Nishon tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Qashqadaryo viloyati |
Maʼmuriy markazi | Yangi Nishon |
hokim | Botir Tog‘ayev |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Aholi (01.01.2024) | 165,1 ming kishi |
Dinlar tarkibi | musulmonlar |
Maydoni | 2,1 ming km² km² |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Rasmiy sayti | http://nishontumani.uz/ |
Xaritada | |
38°33′27″N 65°34′15″E / 38.55750°N 65.57083°E |
Nishon tumani - Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1975-yil 6-martda tashkil etilgan. Janubida Turkmaniston, shimolida viloyatning Qarshi, sharqda Gʻuzor, gʻarbda Kasbi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,1 ming km². Aholisi 159,2 ming kishi (2022). Nishon tumanida 2 ta shahar (Tallimarjon va Yangi Nishon), 1 ta shaharcha (Nuriston), 10 ta qishloq fuqarolar yigʻini (Balxiyak, Nishon, Navroʻz, Oydin, Oqoltin, Paxtazor, Qirqquloch, Shirinobod, Abdulla Qodiriy, Orzu boʻstoni) bor. Tuman markazi — Yangi Nishon shahri.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman hududi Qashqadaryo vohasining janubida, Qarshi choʻlida joylashgan. Hududining asosiy qismi choʻl, qir hamda adirlardan iborat. Bu yerda Nishon, Gulbodom, Gʻovur, Kaptarli, Oydin kabi choʻl va yaylovlar mavjud. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha harorat 14,8°. Yanvarning oʻrtacha harorati 0,2°, eng past harorat —15°, iyulniki 28,8°, eng yuqori harorat 45°. Vegetatsiya davri 230 kun. Oktabr oyining oxirlari va noyabr oyining boshlaridan havo soviydi va namgarchilik boshlanadi. Yillik yogʻin 180–220 mm. Tuman hududidan Qarshi magistral kanali oʻtgan. Tallimarjon suv ombori bor. Tuprogʻi asosan, boʻz tuproq.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, rus, tatar, tojik, turkman, qozoq, qoraqalpoq, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km² ga salkam 79 kishi.
Iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nishon tumani xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 377 kichik va xususiy korxona, 52 aksiyadorlik jamiyati, Tallimarjon GRES qurilish boshqarmasi, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi shoʻba korxonasi mavjud. Nishon tumanida 3 shirkat, 1967 fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda. 47196 ga yer maydoni sugʻoriladi, shu jumladan, 24553 ga paxta, 18640 ga gʻalla, 596,6 ga sabzavot va poliz, 1637 ga yem-xashak ekinlari bilan band. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 22 ming qoramol, 42,1 ming qoʻy va echki boqiladi. Tuman markazini xoʻjaliklar bilan bogʻlaydigan yoʻllar asfaltlangan. Tuman hududini Katta Oʻzbekiston trakti va temir yoʻl kesib oʻtgan. Nishon—Qarshi (25 km) va boshqa yoʻnalishlarda avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Nishon tumanida 42 umumiy taʼlim maktabi, agroiqtisodiyot kolleji, 3 kasb-hunar maktabi, 21 kutubxona, madaniyat uylari, stadion bor. Kasalxona, feldsher-akusherlik punktlari, qishloq vrachlik punktlari va boshqa tibbiy muassasalarda 156 vrach va 640 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. 1975-yildan „Nishon tongi“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 960).[1]
Moddiy madaniy meros obyektlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nishon tumanida 7 ta obyekt Oʻzbekiston Respublikasining Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[2].
Arxeologiya yodgorliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tumanda jami 3 ta arxeologiya yodgorligi davlat muhofazasiga olingan.
Obyekt toʻliq nomi | Obyekt davri | Obyekt manzili | Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq | |
---|---|---|---|---|
1 | Rabodtepa | X—XII asrlar | Nishon QFY | Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
2 | Gulibodomtepa | X—XVI asrlar | Nishon QFY | Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
3 | Sandiqlitepa | X—XV asrlar | Nishon QFY | Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Arxitektura yodgorliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nayman ota maqbarasi XIV asrda barpo etilgan. Nishon tumani Guliston MFY Otquduq qishlogʻida joylashgan. Maqbara Otquduq qishlog‘idagi baland tepalik yon bag‘rida to‘rtburchak shaklda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan bo‘lib, 2 xonadan iborat. Balandligi 4,3 metrni tashkil etadi[3]. Nayman ota maqbarasi Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruvi ostida. Vazirlar Mahkamasining 2021-yilning 24-fevraldagi 100-sonli qaroriga[4] binoan, Nayman ota maqbarasi 2021-2025 yillarda ustuvor ravishda restavratsiya qilinadigan obyektlar roʻyxatiga kiritilgan.
Monumental sanʼat yodgorliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tumanda jami 3 ta monumental sanʼat yodgorligi milliy roʻyxatga kiritilgan.
Obyekt toʻliq nomi | Obyekt davri | Obyekt manzili | Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq | |
---|---|---|---|---|
1 | Motamsaro Ona haykali | 1984-yil | Paxtakor MFY | Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
2 | Farhod haykali | 1985-yil | Nishon QFY | Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
3 | Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga oʻrnatilgan yodgorlik | 1980-yil | Paxtakor MFY | Davlat mulki. Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz (4-oktabr 2019-yil). Qaraldi: 16-mart 2023-yil.
- ↑ „Nishon tumanidagi madaniy mеros obyektlari nеga qarovsiz?“. daryo.uz (24-oktabr 2018-yil). Qaraldi: 16-mart 2023-yil.
- ↑ „Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-fevraldagi 100-sonli qarori“. Lex.uz (24-fevral 2021-yil). 2020-yil 25-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 16-mart 2023-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |