Kontent qismiga oʻtish

Boboyi Taomfurush ziyoratgohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boboyi Taomfurush ziyoratgohi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Hazrat Boboyi Taomfurush ziyoratgohlari Romitan tumanining Qo‘rg‘oni ustidadir. Hazrat Boboyi taomfurush Hazrat Xoja Ali ar Romitaniyning muridi bo‘lgan. Maʼlumki, Buxoro viloyatiga qarashli Romitan tumanida joylashgan Qo‘rg‘on qadimiy shahar bo‘lgan. Qo‘rg‘on tarixi haqida buyuk tarixchi Muhammad Narshaxiy „Buxoro tarixi“ kitoblarida maʼlumot bergan: „Bu katta bir ko‘handizga ega va mustahkam qishloq bo‘lib, Buxorodan qadimiyroqdir“. Qo‘rg‘onda qadimda podshohlar istiqomat qilgan. Baʼzi bir manbalarda qo‘rg‘on „Buxoro“ deb atagan ekan. Qo‘rg‘onni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob o‘z kuyovi Eron shohining o‘g‘li Siyovushni o‘ldiradi. Shundan so‘ng otasining o‘chini olmoq uchun Kayxusrav lashkar to‘plab Qo‘rg‘onga keladi. Kayxusrav bobosi Afrosiyobni yengadi va Afrosiyob o‘ldiriladi. Narshaxiyning yozishlaricha, Afrosiyobning qabri Hazrat Abu Hafs Kabir - Imomi Hojatbaror dafn qilingan tepalik yonidagi tepalikda bo‘lgan. „Buxoro tarixi“da yozilishicha, birinchi otashkadani Kayxusrav Romush hisorida bino qilgan ekan. Bu otashparastlarning Buxorodagi eng qadimiy ibodatxonasi bo‘lgan. Muhammad Narshaxiyning yozishicha, Afrosiyobu Kayxusrat voqealariga uch ming yil bo‘lgan[1]. Demak Romitan Qo‘rg‘onining qurilgan vaqti to‘rt ming yildan oshadi. Hazrat Boboyi Taomfurush esa XIII asrda yashab o‘tgan. Ayni shu kunlarda Qo‘rg‘on vayronalari saqlangan. Uning ustida bitta qadimiy jome va Hazrat Boboyi Taomfurush ziyoratgohi bor. Ziyoratgohda tug‘ ko‘tarilgandir. Ushbu qoʻrgʻon hozirgi kunda saqlanib qolgan. Qoʻrgʻon Buxoro viloyati Romitan tumanida joylashgan[2].

  1. Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiy. Buxoro tarixi. Toshkent: Fan, 1966 — 120-bet. 
  2. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291-bet.