Kontent qismiga oʻtish

Bayramiylar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Bayramiylar - sufiylik tariqati. Tariqat asoschisi Xoji Bayram Valiy (vaf. 1429 y.). Bayramiya tariqatini jazba, muhabbat va ilohiy sirlar kabi uch asos tashkil etadi.

Bayramiylar tariqatining oʻziga xos jihatlaridan biri, ushbu tariqat turklar Anatoliya hududida asos solgan ilk tariqat ekanligidir. Shu sabab tariqat Hoji Bayram hayotlik vaqtida Anqara, Bursa va Edirna kabi shaharlarda keyinchalik Anatoliya va Bolqon hududlarida keng tarqalgan.

Tariqat xalvatiya va naqshbandiya tariqatlarining tamoyillarini oʻzida mujassam etgan. Bayramiya tariqatida zikri-jahriy keng tarqalgan. Biroq ba’zi paytlarda zikri-xafiydan ham foydalanadilar. Hoji Bayram vafotidan soʻng ushbu tariqatning davom etishida ulugʻ shayxlardan biri Oq Shamsiddinning asarlari muhim oʻrin tutgan. Zero, Hoji Bayram yozgan kichik she’rlardan boshqa hech qanday manba bizgacha yetib kelmagan. Tariqat uch shu’badan tashkil topgan: Oq Shamsiddin tomonidan asos solgan - shamsiya, malamiya va jalvatiya.

Keyinchalik bayramiylar tariqati shamsiya va uning yoʻnalishlaridan biri himmatiya koʻrinishida davom etgan. Jalvatiya bayramiya tariqatining bir yoʻnalishi boʻlsada, biroq keyinchalik alohida tariqat sifatida shakillangan. Avvaliga ushbu tariqatga ergashuvchilarning bosh kiyimlari qizil va oʻn ikki chiziqdan iborat boʻlgan boʻlsa, keyinchalik bu an’ana Hoji Bayram tomonidan olti chiziqli oq rang bosh kiyimiga oʻzgartirilgan. Bosh kiyimdagi olti chiziq olti yoʻnalish yuqori, quyi, o‘ng, chap, old va ortni anglatgan. Shuningdek, mavlaviy tariqatidagi kabi uzun bosh kiyim ham kalta bosh kiyimiga oʻzgartirilgan[1].

  1. Usmonov, Olimov, Yo'ldashxo'djayev, Faxriddinov, To'ychiyeva, Jabborov, Cho'tmamatov, Rahimov, Komiljonova, Karimova, Nurmuhammedov, Erkaboyeva, Jurayev 2015, s. 33.
  • Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360-bet. ISBN 978-9943-12-346-5.