Kontent qismiga oʻtish

Forish tumani

Koordinatalari: 40°41′24.0″N 67°11′24.0″E / 40.690000°N 67.190000°E / 40.690000; 67.190000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Forish tumani



tuman
Tarkibida Jizzax viloyati
Maʼmuriy markazi Bogʻdon
Asos solingan sanasi 1935-yil
Hokimi Matiyev Ikrom Sindorovich
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (2020) 93500
Zichligi 9.7 kishi./km²
Millatlar tarkibi O'zbeklar (87,2%), tojiklar (6,1%), qozoqlar (5,0%)
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 9560 kv.km km²
Balandligi
dengiz sathidan
 Baland choʻqqisi


 2169 m. m
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 0372(452)
Pochta indeksi 1312xx
Rasmiy sayti https://forish.jizzax.uz/
Xaritada
Forish tumani xaritada
40°41′24.0″N 67°11′24.0″E / 40.690000°N 67.190000°E / 40.690000; 67.190000

Forish tumani – Jizzax viloyatidagi tuman. 1935-yil 9-fevralda tashkil etilgan. 1962-yilda Nurota va Jizzax tumanlari tarkibiga qoʻshib yuborilgan. 1964-yilda qayta tashkil etilgan. Forish tumani dastlab Samarqand, 1964-yil Sirdaryo, 1974-yil Jizzax viloyatlari tarkibiga kiritilgan. Shimoliy va shimoli-sharqdan Qozogʻiston, sharqdan Sharof Rashidov, Zafarobod, Arnasoy, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari, janubidan Gʻallaorol tumani, gʻarbdan Samarqand, Navoiy viloyatlarining Qoʻshrabot, Nurota tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 9,53 ming km²[1]. Aholisi 93,500 kishi (2020).

Mahalliy maʼlumotlar boʻyicha tuman nomiga oʻtgan Forish qishlogʻining nomi Amir Temur Samarkand atrofida qurdirmoqchi boʻlgan „Parij“ shahri nomidan olingan. Keyinroq mahalliy xalq shevasida bu atama Farij, Farish, Forish deb oʻzgarib borgan degan, taxmin mavjud[2][3].

Maʼmuriy boʻlinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanda 2 shaharcha (Uchquloch, Bogʻdon), 11 qishloq fuqarolari yigʻini bor:

  1. Arnasoy
  2. Garasha
  3. Gulzor
  4. Darvoza
  5. Omongeldi
  6. Osmonsoy
  7. Uxum
  8. Forish
  9. Egizbuloq
  10. Qizilkum
  11. Qorabdol.

Markazi – Yangiqishloq shaharchasi.

Tuman hududi viloyatning shimoli.gʻarbiy qismida joylashgan. Relyefi payettekislik, qir, adir va Nurota, Pistali togʻlaridan iborat. Nurota tizmasi shimoli-sharqdan (230-250 m) janubi-gʻarbga (1400-2000 m) koʻtarila boradi. Eng baland joyi 2169 m (Zargar togʻidagi Hayotboshi choʻqqisi). Janubi-gʻarbda Nurota togʻlari va Qoʻytosh, Baliqlitov, Pistalitogʻ, Yetimtogʻi tizmalari joylashgan. Tumanda Arnasoy, Tuzkon, Baliqli, Pistali koʻllari va Aydar botigʻi bor.

Tuman hokimiyati binosi, Bogʻdon

Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, quruq, qishi sovuq. Yillik oʻrtacha temperatura 14,5°, yanvarning oʻrtacha temperaturasi —1,5°, eng past temperatura —32°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 29,5°, eng yuqori temperatura 46°. Yiliga oʻrtacha 340- 360 mm (shimoli-sharqida 240-260 mm, janubi-gʻarbida 459-480 mm) yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri 216—218 kun. Adirlar kumtosh, qum, mergel, lyosslardan tashkil topgan, ayrim joylar chagʻir toshlar bilan qoplangan. Soylik, jar, yezda qurib qoladigan soy koʻp. Bahorgi yogʻingarchilik paytida soylarda suv toʻlib oqadi.

Adirlarning tuprogʻi gipsli boʻz, oʻtloqi boʻz, qumoq, qumloqlar, shoʻrxok va shoʻrlangan tuproqlar tarqalgan. Nurota togʻlaridan oqib keladigan Ustixonsoy, Osmonsoy, Bolamansoy, Uxumsoy, Hayotsoy, Oqtoshsoy, Kattasoy, Chorvoqsoy va boshqalarlardan togʻ etaklaridagi lyossli qiya tekisliklarni sugʻorishda foydalaniladi.

Tumanda yer osti suvlari ancha yuza joylashgan (shimoli-sharqida 1-2 m, janubi-gʻarbida 10-25 m). Erta bahorda efemer va efemeroidlar oʻsadi. Dagʻal oʻtlar hamda itqovun, yulgʻun, yantoq, shoʻra, shuvoq kabi oʻsimliklar qorakoʻl qoʻylar uchun muxim ozuqadir. Togʻli qismida yovvoyi jiyda, olma, archa, handonpista, yongʻoq, bodom, naʼmatak, zira, zirk va boshqa usadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, qobon, chiyaboʻri, arxar, jayran, quyon; qushlardan burgut, tuvaloq, bedana, qirgʻovul, kaklik, oʻrdak, kaptar; kemiruvchilardan kalamush, yumronqoziq, dala sichqoni; tipratikan, toshbaqa, zaharli ilonlar, kaltakesaklar, suv havzalarida turli xil baliq koʻp. Tuman hududida Nurota davlat qoʻriqxonasi va Biosfera rezervati qoʻriqxonalari tashkil etilgan.

Milliy tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman aholisi 2020-yil hisobiga 93,500 kishini tashkil qildi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 9,7 kishi (2020). Shahar aholisi 12,8 ming kishidan ziyod, qishloq aholisi 80 ming kishi.

Masjid qurilishi

Aholining asosiy qismini musulmonlar tashkil qiladi. Tuman hududida 8 ta masjid bor: Yangiqishloq jome masjidi, Kattabogʻdon jome masjidi, Grehkusha jome masjidi, Osmonsoy jome masjidi, Ismoil hoji jome masjidi, Nureshim jome masjidi, Arazgeldi ota jome masjidi va Uxum jome masjidi[4]. Har 11,600 kishiga bitta masjid toʻgʻri keladi. 2019-yilda bir vaqtning oʻzida 800 kishini sigʻdira oladigan tuman markazida yangi masjid qurilish ishlari boshlandi[5].

Xoʻjaligi. Tumanda, asosan, qishloq xoʻjaligining chorvachilik, dehqonchilik, bogʻdorchilik, tokchilik tarmoqlari rivojlangan. Forish tumani hududidan qoʻrgʻoshin, rux, ohaktosh, bazalt, marmarlashgan qora ohaktosh ochiq usulda qazib olinadi. Tumandagi „Karbonat“, Uchquloch koni, „Devon“, „Forteks“ va boshqa korxonalar samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tumanning umumiy yer fondi 474,3 ming ga. Tumanda chorvachilikka ixtisoslashgan 4 ta, sabzavot va bog'dorchilikka ixtisoslashgan bitta, gʻallachilik, chorvachilikka ixtisoslashgan 7 ta shirkat xoʻjaligi mavjud.

400 dan ziyod fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda. Ekin maydonining 12,5 ming gektariga gʻalla (asosan, lalmikor), 90 gektariga sabzavot, 707 gektariga poliz ekinlari ekiladi. 609 ga bog'lar, 1058 ga tokzorlar bilan band. Forish tumani shaxsiy va jamoa xoʻjaliklarida 22,2 mingdan ziyod qoramol, 31 ming qo'y va echki, 34,5 ming parranda, 3,6 ming yilqi boqiladi. Tuman oʻrmon xoʻjaligi hisobida 80 ming ga yer mavjud. Shundan 2000 gada saksovulzor, 130 gada yong'oqzor barpo etilgan. Oʻrmon xoʻjaligida sariqchoy, kiyikoʻt, togʻrayhon, naʼmatak, ravoch kabi dorivor oʻsimliklarni yigʻib dorixonalarga topshiriladi. Xoʻjalik yiliga 10 ming tup yongʻoq, tok koʻchatlarini tayyorlab aholiga yetkazib beradi.

4P36 avtomobil yoʻli

Forish tumanida avtomobil yoʻllari uzunligi 343 km, shundan 288 km respublika ahamiyatiga ega. Temir yoʻl uzunligi 71 km. Bogʻdon— Jizzax, Bogʻdon—Forish, Bogʻdon—Chimqoʻrgʻon, Bogʻdon-Toshkent va boshqa yoʻnalishlarda avtobuslar qatnaydi.

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2003-2004 oʻquv yilida tumanda 70 umumiy taʼlim maktabi (18,3 ming oʻquvchi), 7 maktabgacha, 3 maktabdan tashqari muassasalar ishladi. 2 qishloq xoʻjaligi va maishiy xizmat kasbhunar kolleji (892 talaba) bor (2004).

Maishiy xizmat koʻrsatish kolleji

Markaziy kutubxona va bolalar markaziy kutubxonasi, 28 qishloq kutubxonasi (kitob fondi 281,4 ming asar) aholiga xizmat koʻrsatadi. Stadion, sport zallari, maydonchalari va boshqa sport inshootlari mavjud.

Madaniyat saroyi, 5 madaniyat uyi, 5 klub, „Chorvador“ xalq dastasi (1972-yilda tashkil etilgan) faoliyat koʻrsatmoqda.1936-yildan „Forish tongi“ gaz.si nashr qilinadi (adadi 2000).

10 ta kasalxona (qariyb 600 oʻrin), 30 feldsherakusherlik punkti, 19 qishloq vrachlik punkti, 7 qishloq vrachlik ambulatoriyasida 110 vrach va 426 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Har 10 ming aholiga 15 vrach toʻgʻri keladi.

Baliqchi koʻlidan olinadigan shifobaxsh balchiq bilan davolaydigan sanatoriya bor. Shifobaxsh balchiq bilan respublikadagi boshqa statsionar va sanatoriylar ham taʼminlanadi.

Xonbandi toʻgʻoni yodgorligi (10-asr, 1582), Qoratosh (1—2-asrlar), Abdullaxon Chorbogʻi (16-asr) arxeologiya yodgorliklari mavjud.

Taniqli shaxslar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Narmaxonmadi Xudoyberdiyev – (10-fevral 1928 – 27-noyabr 2011) – OʻzSSR Ministrlar soveti raisi (1971—1984) boʻlgan. Forish qishlogʻi Yatak qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan. Qishloq xoʻjaligi institutini tugatgan (1949). Veterinariya fanlari doktori, dotsent. Institut yoshlar tashkiloti kotibi lavozimida ishlagan. OʻzSSR kompartiyasi kotibi yordamchisi, Buxoro viloyati ijroiya qoʻmitasi kotibi oʻrinbosari, Buxoro viloyati ijroiya qoʻmitasi kotibi, OʻzSSR Qishloq xoʻjaligi kotibi, Buxoro viloyati ijroiya qoʻmitasi kotibi oʻrinbosari, OʻzSSR Ministrlar soveti raisining oʻrinbosari, Surxondaryo viloyati ijroiya qoʻmitasi kotibi, OʻzSSR Kompartiyasi kotibi, OʻzSSR Qishloq xoʻjaligi vaziri, Sirdaryo viloyati ijroiya qoʻmitasi kotibi, 25-fevral 1971-yil – 19-noyabr 1984-yil. OʻzSSR Ministrlar soveti raisi vazifalarida xizmat qilgan. 1986-yil 27-iyulda „Paxta ishi“ doirasida partiyadan boʻshatilgan. 23-fevral 1987-yilda pora olganlikda ayblanib, qamoqqa olingan. 9 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov qaroriga muvofiq, 1991-yilda ozod etilgan. Barcha mukofot va unvonlari qaytarib berilgan.
  • Evril Turon (Mamadali Mahmudov) – (1940—2020) turkolog, oʻzbek yozuvchisi va Oʻzbekiston madaniyat forumining sobiq raisi, Xalqaro Turon Yozuvchilar Ittifoqining raisi boʻlgan. 1940-yil 12-dekabrda Katta Bogʻdon qishlogʻida tugʻilgan. U 1966-yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimiga oʻqishga kirgan. „Bu togʻlar ulugʻ togʻlar“, „Boʻz boʻri“, „Oʻlmas qoyalar“, „Tumanli kunlar“ va „Oy nuri“ kabi asarlar muallifi. Asarlari Fransiya, Olmoniya, Kanada, Turkiya, Norvegiya, Angliyada nashr etilgan. Mamadali Mahmudov umrining 17 yilini siyosiy mahbus sifatida qamoqda oʻtkazgan va 2013-yilning aprel oyida ozodlikka chiqarilgan. 2018-yil noyabr oyida u Yozuvchilar uyushmasining aʼzoligiga tiklangan edi[6]. 16-oktyabr 2020-yil Toshkentda vafot etgan.
  • Sa'dulla Hakimov – (1951—2020) Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir, vafotiga qadar Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi boʻlgan. 1951-yili Jizzax viloyatining Forish tumanida tugʻilgan. 1977-yili Toshkent davlat (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. U oʻzining ijodiy va mehnat faoliyatini Gʻallaorol tumanida oʻqituvchilikdan boshlagan. Keyinchalik, „Oʻzbekistonda sotsial taʼminot“ jurnali mas’ul kotibi, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasida boʻlim mudiri, mas’ul kotib, bosh muharrir, „Maʼrifat“ gazetasi bosh muharriri, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining oʻrinbosari, „Turkiston-press“ nodavlat axborot agentligi bosh direktori, Prezident devoni axborot markazi rahbarining oʻrinbosari, rahbari, prezidentning jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha davlat maslahatchisi oʻrinbosari kabi vazifalarida mehnat qilgan. Jurnalistlar uyushmasiga 2016-yil 29-dekabrdan vafoti 2020-yil 11-oktyabrgacha rahbarlik qilgan[7].
  • Temir Shirinov – 1950-yil 10-martda Jizzax viloyati Forish tumani Uchma qishlogʻida tugʻilgan. 1972-yilda Termiz Davlat pedagogika institutini tarixchi-arxeolog mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan, tarix fanlari doktori, professor. Temuriylar tarixi va madaniyatini oʻrganish Assotsiatsiyasi (Fransiya) Vitse-prezidenti Germaniya arxeologiya Instituti haqiqiy aʼzosi, Tokio Soko Universiteti (Yaponiya) oliy mukofoti sovrindori, Varshava (Polsha) universiteti Oltin medali sohibi. „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlangan, „Fan arbobi“ faxriy unvoniga sazovor boʻlgan. 2017-yildan – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-maʼrifiy memorial majmua rahbari[8].



  1. Джизакская область. Справочная политико-административная карта. Масштаб 1:500 000. Ташкент. Госкомгеодезкадастр, 2009 год. ISBN 978-9943-15-058-4
  2. Иванов П. П. Очерки по истории Средней Азии (XVI — середина XIX веков). — M., 1950. — С. 120.
  3. Г. А. Хидоятов „Военно-имперский феодализм“, . Моя родная история, 21000 экз, Ташкент: Укитувчи, 1990 — 172-bet. ISBN 5-645-00943-6. 
  4. https://masjid.uz/jizzax-v/206-forish-tumani.html
  5. „arxiv nusxasi“. 29-yanvar 2022-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 22-fevral 2021-yil.
  6. https://www.gazeta.uz/oz/2020/10/16/mahmudov/
  7. https://www.gazeta.uz/oz/2020/10/11/sadulla-hakimov/#!
  8. „arxiv nusxasi“. 5-mart 2021-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 21-fevral 2021-yil.