Romitan tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Buxoro viloyati |
Maʼmuriy markazi | Romitan |
Asos solingan sanasi | 1926 |
Hokimi | Umidjon Isoyevich Barnoyev [1] |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Aholi ([[29 sentabrda ]]) | 105,5 ming kishi |
Dinlar tarkibi | musulmonlar |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
39°55′48″N 64°22′48″E / 39.93000°N 64.38000°E |
Romitan tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Buxoro viloyatining markazida joylashgan.
Tuman hududi shimoli-sharqdan katta masofada Peshku, janubi-sharqdan esa Vobkent, Buxoro tumanlari, janubi-gʻarbdan Jondor tumani, tumanning Amudaryo bilan Qizilravot boʻlagi Amudaryo orqali Turkmaniston, shimoli-gʻarbdan Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,29 ming km². Aholisi 105,5 ming kishi (2003). Tumanda 2 shahar (Romitan, Gazli), Shuningdek tumanda Bukhara Desert Oasis & Spa turistik va mahalliy dam olish maskani tashkil etilgan, Bundan tashqari shahar markazida Romitan sayilgohi tashkil etildi. 7 qishloq fuqarolar yigʻini (Bogʻiturkon, Doʻstlik, Romitan, Chilongʻu,Chandir,Shoʻrcha, Qizilravot, Qoʻrgʻon) bor. Markazi — Romitan shahri.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buxorolik tarixchi Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ sarida Romitan atamasining kelib chiqishi haqida quyidagi rivoyat keltirib oʻtilgan. Unga koʻra Afrosiyobning qizi bosh ogʻrigʻi dardiga chalinadi va shu vaqtlarda Romitan hududlariga kelib qoladi. Bu yerning ajoyib havosi tufayli dardidan forigʻ boʻladi, Shu sababdan bu maskanni „oromi tan“ — yaʼni „tan oromi“ deb ataydi. Yana bir versiyaga koʻra toponim „Rohmitan“, yaʼni „roh“ — „yoʻl“ va mitan urugʻi nomi asosida paydo boʻlgan. Bunda ushbu toponim „yoʻl chetidagi mitan urugʻi yashaydigan qishloq yoki joy“ maʼnosini anglatadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Narshaxiy oʻz asrida taʼkidlashicha Romitan Buxoridan ham qadimiyroq qoʻrgʻon boʻlgan. 1972-yilda Romitan shahri hududida arxeologik tadqiqot ishlari olib borilgan. Shu asnoda ushbu hududdan kerakli maʼlumotlar topilgan. Qoʻrgʻon tepasida masjid, shahriston hududida bozor, qoʻrgʻonning balandligi 10 metr boʻlganligi, bu yerdagi shahristnning topografik shakli, umumiy chegaralari va maydoni aniqlangan. Ushbu qoʻrgʻon o;rta asrlarda arablar istilosi, Somoniylar davrida Buxoro vohasining strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega shaharlaridan boʻlgan[3].
Romitanning irrigatsiya va geografik joylashuvi haqida Ibn Havqal shunday yozgan: „Nahri Romitan nomli ariq daryodan boshlanib, Romitan qishlogʻiga yetguncha barcha qishloqlarni sugʻoradi. Romitan ahli undan suvichadi“[4].
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman hududining relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Shimoli-gʻarbiy qismi Amudaryo bilan chegaradosh. Toʻrtdan uch qismi Qizilqum choʻli bilan band, shimoliy Quljuqtov etaklaridan iborat. Janubi Zarafshon daryosining quyi etaklaridagi Buxoro vohasida joylashgan. Choʻl zonasida yassi tekisliklar bagʻrida alohida ifodalangan tepalar (Jagastepa — 226 m, Nortepa — 191 m) boʻrtib turadi. Aksariyat maydonlar qumli, gipsli choʻl yaylovzorlari bilan band. Janubidan Zarafshon daryosining irmokdari oqadi. Tumanning asosiy suv manbai Amu-Buxoro mashina kanalidir. Iklimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0°, —1,5°, Qizilravot atrofida —3°, —4°, eng past temperatura —29°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°—31,3°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 200— 205 kungacha kuzatiladi. Yillik yogʻin 100-130 mm. Tuproqlari, asosan, oʻtloqi, boʻz tuproqlar, choʻlqum, taqir boʻz tuproqlar, shoʻrxok va shoʻrtoblar uchraydi. Yovvoyi oʻsimliklardan boyalich, kavrak, shoʻrashuvoq, yantoq, yer osti suvlari yaqin joylarda qamish, qumloqlarda saksovul oʻsadi. Bahorda rang, qoʻngʻirbosh, yaltirbosh, lola va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli qoʻshoyoq, ingichka barmokli yumronqoziq, qoʻshoyoq, qumsichqon, qum boʻgʻma iloni, charx ilon, kaltakesaklar, chayon, qoraqurt va boshqa bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar (78,5%), shuningdek, qozoq, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 81,8 kishi. Shaharliklar 21,1 ming kishi, qishloq aholisi 84,4 ming kishi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik yetakchilik qiladi. Chorvachilikda qoramolchilik, qorakoʻlchilik, parrandachilik, tuyachilik, baliqchilik yoʻlga qoʻyilgan, pillachilik ham rivojlangan. 858 fermer xoʻjaligi bor. 14 ta muqobil MTP, 1 MTP aksiyadorlik jamiyati fermer xoʻjaliklarga xizmat koʻrsatadi. Romitan tumanida 1667 kichik va oʻrta korxona bor.
Tumanda gaz sanoati (Gazli), paxta tozalash zavodi, hunarmandchilik tarmoqlari faoliyat koʻrsatadi. Avtotransport asosiy oʻrinda. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 51,4 ming qoramol, 96 ming qoʻy va echki, 400 ga yaqin ot va tuya, 53,4 ming parranda boqiladi (2003).
Romitan tumanining umumiy yer maydoni qariyb 419 ming ga, shundan sugʻoriladigan yerlar maydoni 23,1 ming ga dan ziyod, ekin maydoni 20,5 ming ga dan ziyod, 12,7 ming ga maydonga paxta, 6,2 ming ga dan ziyod maydonga gʻalla ekiladi, shuningdek, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ham yetishtiriladi. 1300 ga maydonda mevazor va tokzor bor. Yaylovlar qariyb 254,9 ming ga maydonni egallaydi.
Ijtimoiy soha obyektlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]45 umumiy taʼlim maktabidan (26 mingdan ortiq oʻquvchi) 2 tasi iqtidorli bolalar internat maktabidir. 1 litsey, 3 kasbhunar kolleji (1300 oʻquvchi) bor. 41 kutubxona, madaniyat uyi faoliyat koʻrsatmoqda. Tarix oʻlkashunoslik muzeyi ishlab turibdi. 335 oʻrinli 4 kasalxona, 5 poliklinika, tashhis markazi, 3 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 25 qishloq vrachlik punkta va boshqa tibbiy muassasalarda 240 vrach, 1300 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi (2003).
Diqqatga sazovor joylari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hududda Xoʻja Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Xoʻjagon kabi naqshbandiya tariqati vakillari ziyoratgohlari joylashgan. Xoʻja Zaʼfaron, Xoʻja Ubbon maskanlari esa shifobaxshlik xususiyatiga ega[5].
2020-yilda tuman hududida yangi ekoturistik markaz ochildi. Ushbu markazda turli koʻngilochar, xizmat koʻrsatish obyektlari qurildi[6]
Transporti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Romitan tumani bilan qoʻshni tumanlar oʻrtasida avtobuslar qatnaydi.
Maorifi va madaniyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1934-yildan „Romitannoma“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 1600).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Xalimov T., Qobilov I. Qadimiy va navqiron Romitan, T., 1997[7]
- Halim Toʻrayev. Buxoro toponimikasi. Buxoro. 2021, 276 bet
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Buxoro viloyati Romitan tumani hokimligi
- ↑ Halim To'rayev & Buxoro toponimikasi 2021, s. 145.
- ↑ Halim To'rayev & Buxoro toponimikasi 2021, s. 145—146.
- ↑ Ибн Ҳавкал. Китоб сурат ул-ард (Ернинг сурати китоби). Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти, 2011 — 46-bet.
- ↑ Halim To'rayev & Buxoro toponimikasi 2021, s. 146.
- ↑ Shokirjonov, Shuhrat „Romitan tumanida innovatsion turizm klasteri ochildi“. kun.uz. Qaraldi: 22-iyul 2023-yil.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |