Kontent qismiga oʻtish

Xonqa tumani

Koordinatalari: 41°28′12″N 60°46′48″E / 41.47000°N 60.78000°E / 41.47000; 60.78000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xonqa tumani
tuman
Tarkibida Xorazm viloyati
Maʼmuriy markazi Xonqa
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Zafar Sabirov
Rasmiy tili o'zbek
Aholi (2022) 191,620 [1]
Zichligi 349,8 kishi./km²
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar
Dinlar tarkibi Musulmonlar
Maydoni 0,43 ming km²
(7,0 %)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 6239
Pochta indeksi 2
Avtomobil raqami kodi 90
Xaritada
Xonqa tumani xaritada
41°28′12″N 60°46′48″E / 41.47000°N 60.78000°E / 41.47000; 60.78000

Xonqa tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Yangiariq tumaniga qoʻshilgan. 1973-yil 26-dekabrda qayta tuzilgan. Tuman shimoli-gʻarb va gʻarb qismida Urganch tumani, janubi-gʻarbda Xiva va Yangiariq tumanlari, janubiy va janubi-sharqda Bogʻot tumani, shimoli-sharqdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,43 ming km2. Aholisi 191.6 ming kishi (2022). Tumanda 1 shaharcha (Xonqa), 10 tuman fuqarolari yigʻini (Amudaryo, Jirmiz, Madir, Navxos, Namuna, Olaja, Sarapoyon, Tomadurgʻodik, Qirqyop, Qoraqosh) bor. Markazi — Xonqa shaharchasi.

Tabiati. Tuman hududi Amudaryoning chap sohilidagi pasttekislikda joylashgan, oʻrtacha bal. 100 m. Bu joylar Amudaryoning qad. deltasi boʻlib, hozirgi ham oʻzanini oʻzgartirib turadigan juda koʻp daryo tarmoqlari mavjud. Iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq. Arktika havosi kirib kelganda, temperatura keskin pasayib ketadi. Yillik oʻrtacha temperatura 11°, yanvarning oʻrtacha temperaturasi —5,1°, iyulniki 27,3°. Eng yuqori temperatura 43°, eng past temperatura —32°. Vegetatsiya davri 201 kun. Yiliga oʻrtacha 80-100 mm yogʻin tushadi. Tumanning yonidan Amudaryo, tuman hududidan Shovot, Polvonyop, Kulobod, Xonqaarna, Urgancharna, Olaja va boshqa magistral kanal va ariklar oqib oʻtadi. Tuprogʻi serunum, daryo oqizib keltirgan qum va gildan paydo boʻlgan allyuvial, choʻlqum oʻtloqi, oʻtloqibotqoq tuproqlar tashkil etadi. Yovvoyi oʻsimliklardan chiy, qamish, qoʻgʻa, qoʻytikan, roʻvak, bugʻdoyiq, ajriq, yantoq, qorabaroq, oqbosh, shoʻra, pechakoʻt, yulgʻun, turangʻil, terak, tol, jiyda va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻrsiq, yumronqoziq, quyon, chiyaboʻri, toshbaqa, kaltakesaklar; qushlardan bir necha xil oʻrdak, kulrang gʻoz, qoʻton, birqozon, inuya, moʻylovli chittak, dehqon chumchuq, oq qanotli qizilishton, sassiqpopishak, zargʻaldoq, tustovuq va boshqa koʻp. Baliqlardan oq amur, doʻng peshona, karp, sazan, laqqabaliq va boshqa bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qoraqalpoq, rus, turkman, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 319,8 kishi (2004). Shahar aholisi 33,6 ming kishi, qishloq aholisi 103,9 ming kishi (2004).

Xoʻjaligi. Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan. Paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, ipakchilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik rivojlangan. Xonqa qad.dan kulolchilik buyumlari bilan mashhur. R. Matchonovlar yaratgan kulollik buyumlari xorij muzeylarida namoyish etilmoqda. Tumanda yirik, oʻrta, kichik korxona va mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari, „Xonqaguruch“, don mahsulotlari ktlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona va boshqa ishlab turibdi. Oʻzbekiston—Italiya „Meva“ konservalash qoʻshma korxonasi faoliyat koʻrsatadi. Dehqon bozori, 250 savdo, 228 maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor.

Xonqa tumanida 9 shirkat, 400 dan ziyod fermer xoʻjaligi, ijara xoʻjaligi mavjud. Umumiy ekin maydoni 24,7 ming ga, shundan 10,4 ming ga yerga paxta, 9,7 ming ga yerga don, 342 ga yerga kartoshka, 987 ga yerga sabzavot ekinlari ekiladi (2004). Shuningdek, poliz mahsulotlari, yemxashak ham yetishtiriladi. Tumanning Navxos qishlogʻida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ga qarashli paxtachilik tajriba dalasi mavjud. Jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarda 60,4 ming qoramol (shu jumladan, 22,6 ming sigir), 17 ming qoʻy va echki, 140 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004).

2003/04 oʻquv yilida 51 umumiy taʼlim maktabida 34,2 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oldi. 4 kasb-hunar kolleji, 3 iqtidorli bolalar maktabi ishlab turibdi (2004). Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari (31 mingdan ziyod asar), 13 madaniyat uyi, „Jayxun“ qoʻgʻirchoq teatri, „Dilorom“, „Sarapoyon gullari“ ashula va raqs dastalari, oʻlkashunoslik muzeyi faoliyat koʻrsatadi. Madaniyat va istirohat bogʻi, Alisher Navoiy xotirasiga bagʻishlangan adabiyot bogʻmuzeyi bor. Stadion, 38 sport zali, futbol, voleybol, basketbol maydonlari va boshqa sport inshootlari mavjud. 2 kasalxona (470 oʻrin), tugʻruqxona, 2 tish davolash, kattalar poliklinikalari, 20 feldsherakusherlik punkta, 3 qishloq ambulatoriyasi, 13 qishloq vrachlik punkti, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 270 vrach, 1019 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi (2004). „Xonqa“ va „Avtomobilchi“ sanatoriylari bor.

Tuman hududidan Urganch — Toshkent avtomobil temperaturakti, Toshkent — Urganch — Volgograd — Moskva xalqaro temir yoʻl oʻtgan. Xonqadan Urganch, Bogʻot, Hazorasp, Toʻrtkoʻl va boshqa shahar va aholi punktlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Meʼmoriy yodgorliklaridan Sayd ota masjidi va maqbarasi, Gavdonboy uyi (1910—1914-yillar; 1994-yilda taʼmirlangan) saqlangan. 1931-yildan „Xonqa hayoti“ (avvalgi nomlari „Qurilish“, „Mashʼal“) tuman gaz. nashr etiladi (adadi 1000).

  • Fateyev A. A., Xankinskaya volost, 1926; Xonqa tarixi, Urganch, 1995.




  1. [1]