Kontent qismiga oʻtish

Gurlan tumani

Koordinatalari: 41°50′30″N 60°23′45″E / 41.84167°N 60.39583°E / 41.84167; 60.39583
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gurlan tumani



tuman
Tarkibida Xorazm viloyati
Maʼmuriy markazi Gurlan
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Jumaniyozov Umrbek Matkarimovich
Aholi (2022) 152 ming kishi[1]
Zichligi 334 kishi./km²
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar
Dinlar tarkibi Musulmonlar
Maydoni 0,45 ming km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Gurlan tumani xaritada
41°50′30″N 60°23′45″E / 41.84167°N 60.39583°E / 41.84167; 60.39583

Gurlan tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tumani. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Janubda viloyatning Shovot tumani, janubi-sharqda Yangibozor tumani va sharq, shimol va shimoli-gʻarbda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, janubi-gʻarbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Hududi 447,4 kv.km ni tashkil qiladi. Gurlan tumani viloyat hududining 7,3 foizini egallaydi. Mahalla fuqarolari yigʻinlari soni 50 ta, qishloq aholi punktlari soni 31 ta, shaharchalar soni 9 ta. Aholisi 152 ming kishi kishi (2022-yil 1-yanvar).[2].Gurlan tumanida 1 shaharcha (Gurlan), 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Birlashgan, Vazir, Guliston, Doʻsimbiy, Olgʻa, Saxtiyon, Xizireli, Sholikor, Eshimjiron) bor. Markazi — Gurlan shaharchasi[3].

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Professor A.Nabiyevning Tarixiy o'lkashunoslik kitobida keltirilishicha " Bir vaqtlar bu yerda ko'r chol va cho'loq kampir ko'chib kelgan. Ular hunarmand bo'lib, bozorda o'zlari yasagan narsalarni sotishar ekan. Ular yasagan narsalar juda talabgir bo'lib, aholi kosiblarda bir sir bor deb ularning atrofiga joylasha boshlabdilar. Zamonlar o'tishi bilan bu yerlar Gurlan nomini olibdi"[4]. Z.Do'simovning aytishicha Gurlan so'zining paydo bo'lishi turkiy-mo'g'ul davri bilan bog'liqdir. Mahalliy aholi Gurlan asli Ko'rlang bo'lib aholi tomonidan Gurlan deya talqin qilinadi deydi. Mo'g'ul tilida bog', hovli ma,nosini anglatuvchi Xureelen so'zi mavjud. Bu talqinga ko'ra, to'xtash joyi degan ma'noni anglatadi deyiladiДўсимов З., Эгамов Х. Жой номларининг қисқача изоҳли луғати, –Т., 1977. 45–46-бетлар. YuNESKo akademigi Xudoyor Ollayorovning talqiniga ko'ra, Gurlan so'zi Gurlan-Gor olon, ya'ni olon urugining go'ri, qabristoni degan ma'noni anglatadi deydi[5]. Urganch davlat universiteti dotsenti sharqshunos Abdulla Ahmedovning aytishicha, Gurlan so'zi shu yerda yashovchi kulon deb ataluvchi hayvon nomidan kelib chiqqan deya talqin qiladi[6]. Z.Do'simov o'zining "Xorazm toponomikasi" kitobida Gurlan mo'g'ulcha Kurelen, Kuren so'zlaridan olingan bo'lib, "atrofi o'ralgan qishloq" degan ma'noni anglatadi deydi[7]. Suyun Qorayev va Z.Ziyotovlar gurlanda shu nom bilan ataluvchi kichik urug' bo'lgan. Gurlan so'zi ham shu urug'lar nomidan kelib chiqqan deyilgan[8].


Relyefi bir oz past-baland tekislikdan iborat boʻlib, shimoli-gʻarbga qiyaroq. Iqlimi kontinental. Iyulning oʻrtacha harorati 26—28 °C, yanvniki — 6 °C. Yillik oʻrtacha yogʻin 100 mm. Vegetatsiya davri 180—200 kun. Tumanning shimoliy va shimoli-sharqidan Amudaryo oʻtadi. Tuman ekinzorlari Qilichboyarna, Qiyotqoʻngʻirot, Daryoliq, Asyop, Toʻqsonarna, Nukusyop, Xizirliyop. Yangiyop, Olgʻayop, Savoyop kabi kanal va ariqlardan sugʻoriladi. Tuprogʻi allyuvial, oʻtloqi-botqoq va shoʻrxok tuproq. Tuman hududida kichikroq qumliklar ham bor. Yovvoyi oʻsimliklardan oqbosh, yantoq, shoʻra, pechak, qamish, yakan va b. usadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, boʻrsiq, quyon, qobon, ondatra, parrandalardan tustovuq, oʻrdaklar uchraydi.

Gurlan tumanining aholisi asosan oʻzbeklar, shuningdek, qaraqalpaq rus, tatar, qozoq, turkmen va boshqa millat vakillari ham bor. Aholisi 150,3 ming kishi kishi 1 km2 ga 334 kishi toʻgʻri keladi (2021). Shaharliklar 40,0 ming, qishloq aholisi 110 ming kishi.

Tumanda 2008-yil 1-oktabr xolatiga 2968 ta korxona roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, shundan 2697 tasi faoliyat koʻrsatmoqda. Faoliyat koʻrsatayotgan 2697 ta korxonadan 2533 tasi kichik biznes subyektiga qarashlidir. Tumanda 1 ta yirik sanoat korxonasi, 3 ta qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda

Gurlan tumani asosan qishloq xoʻjaligigaga ixtisoslashgan. Paxta tozalash zdi, bosmaxona, xalq isteʼmoli mollari va poyabzal fabrikalari, mahalliy sanoat korxonasi, „Gurlan“ toʻqimachilik majmuasi mavjud. Kalava ip, gazlama, trikotaj gazlama va tayyor trikotaj kiyimlar ishlab chikarilmoqda. Tumanda 350 xususiy va kichik korxona va 9 aksiyadorlik jamiyati bor. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 28,9 ming ga, ekinzorlar 25,2 ming ga, shundan 12,3 ming ga paxta 1,6 ming ga sholi, 3,1 ming ga gʻalla ekinlari, 513 ga sabzavot-poliz ekinlari, 182 ga makkajoʻxori bilan band. Gurlan tumanida 12 shirkat xoʻjaligi, 535 dehqon-fermer xoʻjaligi va boshqa xoʻjaliklar bor (2002). Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 36,9 ming qoramol, 6,1 ming koʻy va echki, 104,7 ming parranda boqilmoqda (2002).

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2001/2002 oʻquv yilida 43 umumiy taʼlim maktabida 26,4 ming oʻquvchi, 4 litseyda 837 oʻquvchi taʼlim oldi. 40 jamoat va bolalar kutubxonasi, 15 madaniyat uyi, 495 oʻrinli 4 kasalxona va dispanser, 13 ambulatoriya, 11 qishloq vrachlik punkti boʻlib, ularda 293 vrach, 1021 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1931-yildan „Gurlan hayoti“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 2500 dan ziyod)[9].

  1. Tuman haqida, 2013-10-06da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-14
  2. {{|url=http://gurlan.uz/site/page?code=tuman-haqidagi-malumot}}
  3. „СОАТО Система обозначений административно-территориальных образований“. 2012-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-oktabr 2011-yil.
  4. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
  5. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
  6. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
  7. Дўсимов З., Эгамов Х. Жой номларининг қисқача изоҳли луғати, –Т., 1977. 45–46-бетлар
  8. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
  9. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

https://xs.uz/uz/28640[sayt ishlamaydi] https://t.me/gurlanhokimlik/7155