Kontent qismiga oʻtish

Bedil

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Bedil
Asl ismi Mirzo Abdulqodir Bedil
Tavalludi 1644
Vafoti 1721
Taxallusi Bedil
Kasbi fors tilida
Ijod qilgan tillari Fors tili[1]
Fuqaroligi Boburiylar davlati

Bedil (taxallusi; asl ismi Mirzo Abdulqodir) (1644, Bengaliya, Azimobod shahri – 1721, Dehli) – Boburiylar davlatida ijod qilgan taniqli oʻzbek[2][3][4][5]shoiri, mutafakkiri.

Harbiy xizmatchi oilasida tugʻilgan. Ota-bobosi Kesh (shahrisabz)lik, turkiy barlos urugʻidan. Yoshligidan turli fanlarga qiziqqan. Shayx Kamol, shoh Fozil va Mirza Abdulqosim kabi olimlardan taʼlim olgan. Hindiston boʻylab koʻp sayohat qilgan, 1685-yildan umrining oxirigacha Dehlida yashagan. Fors tilida ijod qilgan. Arab, fors, hind, urdu tillarini mukammal bilgan, sharq xalqlari adabiyotini, tasavvuf va yunon falsafasini, ayniqsa Aristotel falsafasini atroflicha oʻrgangan. 10 yoshlaridan badiiy ijod bilan shugʻullangan. 20 yoshida sheʼrlarini saralab toʻplashga kirishgan. Murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda yashab ijod qilgan shoir oʻz davriga befarq qaramagan, hindlar va musulmonlarning tinch-totuv yashashligini, yurtni obod, xalqni tinch-osoyishta, farogʻatda, hamjihatlikda koʻrishni orzu qilgan. Inson erkinligi, tafakkuri haqida falsafiy fiqolar bayon etgan. Uning falsafiy-axloqiy qarashlari tasavvuf aqidalari taʼsirida shakllangan. Bedil dunyoqarashi tasavvufning vahdat ul-vujud taʼlimotiga asoslanadi, yaʼni olamni Allohning koʻzgusi, inson qalbini shu koʻzguning markazi deb biladi. Inson qalbi qanchalik sayqal topsa, u shuncha Alloh nurini aks ettiradi. Shu bois inson buyuk va qudratlidir. Ammo buni uning oʻzi anglashi lozim, deydi.

Bedil 120 ming misradan ortiq sheʼriy, koʻpgina nasriy asar yozgan. Gʻazal, ruboiy, qasida, qitʼa, tarjiʼbandlarining oʻzi 75 ming misrani tashkil etadi. Yirik asari „Chor unsur“ („Toʻrt unsur“, 1703) nasrda yozilgan boʻlib, sheʼrlar ham ilova qilingan. Kitobning dastlabki boblarida Bedil oʻz hayoti haqida hikoya qiladi. Soʻnggi ikki bobda esa toʻrt unsur – havo, suv, yer, olov toʻgʻrisida; oʻsimliklar, hayvonlar va odamning paydo boʻlishi haqida soʻzlaydi. Mutlaq ruh, ruh va narsa toʻgʻrisida gapiradi, din hamda ruhoniylarning oʻrni haqidagi oʻz fiqolarini ifodalaydi. Kitobda parilar, jinlar, uyqu, tush koʻrish va Bedil haqida hikoya va afsonalar ham mavjud.

Bedil „Irfon“ („Bilim“, 1711 – 1712; „Komde va Mudan“, „Nukot“ asarlari ham shuning tarkibida) dostonida falsafa, tarix, tabiiyot, adabiyot va ilohiyotning xilma-xil masalalariga toʻxtalgan. Asarda borliq, materiya, zarrachalar, jonli mavjudot va narsalar tabiati haqida, nabotot toʻgʻrisida soʻzlaydi. Borliq, yoʻqlik, fano, baqo singari falsafiy masalalar haqida fikr bildiradi. Til va tilning xizmati, ahamiyatini talqin etadi, hissiy va aqliy bilish manbai, tuygʻu, tushuncha, aqd haqida muhokama yuritadi. U hind falsafasidagi „tanosux“ nazariyasi hamda islom falsafasidagi „tavakkul“ taʼlimotini tanqid qiladi. Tabiat hodisalarini tabiatning oʻzini oʻrganish yoʻli bilan tushuntirish lozim deb biladi. Uningcha, dunyo abadiy boʻlib, toʻxtovsiz harakat qiladi va oʻzgarib turadi. „Komde va Mudan“ dostonida doʻstlik, muhabbat, vafodorlik, adolat, ilm-maʼrifat masalalari aks etgan. „Nukot“ („Hikmatli soʻzlar“) asarida esa Bedil qarashlarini yakunlab, umumlashtirgan. Bunda Bedil oʻz taʼlimoti asoslarini ham qisqacha bayon qilgan.

„Tilsimi hayrat“ (1669), „Muhiti aʼzam“ („Buyuk okean“, 1681), „Turi maʼrifat“ („Maʼrifat togʻi“, 1687), „Gʻazaliyot“, „Ruboiyot“ va Bedil asarlarida ham ijtimoiy masalalar yoritilgan. Sheʼrlarida tarbiya, xulq-axloq toʻgʻrisidagi oʻz fiqolarini bildiradi, jamiyatdagi jabr-zulm, adolatsizlik kabi illatlarni qoralaydi.

Bedilning ijtimoiy masalalarga oid qarashlarida maʼrifatparvarlik, muruvvat va odamiylik asosiy oʻrinni egallaydi. Asarlarining koʻpchiligi 16 jildli „Kulliyot“iga kirgan (Bombey, 1882).

Hindiston bilan Turkiston qadimdan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqada boʻlgan. Bu Turkistonda Bedil asarlarining tarqalishiga keng yoʻl ochgan, ammo turli ijtimoiy guruh vakillari shoir merosidan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalandilar. Bedil asarlaridaTurkiston va Hindiston xalqlari oʻrtasidagi aloqaga doir maʼlumotlar ham koʻplab uchraydi. U „Chor unsur“ asari da Jayxun (Amudaryo), Turkiston toʻgʻrisida, Samarqanddan Hindistonga qavm-qarindoshlari kelganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keltiradi.

Bedil asarlari ayniqsa XIX asrdan Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan. Ular falsafiy fikrga boyligidan Bedil Turkistonda „Abulmaʼoniy“ („Maʼnolar otasi“) degan nom olgan. Uning kitoblarini oʻqib beruvchilar „bedilxonlar“ deb atalgan. Furqat, Muqimiy, Avaz, Ahmad Donish, Hislat va Bedil oʻz ijodida Bedilning ilgʻor fiqolaridan foydalanganlar. Ahmad Donish Bedilning ilgʻor ijtimoiy-falsafiy gʻoyalarini oʻrgangan, ulardan ijtimoiy hayotdagi kamchiliklarga qarshi olib borgan kurashida foydalangan, ilgʻor gʻoyalarni ommalashtirishni oʻz burchi deb bilgan. Furqat Bedilning fan, maʼrifat, xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik haqidagi gʻoyasini oʻrgangan, ulardan dunyoviy bilimlarni oʻrganish, xalqni maʼrifatga chorlash haqidagi asarlarida samarali foydalangan. Bedilning ijtimoiy tuzum haqidagi qarashlari Muqimiy, Asiriy va Bedil mutafakkirlarni ham qiziqgirgan. Ular Bedil ijodining murakkab uslubi va ziddiyatli tomonlari, ilgʻor jihatlariga munosib baho berganlar. Oʻzbekistonda Bedil ijodi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar (Gʻ. Gʻulom, I. Moʻminov va Bedil) olib borildi.

  1. (unspecified title)
  2. Bedil Mirza Abdulkadir(Wayback Machine saytida 22-oktabr 2014-yil sanasida arxivlangan) (Wayback Machine saytida 2014-10-22 sanasida arxivlangan)
  3. Allworth Edward, The modern Uzbeks from the fourteenth century to the present: a cultural history, Hoover Press, 1990, p.74. „His family in Putna (Azimabad) was descended from Uzbeks who had evidently migrated to Hindustan much earlier.“
  4. Enzyclopedia Britannica: South Asian arts. „The greatest poet of the Indian style, however, was ʿAbdul Qādir Bēdil, born in 1644 in Patna, of Uzbek descent.“
  5. Mirza Abdul-Qader Bedil biography and peoetry (Wayback Machine saytida 26-dekabr 2014-yil sanasida arxivlangan)
  • Shomuhamedov Sh., Fors-tojik klassiklari ijodida gumanizm, T., 1968;
  • Moʻminov I., Mirzo Bedil, T., 1974;
  • Shukurov Sh., Mirzo Bedilning poetik merosi, T., 1979.
  • Najmiddin Komilov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Komde va Mudan, T., 1960;
  • Ruboyilar, T., 1974.