Kontent qismiga oʻtish

Tatarlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tatardan yoʻnaltirildi)

Tatarlar — xalq, Tataristonning asosiy aholisi (2,012,571 kishi, 2010-yil oʻrtalari). Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston, Mari Respublikasi, Mordoviya, Udmurtiston, Chuvashiston respublikalari, Nijniy Novgorod, Kirov, Penza va boshqa viloyatlarida ham yashaydi. Shuningdek, turkiy tilda soʻzlashuvchi Sibir (sibir tatarlari), Qrim (qrim tatarlari) va boshqa qavmlarni ham tatarlar deb atashadi. Umumiy soni — 7 mln. kishi. Rossiya Federatsiyasidagi umumiy soni (qrim tatarlaridan tashqari) 5,310,649 kishi (2010-yillar oʻrtalari). Tatar tilida soʻzlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar. Dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shugʻullanadi.

Birinchi marta "Tatar" etnonimi 6—9-asrlarda Baykal koʻlining janubi-sharqiy sohillarida yashovchi koʻchmanchi moʻgʻul qabilalari orasida uchragan. Moʻgʻullar istilosi davri (13-asr)da "Tatar" nomi Yevropaga maʼlum boʻlgan. Turkiy tilli qabilalarning Ural yoni va Volga boʻyiga kirib borishi mil. 3—4-asrlarga toʻgʻri kelib, gunshar va boshqa qabilalarning Sharqiy Yevropaga istilosi davri bilan bogʻliq. Tatarlar ugor-fin xalqlari bilan aralashib ketgan. 5— 7-asrlarda turkiy qabilalar Turk xoqonligi bosqini munosabati bilan Gʻarbiy Sibir, Volga boʻyi va Ural yoni mintaqalariga qayta kirib kelishgan. 7— 8-asrlarda Azov boʻyidan Volga boʻyiga bulgʻorlar kelib, turkiylar va mahalliy ugor-finlar bilan birga Volga-Kama Bulgʻoriyasi davlatini tuzganlar. 15— 16-asrlardagi davlatlar (Qozon, Astraxon, Qrim, Sibir va boshqa xonliklar) davrida tatarlarning alohida guruhlari — Oʻrta Volga boʻyi va Ural yoni (Qozon tatarlari, misharlar), Astraxon tatarlari, Sibir tatarlari, Qrim tatarlari va boshqa tatarlar shakllana boshlagan.