Kontent qismiga oʻtish

Boysun bahori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boysun bahori
Janri Folklor
Oʻtkazilishi Ikki yilda bir marta
Lokatsiya Surxondaryo viloyati Boysun tumani
Mamlakat Oʻzbekiston
Ochilish -may, 2002-yil(2002-05-00)
Tashkilotchi

Boysun bahori – Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyati Boysun tumani Padang qishlogʻida anʼanaviy tarzda aprel—may oylarida oʻtkaziladigan xalqaro ochiq folklor festivali. Ushbu festival UNESCO shafeligiga olingan[1].

2001-yilda UNESCO tomonidan Boysun madaniyati insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi deb eʼtirof etilganidan[2]. Bunda Boysun 19 ta nominatsiya boʻyicha jahon hamjamiyatining madaniy merosi obʼektlari orasidan tanlab olingan. 2008-yilda UNESCOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan[3][4].

Ilk bor 2002-yil may oyida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq ijrochilarining ilk ochiq folklor festivali boʻlib oʻtgan[5]. Nafaqat oʻzbekistonliklarning, balki xorijliklarning ham eʼtiborini tortgan festival 2005-yilga kelib ayrim sabablarga koʻra toʻxtab qolgan va 11 yil davomida oʻtkazilmagan[6][7]. Lekin 2016-yildan eʼtiboran qayta oʻtkazila boshlangan[8]. Pandemiya davrida, yaʼni 2020—2021-yillar oraligʻida takror toʻxtatilgan[9]. 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta tashkillashtiriladigan boʻldi[10].

Boysun oddiy shaharcha boʻlib, u Boysuntogʻ togʻlari etagida joylashgan. Uning asosiy xususiyati shundaki, mahalliy aholi ming yildan ortiq davom etgan va Islomgacha boʻlgan butparastlik madaniyatidan kelib chiqqan qadimiy urf-odat va anʼanalarni saqlab kelgan[11]. Ming yil muqaddam bu yerda oqinlar “Alpamish” qahramonlik dostonini yaratishgan. Boysun oʻziga xos musiqa madaniyatiga ham ega boʻlib, koʻplab marosimlar, musiqa va raqslari bilan ajralib turadi[12].

Festival jarayoni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Festivalda Oʻzbekistonning turli hududlarida faoliyat yuritadigan folklor jamoalarning 200 dan ortiq vakili oʻz hududlariga xos libos va qadimiy kuy-qoʻshiqlar bilan ishtirok etadilar[13]. Uni tashkil qilish jarayonida Padang qishlogʻida 100 dan oshiq oʻtov tikiladi va qoʻrgʻonlar barpo etiladi. Kurash uchun alohida joy hozirlanib, Respublikadan hakamlar taklif etiladi[14]. Bundan tashqari milliy kurash musobaqasi, etnosport, velomarofon, uloq-koʻpkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak, xoʻroz urishtirish va boshqa xalq oʻyinlari ham oʻtkaziladi[15][16]. Folklor sanʼati — alla, oʻlan, lapar, raqs, terma, marosim singari qoʻshiqlar va milliy xalq oʻyinlari, tomosha sanʼati nominatsiyalari boʻyicha oʻtkaziladigan festivalda xorijiy davlatlar vakillari ham ishtirok etishlari mumkin. Bunga yaqqol misol sifatida 2022-yilda Tojikiston va Afgʻonistondan kelgan hunarmandlarni aytish mumkin. Festival soʻngida eng yaxshi folklor-etnografik va eng yaxshi oʻtov-uy oʻrnatgan jamoalar, sport va xalq oʻyinlari gʻoliblari taqdirlanadi.

„Boysun baxori“ xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan. Unda festivalni oʻtkazish shartlari, jumladan, folklor jamoalari tomonidan xalq amaliy sanʼati yoʻnalishi boʻyicha 12 nafar, milliy oʻyinlar va tomoshalar yoʻnalishi boʻyicha 4 nafardan koʻp boʻlmagan dastur ijrosiga qoʻyiladigan talablar belgilangan. Shuningdek, 9—11 nafar yetakchi ekspertlardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan festival ishtirokchilarini 10 balli tizimda baholash mezonlari va gʻoliblarni aniqlash tartibi belgilab olingan.

Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Surxondaryo viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan smeta asosida shakllantiriladi: 30 foizi — respublika byudjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan; 70 foizi — Surxondaryo viloyati mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan[17]. Ushbu festival doirasida bir necha yillar davomida ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etilgan. Unga Xitoy, Chexiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Yaponiya, Rossiya, Fransiya va boshqa bir qator mamlakatlardan olimlar ishtirok etishgan. Ilmiy konferensiya va forumlarda ishtirok etgan olimlar va hunarmandlar 50 ga yaqin yodgorliklarni aniqlashgan. Bundan tashqari UNESCO homiyligida amalga oshirilgan xalqaro ekspeditsiyada sanʼatshunos olimlar tomonidan 100 ga yaqin ijrochilik sanʼatiga doir namunalar — dostonlar, laparlar va xalq qoʻshiqlari yozib olingan[18].

2024-yil „Boysun bahori“ ochiq folklor festivali uchun dunyodagi eng katta soʻzana tikilgan. Boysunlik xunarmandlar tomonidan tikilgan soʻzananing uzunligi 31 metr, eni 5,2 metrni tashkil qiladi[19]. Shuningdek, har ikki yilda bir marta anʼanaviy ravishda ikki kun oʻtkaziladigan festival ushbu yilda bir hafta davom etgan. „Bibishirin“ mahallasida festival uchun alohida dekoratsiya qilingan. Bundan maqsad boshqa davlatlardan keladigan mehmonlarni voha aholisining madaniy hayoti, turmush tarzi va milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish boʻlgan[20].


Mukofotlanganlar roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Boysun bahori 2018" — xalqaro folklor festivalida mukofotlanganlar roʻyxati:

Egallagan oʻrni Jamoa nomi Qaysi viloyatdan
1-oʻrin „Boysun“ folklor-etnografik jamoasi Oʻzbekiston (Surxondaryo viloyati)
2-oʻrin „Bes perde“ folklor ansanbli

„Bogʻdon gullari“ folklor ansanbli

„Xorazm“ folklor ansanbli

Qoraqalpogʻiston

Oʻzbekiston (Jizzax viloyati)

Oʻzbekiston (Xorazm viloyati)

3-oʻrin „Qurama“ folklor ansanbli

„Soʻx chashmasi“ folklor ansanbli

„Sirdaryo navolari“ folklor-etnografik jamoasi

Oʻzbekiston (Toshkent viloyati)

Oʻzbekiston (Fargʻona viloyati)

Oʻzbekiston (Sirdaryo viloyati)

Festival jarayonida polvonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan kurashda Termiz tumanidan boʻlgan Samijon Ubaydullayev gʻoliblikni qoʻlga kiritib, Nexia avtomobili bilan taqdirlangan.

"Boysun bahori 2019" — xalqaro folklor festivalida mukofotlanganlar roʻyxati:[21]

Egallagan oʻrni Jamoa nomi Qaysi viloyatdan
1-oʻrin „Boysun“ folklor-etnografik jamoasi

„Mash’al“ folklor-etnografik jamoasi

Oʻzbekiston (Surxondaryo viloyati)

Oʻzbekiston (Xorazm viloyati)

2-oʻrin „Gashtak“ folklor ansanbli

„Sayxun yigitlari“ folklor ansanbli

Oʻzbekiston (Jizzax viloyati)

Oʻzbekiston (Sirdaryo viloyati)

3-oʻrin „Toʻrgʻay“, folklor ansanbli

„Afsona“ folklor ansanbli

„Yor-yor“ folklor-etnografik jamoasi

Oʻzbekiston (Toshkent viloyati)


Qoraqalpogʻiston

Oʻzbekiston (Navoiy viloyati)

"Boysun bahori 2022" — xalqaro folklor festivalida Folklor yoʻnalishi boʻyicha mukofotlanganlar roʻyxati:[22]

Egallagan oʻrni Jamoa nomi Qaysi davlatdan
1-oʻrin „Boysun“ folklor ansanbli Oʻzbekiston (Surxondaryo viloyati)
2-oʻrin „Joʻralar“ folklor ansanbli

„Bibiho“ folklor ansanbli

Oʻzbekiston (Xorazm viloyati)

Tojikiston

3-oʻrin „Oq machit“ folklor ansanbli

„Ibrat“ folklor ansanbli

„Navoiy“ folklor ansanbli

Qoraqalpogʻiston

Qirgʻiziston

Oʻzbekiston (Navoiy viloyati)

"Boysun bahori 2022" — xalqaro folklor festivalida Xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati yoʻnalishi boʻyicha mukofotlanganlar roʻyxati:

Egallagan oʻrni Jamoa nomi
1-oʻrin Jizzax viloyati jamoasi
2-oʻrin Surxondaryo viloyati jamoasi

Toshkent viloyati jamoasi

3-oʻrin Andijon viloyati jamoasi

Fargʻona viloyati jamoasi

Navoiy viloyati jamoasi

Shuningdek, kurash boʻyicha +90 kilogramm vazn toifasida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan boʻlgan Muhammadkarim Xurramov gʻolib boʻldi va 20 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Festival sanalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • 2002-yil — may
  • 2017-yil — 13—14-may[23]
  • 2018-yil — 28—29-aprel[24]
  • 2019-yil — 27—28-aprel
  • 2020—2021-yillar — Pandemiya sabab oʻtkazilmagan.
  • 2022-yil — 7—8-may[25]
  • 2024-yil — 1—7-may, „Bibishirin“ mahallasi[26][27].

Festival tashkilotchilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „“Boysun bahori”: Xalqaro tanlov g‘oliblari aniqlandi“. kknews.uz. Qaraldi: 6-aprel 2024-yil.
  2. Horning, Nicole; Knowlton, Mary Lee. Cultures of the world Uzbekistan. New York: Cavendish Square Publishing, 2021 — 123-bet. ISBN 9781502658791. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil. 
  3. „Cultural Space of Boysun“. ich.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  4. „7-8-may kunlari Surxondaryoda “Boysun bahori” ochiq folklor festivali boʻlib oʻtadi“. xalq soʻzi.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  5. „Surxondaryoda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik boshlandi“. uza.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  6. „“Boysun bahori” xalqaro festivali tadbirlari boʻlib oʻtdi“. yuz.uz. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.
  7. „“Boysun bahori” boshlandi“. uzbekembassy.in. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  8. „“Boysun bahori” tarixini bilasizmi?“. surxontongi.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  9. „«Boysun bahori» folklor festivalining yorqin lahzalari - fotogalereya“. kun.uz. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.
  10. „Festivals in Uzbekistan - 2024“. dolorestravel.com. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.
  11. „«Boysun Bahori» festival. Tours to Boysun“. silkadv.com. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  12. „Фестивали Узбекистана. Байсунская весна (Бойсун бахори), Байсун“. centralasia-adventures.com. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.
  13. „В Узбекистане пройдет международный фольклорный фестиваль Boysun bahori“. aa.com.tr. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  14. „«Boysun bahori». Yo‘llar ta’mirlanmoqda, tayyorgarlik avjida“. xabar.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  15. „“Boysun bahori” dunyo xalqlarini so‘lim tog‘lar qo‘yniga chorlaydi“. uza.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  16. „“Boysun bahori” festivali oʻtkaziladi“. oyina.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  17. „В Сурхандарье пройдет фестиваль «Бойсун бахори»“. uzdaily.com. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  18. „“Boysun bahorida” yana koʻrishguncha, xayr!“. uzbekembassy.in. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.
  19. „Сурхондарёда дунёдаги энг катта сўзана тикилди“. xabar.uz. Qaraldi: 4-may 2024-yil.
  20. „«Бойсун баҳори»: яна бир баҳор тарихга муҳрланадиган бўлди (фото)“. xabar.uz. Qaraldi: 15-may 2024-yil.
  21. „“Boysun bahori” festivalining g‘oliblari aniqlandi“. daryo.uz. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.
  22. „“Boysun bahori” xalqaro tanlov g‘oliblari aniqlandi“. aniq.uz. Qaraldi: 6-aprel 2024-yil.
  23. „«Boysun bahori» festivali yana mehmonlarni qarshi oladi“. gazeta.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  24. „«Boysun bahori» festivalidan fotoreportaj“. xabar.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  25. „«Boysun bahori» xalqaro folklor festivaliga start berildi“. zamon.uz. Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.
  26. „1-7-may kunlari qadimiy va betakror Surxondaryo zaminida "Boysun bahori" xalqaro folklor festivali bo'lib o'tadi“. uzreport.news. Qaraldi: 25-aprel 2024-yil.
  27. „Surxondaryoda “Boysun bahori” xalqaro festivaliga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi“. uzlidep.uz. Qaraldi: 24-aprel 2024-yil.[sayt ishlamaydi]