Kontent qismiga oʻtish

Barno Abdullayeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Barno Sayfutdinovna Abdullayeva
Tavalludi 20-iyul 1974-yil (1974-07-20) (50 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi pedagog
Sohasi pedagogika
Taʼlimi Toshkent davlat pedagogika instituti
Ilmiy darajasi pedagogika fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari

Barno Sayfutdinovna Abdullayeva (1974-yil 20-iyul, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, pedagogika fanlari doktori (2007), psixologiya fanlari doktori (DSc, 2022), professor (2011).

Barno Abdullayeva 1974-yil 20-iyul Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1991—1996-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakuletitda tahsil olgan. 1996—1997-yillarda mazkur universitetning „Algebra va sonlar nazariyasi“ kafedrasida stajyor-tadqiqotchi, 1997—2001-yillarda „Matematika va uni o‘qitish metodikasi“ kafedrasi aspiranti, 2001—2004-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Chilonzor akademik litseyida matematika o‘qituvchisi hamda ilmiy-uslubiy ishlar bo‘yicha direktor oʻrinbosari, 2006—2008-yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti „Gumanitar fakultetlarda matematika“ kafedrasi dotsenti, 2008—2011-yillarda „Gumanitar fakultetlarda matematika“ kafedrasi mudiri, 2011—2014-yillarda „Boshlang‘ich taʼlim metodikasi“ kafedrasi mudiri, 2014—2016-yillarda „Boshlang‘ich taʼlim va jismoniy madaniyat“ fakulteti dekani, 2016—2018-yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-yildan Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlab kelmoqda[1][2]. Shuningdek, 2022-yildan Toshkent shahar „Oqila ayollar“ harakati yetakchisi[3].

Oilali. Uch nafar farzandi bor[1].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Barno Abdullayeva 2002-yilda „Akademik litsey talabalarining matematik tafakkurini rivojlantirish (Umumlashtiruvchi darslar misolida)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2006-yilda „Fanlararo aloqadorlikning metodologik-didaktik asoslari (Ijtimoiy-gumanitar turkumdagi akademik litseylarda matematika o‘qitish misolida)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2003-yilda pedagogika fanlari nomzodi, 2007-yilda pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini, 2005-yilda dotsent, 2011-yilda professor ilmiy unvonini olgan. 2022-yil „Bo‘lajak o‘qituvchilar o‘quv-ilmiy faoliyati motivatsiyasining psixofiziologik determinantlari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, psixologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan[4][5]. Olima 30 ta darslik va oʻquv qoʻllanma, 10 ta monografiya, 200 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir[1].

Unvon va mukofotlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • „Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi“ koʻkrak nishoni (2014)[2];
  • „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil“ esdalik nishoni (2016)[2];
  • „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi“ esdalik nishoni (2021);
  • „Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi“ koʻkrak nishoni (2021);
  • „Xalq taʼlimi fidoyisi“ koʻkrak nishoni (2021);
  • „Yil ayoli“ milliy tanlovi „Yilning eng faol olima ayoli“ nominatsiyasi gʻolibi (2021)[6];
  • Turon fanlar akademiyasi akademigi (2022).