Kontent qismiga oʻtish

Narpay tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Narpay tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi tuman. 1974-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Viloyatning janubida joylashgan. Sharq va gʻarbdan viloyatning Kattaqoʻrgʻon, Paxtachi, shimolidan Navoiy viloyatining Xatirchi tumani, janubidan Nurobod tumani, Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km². Aholisi 219 160 kishi (2023). Tumanda 1 shahar (Oqtosh), 2 shaharcha (Mirbozor) (Islom shoir) (2009-yildan), 9 qishloq fuqarolar yigʻini (Kosagaron, Olti-oʻgʻil, Chaqar, Yangirabot, Yangiqoʻrgʻon, Qadim, Qorakoʻl, Qorasiyrak, Xoʻjakorson) va 1ta Guliston Mahalla fuqarolar yigʻini bor. Markazi — Oqtosh shahri

Tuman hududining janubi-gʻarbi Qarnob choʻli, markaziy qismi va Shimoli-sharqida Ziyovuddin-Zirabuloq togʻlari, togʻ oralaridagi soylik va botiqlardan iborat.

Yer yuzasi, asosan, uchlamchi davr choʻkindi jinslaridan tashkil topgan. Bu yer neogen davrigacha dengiz boʻlgan. Neogen davridagi alp orogenetik jarayoni taʼsirida vodiy quruqlikka aylangan. Iqlimi keskin kontinental. Yozi jazirama issiq va quruq, qishi sovuq. Yillik oʻrtacha harorat yanvarda — 1,9°, iyulniki 27,2°. Eng yuqori harorat 44°, eng past harorat —35°. Vegetatsiya davri 200 kun. Yillik yogʻin miqdori 200 mm. Yogʻinning koʻp qismi bahor va qishda tushadi. Shimoliy chegarasi boʻylab Zarafshon daryosi oqib oʻtadi. Soy va jilgʻalar yozda qurib qoladi. Narpay kanali tuman hududidan oʻtgan. Tuproqlari sugʻoriladigan boʻz tuproq, baʼzi joylarda shoʻrlangan tuproqlar, togʻ etagi qiya tekisliklarida och boʻz tuproq, asl boʻz tuproqlar uchraydi. Yovvoyi oʻsimliklardan pashmakshoʻra, oqshoʻra, bugʻdoyiq, qamish, roʻvak, shoʻrajriq, kampirsoch, itgunafsha, yulgʻun va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, quyon, chiyaboʻri, jayra, jayron va boshqalar uchraydi. Qushlardan soʻfitoʻrgʻay, loy-xoʻrak, chugʻurchiq, zargʻaldoq, qirgʻovul; sudraluvchilardan gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar; kemiruvchilardan koʻrsichqon, kichik qoʻshoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqa bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; qozoq, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² 514,5 kishi (2023).

Tuman xoʻjaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, chorvachilik, ipakchilik, sabzavotchilik. 5364 dehqon xoʻjaligi mavjud. Tumanda „„Oqtoshdon“, „Oqtoshnon“, „Salomatlik“ korxonalari, 10 qishloq qurilish kombinati, Zirabuloq magistral gaz yoʻllaridan foydalanish boshqarmasi, Narpay va Zirabuloq MTP aksiyadorlik jamiyatlari, 2 avtotransport korxonasi, Oqtosh va Mirbozor dehqon bozorlari, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Umumiy ekin maydoni 21962 ga, shu jumladan, sugʻoriladigani 20640 ga. 1322 ga lalmikor yerlar, 802 ga bogʻlar, 779 tokzorlar, 515 ga tutzorlar bilan band. Tuman hududidan respublika ahamiyatidagi avtomobil yoʻli, temir yoʻl (Zirabuloq temir yoʻl stansiyasi) oʻtgan.

Maishiy xizmat va kasb-hunar kolleji, 71 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 1 ta jamoat kutubxonasi, 26 ta madaniyat uyi, 560 oʻrinli markaziy kasalxona, 3 ta poliklinika, 15 ta qishloq vrachlik punkti, 2ta qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 39 ta feldsher-akusherlik punkti, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish markazi faoliyat koʻrsatadi. Tumanda, shuningdek, 1932-yildan boshlab „Paxtakor ovozi“ tuman gazetasi chiqadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil