hukmdorlarining qator namo-yandalari temuriylar anʼanasini davom ettirib, oʻzlari ham ilm-maʼri-fat bilan shugʻullanib, bu sohani rav-naq topdirishga katta saʼy-harakat qilganlar. Ayniqsa, bunda Qoʻqon xonlaridan Umarxon (1810-22) va muhammad Alixon (1822-41) davrlari yaqqol ajralib turadi.

Xususan, Akmal (Maxmurning otasi), Amiriy (Qoʻqon xoni Umarxon), Boqixontoʻra, Muhammad Sharif, Gulxaniy, Maxmur (Mahmud), Muntazir, Nizomiy Xoʻqandiy (asl nomi Nizomiddin Muhammadaminxoʻja oʻgʻli), Nodir, Nozil Muhammad Avaz, Avazmuham-mad Yormuhammad oʻgʻli Pisandiy, Fazliy Namangoniy, Gʻoziy singari shoirlar xalq ichida mashhur edilar.

Qoʻqon adabiy muhitining yana bir muhim xarakterli jihati shundaki, bu davrda oʻzbek va fors-tojik tilida bab-baravar qalam tebratgan bir qator taniqli va mashhur oʻzbek shoiralari isteʼdodi keng rivoj topdi. Mas, Dilshod otin, Zebuniso, Zinnat, Moh-zoda Begim, Mahzuna, Mushtariy, Nodira, Nozuk Xonim, Uvaysiylarning ijodi ayricha ahamiyatga molik-dir.

Qoʻqon adabiy muhitining samarali taʼsiri oʻlaroq bu yurtdan keyinchalik Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqa yetuk badiiy soʻz sanʼatkorlari yetishib chiqdilar va oʻz xalqining erki, hurligi va ozodligi uchun xizmat qildilar.

Umuman olganda, 19-asrning oʻrtalariga kelib, Oʻrta Osiyo xonliklarida adabiyot va tarixshunoslik bilan bir qatorda mat., tibbiyot, geografiya, astro-nomiyaga oid hamda diniy asarlar yara-tildi. Bu xonliklarda miniatyura va xattotlik sanʼati ham oʻz oʻrniga ega. Bu davrning madaniy hayotida dorbozlik, askiya, qoʻgʻirchoq teatri, masxa-rabozlik, ayniqsa, bastakorlik bir-muncha rivojlandi.

Qoʻqon xonligining barcha bekliklarida madrasa, maktab va qorixonalar mavjud edi. Madrasalarda ham diniy, ham dunyoviy fanlar boʻyicha tanilgan mudarrislar, olimlar bor boʻlganligi uchun ham bu yerga turli mamla-katlardan koʻplab talabalar kelib oʻqishgan.

18 asr boshida Ashtarxoniylar xonligida hukm surgan siyosiy inqiroz sharoitida Fargʻona Buxorodan ajralib chiqadi. Markazi Qoʻqonda joylashgan mustaqil davlatga dastavval hojalar, keyin Ming xonlar sulolasi hukmronlik qila boshlaydi. Xonlik oʻz tarkibiga Namangan, Qoʻqon, Andijon va Margʻilon viloyatlarini kiritdi. Birinchi hukmdor etib oʻzbeklarning Ming qabilasidan Shohruhbiy eʼlon qilindi. 1721/22 yillar Shohruh amirlarning baʼzi guruhlari oʻrtasidagi nizolar oqibatida halok boʻladi. Uning oʻgʻli Abdurahimbiy (1721/17-1733yy.) Xoʻjand va Andijonni xonlikka qoʻshib oldi, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon, Jizzaxni ishgʻol qildi. Uning akasi Abdukarim (1733-1747/48yy.) hukmronligi davrida Oʻsh zabt etildi. Keyingi yigirma yillik hukmdorlarning tez-tez almashib turishi bilan ajralib turadi. 1770-yil Qoʻqon zodagonlari Norboʻtani (1770-1800yy.) hukmdor deb eʼlon qilishdi. U Chust, Namangan va Xoʻjand hukmdorlarining ajralib chiqishga boʻlgan harakatlarini bosishga muvaffaq boʻldi. Norboʻtabiy Toshkentga ham qoʻshin yuboradi, lekin shaharni boʻysindira olmaydi. Norboʻtabiy davrida nisbatan siyosiy osoyishtalikka erishildi, bu esa oʻz navbatida iqtisodiy taraqqiyotga yoʻl ochdi. Sugʻorish tizimi kengaytirildi, yangi madrasalar, jumladan, Mir madrasasi bunyod etildi. Norboʻtaning oʻgʻli Olimbek (1800-1809yy.) Qoʻqonning siyosiy mavqeini sezilarli tarzda koʻtardi. Olimxon hokimiyatni markazlashtirishga boʻlgan harakatlarida oʻzi togʻli tojiklardan tashkil qilgan yollanma qoʻshinga suyandi. U Toshkent va Fargʻonani boʻysintirdi, Oʻratepaga bir necha marta yurish qildi.

Qoʻqon xonlari Shohruhbiy (1709-1721) Abdurahimbiy (1721-1733) Abdulkarimmbiy (1733-1750) Abdurahmonbek (1750-1751) Erdonabiy (1751-1752,1752-1762) Bobobek (1752) Sulaymonbek (1762-1763) Norboʻtabiy (1763-1798) Olimxon (1798-1810) Amir Umarxon (1810-1822) Muhammad Alixon (1822-1841) Sulton Mahmudxon (1841-1842) Sheralixon (1842-1845) Xudoyorxon (1845-1858,1862-1863, 1865-1875) Mallaxon (1858-1862) Shohmurodxon (1862) Sulton Saidxon (1863-1865) Nasriddinxon (1875-1876)

Uyushtirilgan suiqasd oqibatida Olimxon oʻldiriladi va taxtga uning akasi Umarxon (1809-1822yy.) koʻtariladi. U Buxoro amiri Haydar bilan shartnoma tuzdi va Sirdaryoning quyi oqimigacha boʻlgan yerlarni saltanatiga qoʻshib oldi. Toshkent, Buxoro va Xiva yoʻllari kesishgan joyda u Oqmachit istehkomini bunyod qildi. „Musulmonlar amiri“-"amir ul muslimin" unvonining sohibi boʻlmish Umarxon oʻz nomidagi tangalarni zarb etgan. Uning hukmdorligi chogʻida Qoʻqonda ham Buxoro xonligidagi kabi maʼmuriy tizim joriy etilgan.(Pul zarb etish orqali rasman o'zining hukmdorlik maqomini tasdiqlagan)

Umarxonning merosxoʻri etib uning 12 yoshli oʻgʻli Muhammad Ali (Madali) (1822-1842yy.) tayinlandi. Madali hukmronligini otasi zamonida ham unga yoqmagan kishilarni qatl qilishdan boshladi. U Sharqiy Turkiston va Qashqarga bir necha muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi, Oloy togʻ tizmasi ortidagi tojiklarni boʻysindirishga erishdi. Uni tilyogʻmachilar „gʻozi“(eʼtiqod yoʻlidagi kurashchi) deb atashsada ruxoniylar dinni bulgʻagan va xudodan qaytgan kishi, deya hisoblashar edi. Xon gʻanimlari Buxoro amiriga shikoyat yoʻlladilar. 1840-yil amir elchisi orqali Qoʻqonga otasining xotini bilan nikoh tuzganligi uchun Madalixonni kofir deb eʼlon qilgan fatvoni joʻnatdi. Shundan soʻng Madalixon Buxoroga qarshi urush harakatlarini boshladi, biroq magʻlubiyatga uchragach, oʻzining Buxoro tobeligini tan oldi va amirlik foydasiga Xoʻjanddan voz kechdi. 1842-yil amir Nasrullo Qoʻqondni zabt etib, xonlikni Buxoroga qoʻshib oldi. Madalixon qatl etildi va tez orada Toshkent ham qoʻlga kiritildi.

Qoʻqon xonligi aholisining etnik tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVIII asr boshlariga kelib Fargʻonada yangi Buyuk Oʻzbek Davlatlaridan biri — Qoʻqon xonligi tashkil topdi. Bu davlat oʻzbek davlatchiligi tarixida alohida oʻrin tutadi. Biz bu yerda Qoʻqon xonligi aholisining etnik tarkibi haqida maʼlumot berishni joiz deb bildik. Maʼlumki, Fargʻona vodiysi va unga tutash hududlar aholisi azaldan polietniylik xususiyati bilan Oʻrta Osiyoning boshqa hududlaridan ajralib turgan. Bunday etnik oʻziga xoslilik, Qoʻqon xonligi davrida ham saqlanib qolgan edi. Qoʻqon xonligi hududida asosan oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, uygʻurlar va qoraqalpoqlar istiqomat qilganlar. Bundan tashqari xonlik hududida son jihatidan kamroq boʻlsada yahudiylar, tatarlar va boshqa etnik jamoa vakillari ham yashar edilar

Oʻzbeklar Qoʻqon xonligi aholisining asosiy qismini tashkil qilgan. Taʼkidlab oʻtish oʻrinliki, XX asr boshlariga qadar oʻzbeklarning bir qismi oʻtroq, qolgan qismi esa yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) holda yashaganlar. XX asr boshlariga kelib, vodiy oʻzbeklarining 828 mingdan ziyodrogʻi oʻtroq holda yashab, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashgʻul boʻlganlar. Rus tilidagi adabiyotlarda aholining ushbu oʻtroq qismiga nisbatan „sart“ etnonimi qoʻllanadi. Biroq, keyingi yillarda oʻzbek xalqiga nisbatan bu etnonimni qoʻllanishi toʻgʻri emasligi va ushbu etnonim mazkur xalqqa past nazar bilan, kamsitilib qarash nuqtai-nazaridan, rusiyzabon tadqiqotchilar tomonidan ilmiy isteʼmolga olib kirilganligi haqidagi fikr-mulohazalar bayon etilmoqda. Oʻzbek xalqiga nisbatan „sart“ etnonimining qoʻllanishi, tarixiy haqiqatga zidligi, oʻzbek xalqiga ushbu etnonim hech qachon oʻz xalqining nomi sifatida qoʻllanilmaganligi haqida jadidchilik harakatining namoyandasi Mahmudxoʻja Behbudiy ham oʻz davrida taʼkidlab oʻtgan edi. Turli urugʻ-qabilaviy tuzilishga ega boʻlgan yarimoʻtroq (yarimkoʻchmanchi) oʻzbeklarning vodiydagi umumiy soni oʻsha davr maʼlumotlariga koʻra 215 ming nafardan koʻproqni tashkil etgan. Bular ichida turk, ming, qipchoq, qurama, yuz, nayman kabilar Qoʻqon xonligi hududidagi yirik etnografik guruhlar hisoblangan. Ushbu urugʻ-qabilalar oʻzbek xalqini konsolidatsiyalashuvida muhim etnik komponentlar sifatida qatnashdilar.

Tojiklar Qoʻqon xonligi hududidagi aholining salmoqli qismini tashkil qilganlar. Ular asosan vodiyning gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy qismida joylashganlar. Tojikistonning hozirgi Soʻgʻd viloyati hududida tojiklar aholining asosiy qismini tashkil etadilar. Ayni vaqtda Qoʻqon xonligining boshqa bir qator manzilgohlarida ham ular gʻuj yashaganlar. Etnografik adabiyotlarda Fargʻona vodiysida yashagan tojiklar shartli ravishda ikki guruhga — voha tojiklari va togʻlik tojiklarga ajratiladi. Voha tojiklari — bu ushbu oʻlkaning azaliy xalqlaridan biri boʻlib, qator etnik xususiyatlari bilan Qoʻqon xonligi davrida va undan keyingi davrlarda ham boshqa etnoslardan ajralib turgan. Togʻli tojiklar Qoʻqon xonligi hududiga asosan Tojikistonning togʻlik hududlarida joylashgan Mastchoh, Qorategin, Darvoz, Koʻlob, Hisor kabi joylardan koʻchib kelganlar. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, koʻplab togʻli tojiklar Qoʻqon xonligi qoʻshinlarida xizmatda ham boʻlganlar. Masalan, Niyozmuhammadning „Tarixi-Shohruhiy“ asarida koʻrsatilishicha, XIX asr boshlarida Qoʻqon xoni Olimxon tashkil etgan yangi qoʻshin tarkibida 6000 dan ziyod togʻlik tojiklar boʻlgan.

Tarixiy manbalarning tahlili shuni koʻrsatadiki, XVII va XVIII asrlarda Tyanshan togʻining shimolida yashovchi qirgʻizlarning katta guruhi Fargʻona erlariga kelib oʻrnashdilar. Turli urugʻ-qabilaviy tuzilishga ega boʻlgan qirgʻiz etnosi ham Qoʻqon xonligi hududidagi togʻ va togʻoldi manzilgohlarida yashab, vodiyning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida faol ishtirok etganlar.

Uygʻurlar Sharqiy Turkistonning eng qadimgi turkiy etnoslardan biri hisoblanadi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan eʼtiboran, ayniqsa XIX asrda Xitoy feodallariga qarshi koʻtarilgan musulmonlar qoʻzgʻoloni magʻlubiyatga uchragandan keyin Sharqiy Turkistonning koʻplab musulmon aholisi, xususan juda koʻp uygʻur oilalari Fargʻona vodiysiga qochib oʻtdilar. XIX asrning oʻrtalaridayoq Qoʻqon xonligida 300 mingga yaqin uygʻurlar yashagan. Tadqiqotchi I. V. Zaxarova ham 1860-yilga qadar Qoʻqon xonligi hududida 200-250 ming qoshgʻarliklar yashagan boʻlsa kerak, deb hisoblaydi.

XVIII asrdan Buxoro xonligida yuz bergan siyosiy inqiroz koʻplab xalqlarni bu hududni tashlab ketishga majbur etdi. Oqibatda Buxoro va Samarqand atroflarida yashagan aholining bir qismi Qoʻqon xonligi hududiga kelib oʻrnashdi. Xususan, Sirdaryoning oʻrta oqimida yashab turgan qoraqalpoqlar Qoʻqon xonligi hududiga kelib qoʻnim topdilar. Qoʻqon xonligi hududiga koʻchib oʻtgan qoraqalpoqlar Sirdaryo va Qoradaryo boʻylariga oʻrnashib, anʼanaviy xoʻjaligini yuritishni davom ettirdilar. Xullas, Qoʻqon xonligi oʻzining etnik qiyofasining turli-tumanligi bilan ham xarakterlanadi. Holbuki, bunday etnik turli-tumanlik vodiy aholisini oʻzaro iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlanishida muhim omillardan biri boʻlgan.

Qoʻqon xonligi hukmdorlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Oltun-Bishik Ming Qutlugʻ-xon Tangri-Yor Xudoyor I Sulton (1512-1545), Bobur Temuriyning oʻgʻli va Seydafak ismli ayol, Qutli-xon Mingga uylangan, shahri Axsi (1528-1545)
  2. Tangri-Yor Xudoyor II Ilik-Sulton (1537-1610), Oltun-Bishik Ming oʻgʻli, Axsi hukmdori (1545-1597), Fargʻona hukmdori (1597-1610).
  3. Tangriyar Xudayor II ning Fargʻona shahri (1610-1615) oʻgʻli Yor-Muhammad Hindistonga Boburiylarga surgun qilingan.
  4. Abu al-Qosim (Sulton-Kuchak-bey) (1606-1625), Muhammad Aminning oʻgʻli (Buxoroga surgun qilingan) va Fargʻona shahri shahzodasi Tangriyar Xudayor II ning nabirasi (1615-1625).
  5. Ubaydulloh (Sulton-Asil-biy) (1622-1662), Abu al-Qsimning oʻgʻli, Fargʻona shahri hukmdori (1625-1662).
  6. Jamash-biy (Shoh-Mast-biy), Ubaydullaning oʻgʻli, Fargʻona biy (1662-1677)
  7. Shohruh-biy I (1638-1694), Fargʻona shahri biy Jamashbiyning oʻgʻli (1677-1694).
  8. Rustam Hoji Sulton , Shohruh I oʻgʻli, Fargʻona shahri (1694-1701)
  9. Rustam Hoji-Sultonning oʻgʻli Pozil Otaliq Rishton shahrida (1701-1704) yashab, oʻz ukasi Ashur-Kul bilan birga boʻlgan.
  10. Rustam Hoji-Sultonning oʻgʻli Ashurkul Axsi shahrida yashagan (1701-1704), u yerni ukasi Pazil-Ataliq bilan boʻlishib olgan.

Ming sulolasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Shohruxbiy, Ashur-Kulning oʻgʻli Shohmast-bey, Ming qabilasi shahzodasi, Ashtarxoniylar davlati patriarxi, Fargʻona shahri shahzodasi (1704-1710), Fargʻona suveren begi (1710-1720).
  2. Abdurahimbiy , Shohrux-biya II oʻgʻli, Min qabilasi va Fargʻona hukmdori (1721-1739). 1721-1733 yillarda Fargʻonani Dehqon-Tuda qishlogʻidan boshqargan, 1732 yilda Qoʻqon shahri qurilib, poytaxtga aylangan.
  3. Abdulkarimbiy , Shohruh-biy II ning oʻgʻli, Ming qabilasidan boʻlgan biy va Qoʻqon begi (1739-1751 (1765)) Qoʻqonda hukmronlik qilgan.
  4. Margelanda min va beglar qoʻqon qabilasidan boʻlgan Shohruh-biya II ning oʻgʻli Shodibiy (1739-1748) hukmronlik qilgan.
  5. Sulaymonbek , Shodibiyning oʻgʻli, raqs qabilasi Ming va Qoʻqon beglari (1748-1778), Margʻilonda (1-marta) hukmronlik qilgan.
  6. Nizomiddin Muhammad Bobobiy , Abd ar-Rahimbiyning oʻgʻli, Ming qabilasining biy va Qoʻqon begi (1751-1752)
  7. Erdonabiy , Abd ar-Rahimbiyning oʻgʻli, ming qabilasining biy va Qoʻqon begi (1752-1769 (1765-1778)) Qoʻqonda hukmronlik qilgan. Oʻldirilgan.
  8. Min qabilasining biy, Qoʻqon begi (1769-1770 (1778)) Shodi beyning oʻgʻli Sulaymon bek Qoʻqonda 3 oy hukmronlik qildi. (2-marta). Oʻldirilgan.
  9. Norboʻtabiy , Abd ar-Rahmonning oʻgʻli, Abd ar-Kezrim-biyning nabirasi, Ming qabilasining biy va Qoʻqon begi (1770-1798 (1778-1807))
  10. Olimxon , Narbuta -Biyaning oʻgʻli, 1-xon Qoʻqon (1798-1809 (1807-1816)).
  11. Sayyid Muhammad Umarxon, Narbuta Biyaning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1809-1822 (1816-1821))
  12. Sayyid Muhammad Alixon (Madalixon) (1809 — aprel 1842), Qoʻqon xoni Sayyid Muhammad Umarxonning oʻgʻli (1822-1842 (1821 — 1842 yil aprel)). Oʻldirilgan.
  13. Sulton Mahmudxon (? — 1842 yil aprel), Qoʻqon xoni Sayyid Muhammad Umarxonning oʻgʻli (1842 yil aprel). Oʻldirilgan.
  14. Amir Nasrullo , Buxoro xoni, Qoʻqon xoni (1842-yil 5-aprel — 1842-yil 18-aprel)
  15. Ibrohim Xayol-Parvanachi , Buxoro xoni hokimi, Qoʻqon xoni (1842-yil 18-aprel — 1842-yil iyun)
  16. Sayyid Muhammad Sher-Alixon (1792-1845), Hoji beyning oʻgʻli, Abd ar-Rahmonning nabirasi, Qoʻqon xoni Abd ar-Kerim-beyning nevarasi (1842-1845-yillar). Oʻldirilgan.
  17. Sarimsoqxon (? — 02.05.1845), Qoʻqon xoni Sayyid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli (1845). Oʻldirilgan.
  18. Murodxon , Olimxonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1845 (11 kun)). Oʻldirilgan
  19. Sayyid Muhammad Xudoyorxon III , Sayid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1845-1851) (1-marta)
  20. Abdulla-bek , Xudoyorxon III ning uzoq qarindoshi, Qoʻqon xoni (1851 (bir necha kun))
  21. Sayyid Muhammad Xudoyorxon III , Sayid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1851-1858) (2-marta)
  22. Sayyid Bahodir Muhammad Mallaxon , Sayid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1858-1862). Oʻldirilgan.
  23. Sulton Shohmurodxon, Sarimsoqxonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1862)
  24. Sayyid Muhammad Xudoyorxon III , Sayid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1862 (1 oy)) (3-marta)
  25. Mir Muzaffar ad-dinxon , Buxoro xoni, Qoʻqon xoni (1862 (1 oy)) (1-marta)
  26. Olimkoʻl , Margʻilon hokimi, Qoʻqon xoni (1862 (1 oy))[ manba aniqlanmagan 3886 kun ]
  27. Sayyid Muhammad Xudoyorxon III , Sayid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1862) (4-marta)
  28. Kalender-bek , Sayid Muhammad Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1862 (1 oy)). Chustda hukmronlik qilgan. Oʻldirilgan.
  29. Mir Muzaffar ad-dinxon , Buxoro xoni, Qoʻqon xoni (1862-1863) (2-marta)
  30. Muhammad Sulton Saidxon , Sayyid Bahodir Muhammad Mallyaxonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1863 yil iyul — 1865 yil iyun). Oʻldirilgan.
  31. Haydar-bek (Xuday-Kul-bek/Belbakchi-xon), Shohruxning oʻgʻli, Olimxonning nabirasi, Qoʻqon xoni (1865 yil iyun — 1865 yil iyul)
  32. Sayyid Muhammad Xudoyorxon III , Sayid Muhammad Shir-Alixonning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1865-yil 22-iyul 1875-yil) (5-marta)
  33. Nasriddinxon , Sayyid Muhammad Xudoyorxon III ning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1875 yil 22 iyul — 1875 yil 9 oktyabr) (1-marta)
  34. Poʻlatxon , Qoʻqon xoni (1875 yil 9 oktyabr — 1876 yil 28 yanvar). Bajarildi.
  35. Nasriddinxon , Sayyid Muhammad Xudoyorxon III ning oʻgʻli, Qoʻqon xoni (1876 yil 28 yanvar — 1876 yil 19 fevral) (2-marta)

1876 ​​yilda Qoʻqon xonligi oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

  • Beisembiev, T. K. Kokandskaia istoriografiia : Issledovanie po istochnikovedeniiu Srednei Azii XVIII-XIX vekov. Almaty, TOO „PrintS“, 2009.ISBN 978-9965-482-84-7.
  • Beisembiev, T. K. „Annotated indices to the Kokand Chronicles“. Tokyo: Research Institute for Languages and Cultures of Asia and Africa, Tokyo University of Foreign Studies. Studia Culturae Islamica. № 91, 2008.ISBN 978-4-86337-001-2.
  • Beisembiev, T. K. „The Life of Alimqul: A Native Chronicle of Nineteenth Century Central Asia“. Published 2003. Routledge ISBN 978-0-7007-1114-7.
  • Beisembiev, T. K. „Taʼrikh-i SHakhrukhi“ kak istoricheskii istochnik. Alma Ata: Nauka, 1987.
  • Beisembiev, T. K. „Legenda o proiskhozhdenii kokandskikh khanov kak istochnik po istorii ideologii v Srednei Azii (na materialakh sochinenii kokandskoi istoriografii)“. Kazakhstan, Srednjaja i Tsentralnaia Azia v XVI-XVIII vv. Alma-ata, 1983.
  • Dubavitski, Victor and Bababekov, Khaydarbek, in S. Frederick Starr, ed., Ferghana Valley: The Heart of Central Asia.
  • Erkinov, Aftandil S. "Imitation of Timurids and Pseudo-Legitimation: On the origins of a manuscript anthology of poems dedicated to the Kokand ruler Muhammad Ali Khan (1822-1842), " GSAA Online Working Paper No. 5[1].
  • Erkinov, Aftandil S. „Les timourides, modeles de legitimite et les recueils poetiques de Kokand“. Ecrit et culture en Asie centrale et dans le monde Turko-iranien, XIVe-XIXe siècles // Writing and Culture in Central Asia and in the Turko-Iranian World, 14th-19th Centuries. F.Richard, M.Szuppe (eds.), [Cahiers de Studia Iranica. 40]. Paris: AAEI, 2009.
  • Golden, Peter B. (2011), Central Asia in World History, Oxford University Press.
  • Howorth, Sir Henry Hoyle. History of the Mongols: From the 9th to the 19th Century, Volume 2, Issue 2, pp. 795-801,816-845. https://archive.org/details/p2historyofmongo02howouoft/page/784/mode/2up
  • Levi, Scott C. „Babur’s Legacy and Political Legitimacy in the Khanate of Khoqand.“ to be submitted to the Journal of Asian Studies.
  • „The Muslim World“; Part III, „The Last Great Muslim Empires“: Translation and Adaptations by F. R. C. Bagley. (Originally published 1969). Brill Academic Publishers, ISBN 978-90-04-02104-4.
  • Nalivkine, V. P. Histoire du Khanat de Khokand. Trad. A.Dozon. Paris, 1889.
  • Nalivkine, V. P. „Kratkaia istoria kokandskogo khanstva“. Istoria Srednei Azii. A. I. Buldakov, S. A. Shumov, A. R. Andreev (eds.). Moskva, 2003.
  • OʻzME. Birinchi jild. Tashkent, 2000.
  • Roy, Olivier. (2007). „The New Central Asia: Geopolitics and the Birth of Nations“. I. B. Tauris.
  • Vakhidov, Sh. Kh. XIX-XX asr bāshlarida Qoqān khānligida tarikhnavislikning rivājlanishi. arikh fanlari doktori dissertatsiyasi. Tāshkent, 1998.



  1. Mamadaliyev Xushnudbek. Fargʻona vodiysi shaharlari tarixi(XIX – XX asr boshlari). «Fan ziyosi» nashriyoti, 2022 — 29-bet. ISBN 978-9943-747-45-6. 
  2. Ш. ВОҲИДОВ. КУКОН ХОНЛИГИДА ТАРИХНАВИСЛИК. Тошкент Akademnashr 2010 — 83-85-bet. ISBN 9789943-373-40-2. 
  3. Haydarbek Bobobekov. Qo'qon tarixi. Toshkent, Fan, 1996 — 100-bet. ISBN 5—648-02374—X.