Kontent qismiga oʻtish

Karmana tumani

Koordinatalari: 40°12′36″N 65°22′12″E / 40.21000°N 65.37000°E / 40.21000; 65.37000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Karmana tumani
Карманинский район
tuman
Tarkibida Navoiy viloyati
Maʼmuriy markazi Karmana
Hokimi Valijon Adizov
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 79 532
Internet domeni . uz
Avtomobil raqami kodi 85-89
Xaritada
Karmana tumani xaritada
40°12′36″N 65°22′12″E / 40.21000°N 65.37000°E / 40.21000; 65.37000

Karmana tumani — Navoiy viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Zarafshon daryosining quyi qismi sohilida joylashgan.

1962-yildan Navoiy tumani deb yuritilgan. 1980-yilda Navoiy tumanidan Navbahor tumani ajralib chiqqan. 1988-yilda qayta qoʻshilgan. 1992-yildan yana alohida tuman boʻlgan. 1999-yil Karmana shahri hududi Navoiy shahri tarkibiga (Karmana tumani sifatida) kiritildi. 2003-yil dekabrda Navoiy tumani nomi Karmana tumani deb oʻzgartirildi va Karmana shahri tuman markazi sifatida belgilandi.

Tuman shimolidan Navbahor, Konimex, gʻarbdan Qiziltepa tumanlari, sharq va janubidan Samarqand viloyati bilan chegaradosh. Karmana tumani hududi Navoiy shahri atrofini hamma tomondan oʻrab olgan. Tumanda 1 shahar (Karmana), 1 shaharcha (Malikrabot), 6 qishloq fuqarolari yigʻini (Doʻrmon, Jaloyir, Narpay, Uyrot, Yangiariq, Hazora) bor. Maydoni 0.95 ming km². Aholisi 94473 kishi (2005). Markazi — Karmana shahri (2003-yil dekabrdan)[1]

Karmana tumanining xaritasi

Karmana tumani hududi Zarafshin daryosi vohasining oʻrta qismida, viloyatning janubi-sharqida joylashgan. Tuman yer yuzasi, asosan, pasttekislikdan iborat. Zarafshon daryosi vodiysiga yaqin yerlarda quruqdaryo oʻzanlari va adirlar orasidagi qatlamlarda chuchuk suv zaxiralari bor. Tuman seysmik zonada joylashgan. Yer yuzasi Zarafshon daryosi va gʻarbga tomon qiya. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq, issiq, qishi sovuq. Yillik oʻrtacha temperatura 15 °C. Yanvarda oʻrtacha temperatura 0,4 °C, iyulda 28,9 °C. Yillik yogʻin 100-200 mm. Vegetatsiya davri 212 kun. Tumandagi sugʻoriladigan yerlar, asosan, Zarafshon daryosi va qisman Amu — Buxoro mashina kanalining Navoiy kanali shoxobchasidan sugʻoriladi. Kasaba, Xonim, Narpay kanallari suvidan ham foydalaniladi. 1973-yilda Karmana gidrouzeli qurilgan . Tuproqlari, asosan, madaniylashgan, oʻtloqi, sur-qoʻngʻir, shoʻrtob, tuproqlar oʻzlashtirilgan zonada avtomorf va yarim gidromorf tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklardan jiyda, tol, oq va qora saksovul, yantoq, yulgʻun, shuvoq, isiriq, juzgʻun, cherkez, quyonsuyak, segin, |iloq, qamish, shoʻra, yetmak, jingil va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, yumronqoziq, qoʻshoyoq, oʻrgimchaklar, toshbaqa, tipratikan, kaltakesak, turli xil ilonlar; qushlardan xoʻjasavdogar, oʻrdak, loyxoʻrak, mayna, qargʻa, hakka, musicha, chumchuq va boshqa bor. Yaylovlarida qorakoʻl qoʻylari boqiladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 100 kishi. Shahar aholisi 28216 kishi, qishloq aholisi 66257 kishi.

Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Chorvachilik (shu jumladan, qorakoʻlchilik), pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik bilan ham shugʻullaniladi. „Ipak qurti urugʻi“, „Navoiypilla“ korxonalari, paxta tozalash zavodi, „Sardobaparranda“ fabrikasi, „Agrouniversal“ korxonasi bor. „Navoiy — Ural“ Oʻzbekiston — Rossiya, „Grantekstil“ Amerika — Oʻzbekiston — Afgʻoniston qoʻshma korxonalari mavjud. 1,6 mingdan ziyod oʻrta va kichik biznes subyektlari faoliyat koʻrsatadi.

Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 22 mingga, ekinzorlar 17657 ga, shu jumlalan, 7770 ga yerga paxta, 7585 ga yerga don, 563 ga yerga sabzavot, 19 ga yerga poliz ekinlari, 180 ga yerga kartoshka, 1440 ga yerga yem-xashak ekinlari ekiladi (2004). Tokzor, tutzor, bogʻlar, yaylovlar, oʻrmon xoʻjaligi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 31283 qoramol (shundan, 15207 sigir), 54346 qoʻy va echki, 338065 parranda, 292 yilqi boqiladi. Shirkat, fermer xoʻjaliklari, agrofirma, fermer xoʻjaliklari uyushmalari faoliyat koʻrsatadi.

Asosiy transport vositasi — avtomobil transporti. Navoiy — Uchquduq temir yoʻl tuman hududini kesib oʻtadi. Karmana tumanida Navoiy shahri aeroporti joylashgan.

Madaniy maorif, sogʻliqni saqlash va sport

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda 31 ta umumiy taʼlim maktabi (21953 oʻquvchi), internat maktabi, sanʼat maktabi, 3 ta kasb-hunar kolleji (3410 oʻquvchi), 1 ta markaziy, 28 ta jamoat, 1 ta bolalar kutubxonalari, madaniyat saroyi, 8 klub muassasasi, „Yoshlik“ madaniyat va istirohat bogʻi bor. Sport majmuasi, stadion, tennis korti va boshqa sport inshootlari mavjud. Tuman markaziy kasalxonasi, 19 ambulatoriya — poliklinika, 20 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 133 vrach, 603 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Meʼmoriy yodgorliklardan Mir Said Bahrom (11-asr), Qosim Shayx xonaqohi (16-asr), Raboti Malik karvonsaroy va sardobasi (11-asr) saqlangan."Karmana ovozi" tuman gazetasi chiqariladi (adadi 1000).[2][3]

  • [1]Karmana tumani haqida maʼlumot
  • [2] Karmana tumani
  • [3] Karmana tarixi
  • S.Inoyatov,O.Xayitova „Karmana tarix koʻzgusida“ (SHarq Toshkent 2006)
  • A. Xotamov, N. Bekniyozov „Karmana — qadimiy diyor“ (Oʻzbekiston Toshkent 2007)
  1. „KARMANA“. https://qomus.info/oz/encyclopedia/karmana/. Qomus.info. Qaraldi: 6-iyul 2023-yil.
  2. Allayorov, Ixtiyor „Karmana tumani“. https://milliycha.uz/karmana-tumani/. Qaraldi: 6-iyul 2023-yil.
  3. „Karmana tarixi“. www.karmanagov.uz. Qaraldi: 6-iyul 2023-yil.