Kontent qismiga oʻtish

Chiroqchi tumani

Koordinatalari: 39°1′59″N 66°34′36″E / 39.03306°N 66.57667°E / 39.03306; 66.57667
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Chiroqchi tumani
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Chiroqchi
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Nodir Erkayev[1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 181200
Rasmiy sayti Chiroqchi tuman hokimligi rasmiy veb sayti
Xaritada
Chiroqchi tumani xaritada
39°1′59″N 66°34′36″E / 39.03306°N 66.57667°E / 39.03306; 66.57667

Chiroqchi — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman. Hududi 2.8 ming km2. Aholisi 445.5 ming kishi.[2] Shimolda Samarqand viloyatining Nurobod va Pastdargʻom tumanlari, gʻarbda Koson tumani, sharqda Shahrisabz va Yakkabogʻ tumanlari, janubda esa Qamashi, Gʻuzor va Qarshi tumanlari bilan chegaradosh. Tuman hududida Chimqoʻrgʻon va Qalqama suv omborlari mavjud. Markazi — Chiroqchi shahri. Tumanda 33 ta mahalla va 20 ta qishloq fuqarolar yigʻinlari (Dam, Dodiq, Jar, Koʻkdala, Langar, Mirzatoʻp, Oxunboboyev, Paxtaobod, Torjilgʻa, Oʻymovut, Uyshun, Humo, Chim, Chorvador, Shoʻrquduq, Eski Anhor, Yangi Hayot, Qalqama, Qahramon, Qumdaryo) faoliyat yuritgan. 2022-yil 17-martda ulardan ayrimlari Koʻkdala tumaniga oʻtkazilgan.

XVII asrlardan boshlab Chiroqchi bekligi hozirgi tuman hududiga yaqin maydonni egallab, Buxoro amirligining yirik bekliklaridan biri sifatida shakllanib kelgan. 1920-yilda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Shahrisabz viloyati tarkibiga kiritilgan. 1926-yilga qadar shu viloyat tarkibida boʻlgan. 1926-yil 29-sentabrida Qashqadaryo viloyati tarkibiga kiritilgan. Qisqa muddat, 1962-yildan to 1964-yilgacha Yakkabogʻ tumani bilan birlashtiriladi. 1964-yilda esa yana alohida tuman sifatida tashkil etiladi.

Tuman hududi viloyatning shimoliy qismida joylashgan. Relyefi tekis choʻl va qiradirlardan iborat boʻlib, janubiy gʻarbdan shimoliy sharqqa (Qoratepa togʻi) balandlashib boradi. Balandligi tekis choʻl qismida 400- 600 m, adirda 700-900 m va Zarafshon tizmasining davomi boʻlmish Qoratepa togʻida 1200-1500 m. Dursun qishlogʻi yonida tabiiy gaz koni topilgan. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 14,7°. Yanvarnning oʻrtacha temperaturasi 2,7°, eng past temperatura —20°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 220—230 kun. Yiliga 368 mm, sharqida 400-500 mm yogʻin tushadi. Tumandagi ekinlar Qashqadaryo, Qumdaryo, Oyoqchidaryo va boshqa kanallardan sugʻoriladi. Tumanning janubida Chimqoʻrgʻon suv ombori bor. Shimoliy togʻli zonada oʻtloqi, tekislik qismida tipik boʻz tuproqlar, och boʻz tuproq, dara vodiylarida oʻtloki botqoq tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklardan rang, qargʻaoyoq, qamish, chitir, karrak, bugʻdoyiq, yantoq, kashkar beda, qoramugʻ, qoʻziquloq, oqquray, tuyaqorin va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, quyon, kalamush, qoʻshoyoq, sichqon, echkemar; qushlardan qirgʻovul, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, chugʻurchiq, zargʻaddoq va boshqalar bor.

Asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 995,1 kishi. Qishloq aholisi 2952,5 ming kishi, shahar aholisi 179,5 ming kishi (2003).

Asosan qishloqlarda gaplashiladigan bu til oʻzbek tilining qipchoq lahjasidir. Adabiy tildan farqlari quyidagicha:

  • Bu lahja oʻzbek tilidan boshqa turk tillarida mavjud boʻlgan unlilar singarmoniyasini (unlilar uygʻunligini) saqlab qolgan.

Undan tashqari, adabiy oʻzbek tilidagi tovushlar biroz farq bilan talaffuz qilinadi:

  • NG' diftongi ng shaklida („ngʻ“ „ng“ kabi ogʻiz boʻshligʻining old qismida emas, balki orqarogʻida paydo boʻladi)
  • I tovushi ikki xil tarzda talaffuz qilinadi; ingichka 'iʼ (rus tilidagi „i“ga oʻxshash) va yoʻgʻon 'iʼ (rus tilidagi „i“, ammo biroz yumshoq);
  • A ham ikki xil: yumshoq va qattiq „A“ holida ishlatiladi.

Baʼzan birikmalar, soʻzlar ham oʻzgacha talaffuz qilinadi:

  • mi soʻroq yuklamasi „ma“ tarzida (masalan, "boʻmayma?", yaʼni „boʻlmaydimi?“);
  • ni tushum kelishigi qoʻshimchasi, agar undan oldingi tovush undosh boʻlsa, unda „di“ yoki „ti“ tarzida (masalan, „ularni“ -> "ulArDI", „kitobni“ -> "kitApTI") talaffuz qilinadi;
  • qol feʼli yordamchi maʼnoda kelsa „gʻay“ shaklida talaffuz qilinadi: „boʻlaqol“ -> "boʻlaGʻAY", „kelaqol“ -> "kelaGʻAY" kabi.
  • Odatda hozirgi zamon davom feʼlini yasash adabiy tildan farq qilmaydi. Ammo baʼzi oʻrinlarda hozirgi zamon davom feʼlini ifodalash uchun "jopti" qoʻshimchasi qoʻshiladi: "qibjopti" („qilayapti“), "jebjopti" („yeyapti“) kabi.

Baʼzan adabiy tilda mavjud boʻlmagan soʻzlarni ham qoʻllashadi: "oʻtirik" (yolgʻon), "irga" (burchak, chet), "ucha" (dumba, tos qismi), "chinaqay" (jimjiloq), "sovliq" (urgʻochi qoʻy), "kallak" (qop, xalta) va hk.

Asosan qishloq xoʻjaligiga asoslangan. Gʻallachilik, paxtachilik, bogʻdorchilik, chorvachilik. Tuman markazida paxta tozalash zavodi mavjud.

Tumanda 2526 yirik, oʻrta, kichik korxona va mikrofirmalar, paxta tozalash, gʻisht zavodlari, gilam fabrikasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, bosmaxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. 20 shirkat, 970 fermer, boʻrdoqichilik xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Qishloq xoʻjaligi paxtachilik, gʻallachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi. Ekin maydonlariga paxta, don, kartoshka, poliz, sabzavot, ozuqa ekinlari ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qorakoʻl qoʻy, parranda boqiladi. 174 umumiy taʼlim, bolalar musiqa maktablari, 19 kasb-hunar kollejlari mavjud boʻlib shundan 3 kasb-hunar kollejlari filiali mavjud. Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, 18 klub muassasalari, madaniyat va istirohat bogʻi ishlab turibdi. Kasalxona, feldsher-akusherlik nuqtalari, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar bor.

Beshchashma jamoa xoʻjaligida Niderlandiyaning NOVIB va BMTning Taraqqiyot Dasturi (UNDP) hamkorlikda kichik biznesni rivojlantirish boʻyicha uchirma loyihani amalga oshirmoqdalar.[3]

„Chiroqchi-konserva“ korxonasi (tomat pastasi, olma va uzum sharbatlari), „Chiroqchi-KVARTS“ (oyna va yuqa keramika), „Istiqlol-parranda“ parrandachilik fabrikasi (Yettitom) kabi korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda.

Tuman hududida marganets, chinni xom ashyosi, qurilish uchun toshlar, buyoq uchun xom-ashyo konlari topilgan.[4]

Jamoa va shirkat xoʻjaliklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Hamid Olimjon,
  • Beshchashma,
  • Koʻkdala,
  • Oxunboboyev,
  • Zarbdor,
  • Mehnatobod,
  • S.Joʻrayev,
  • Sohibkor,
  • Paxtakor,
  • Oʻzbekiston,
  • Hayitkoʻl,
  • Oqchova,
  • Qalqama,
  • K.Sodiqov,
  • D.Safarov,
  • Chiyal,
  • Ahmad Yassaviy,
  • Fayzulla Xoʻjayev,
  • Shoʻrquduq,
  • Navroʻz,
  • Chorvador.
Chiroqchi tumani hududining Chiroqchi (koʻk rangda) va Koʻkdala (qizil rangda) tumanlariga boʻlinishi

2022-yil 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Chiroqchi tumani hududini ikkiga ajratish orqali Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Majlisda yangi tashkil etiladigan Koʻkdala tumaniga Chiroqchi tumanidan 177 ming aholi yashaydigan 171 ming ga yer maydoni ajratilishi haqida kelishib olindi[5]. 2022-yilning 17-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati yigʻilishida Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli qaror qabul qilindi[6].

  1. Янги ташкил этилган Кўкдала туманига илк ҳоким тайинланди // Gazeta.uz (2022-yil 19-aprel)
  2. Qashqadaryo viloyati sahifasi faktlari[sayt ishlamaydi]
  3. arxiv nusxasi, 2-aprel 2015-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 16-noyabr 2008-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  4. http://www.pdf4.ru/text8767/Kashkadarya_investment_program.html[sayt ishlamaydi]
  5. Chiroqchi tumanidan Koʻkdala tumani tarkibiga qancha yer maydoni oʻtkazilishi ochiqlandi. (Wayback Machine saytida 2022-03-07 sanasida arxivlangan) // Xalq soʻzi (2022-yil 2-mart)
  6. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini oʻzgartirish va Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi. (Wayback Machine saytida 2022-04-24 sanasida arxivlangan) // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (2022-yil 17-mart)