Toʻxtasin Jalolov
Toʻxtasin Jalolov (1909.21.7, Fargʻona tumani — 1984.13.4, Toshkent) — yozuvchi, adabiyotshunos va tarjimon. Fargʻonadagi pedagogika kursini tugatgach (1925), Shahrixonda oʻqituvchilik qilgan. Samarqand pedagogik institutida oʻqigan (1931—33). Toshkentdagi kechki pedagogika institutini tugatib (1938), shu institutda, „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida (1938— 41) ishlagan.
Qatagʻon qilinib, Sibir va Uzoq Sharqdagi qamoq lagerlarida va surgunda boʻlgan (1941-yil iyul — 1955-yil yanvar). 1955-yilda oqlangach, Oʻzbekiston davlat nashriyotida va Badiiy adabiyot nashriyotida (1955—61), Oʻzbekiston Fanlar akamediyasining Til va adabiyot institutida (1961), „Sharq yulduzi“ jurnalida (1962— 63) ishlagan.
Adabiyotshunoslik faoliyatida Alisher Navoiy ijodini tahlil qilish („Hamsa talqinlari“, 1960, 1968), oʻzbek shoiralari merosini toʻplash va tadqiq etish („Oʻzbek shoiralari“, 1959, 1970, 1980; „Bonu“ 1963; „Qizlar qasidasi“, 1976) hamda oʻzbek adabiyoti, xususan, sheʼriyati masalalari boʻyicha tadqiqotlar („Yashasin tabassum“, 1965; „Nafosat olamida“, 1974) asosiy oʻrin tutadi.
„Pahlavon Mahmud“(1961) ilmiy asarini yozgan, „Oʻzbek adabiyoti tarixi“ xrestomatiyasi 1-jildini (1941) tuzgan. „Oltin qafas“(1962) qissasi muhabbat mavzuiga bagʻishlangan. Asarda moddiy boy, ammo maʼnaviy qashshoq insonlar oilaviy hayotda hech qachon baxtli boʻlolmaydilar, degan fikr olgʻa surilgan.
Jalolov Rabindranat Tagor, Sadriddin Ayniy, Pahlavon Mahmud, Abulqosim Lohutiy, Vera Smirnova-Rakitina va boshqa yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yunusov M., „Saxiy qalamlar“, Toshkent, 1975.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |