Buxoro teatri
Buxoro teatri, Sadriddin Ayniy nomidagi davlat musiqali drama va komediya teatri – toʻngʻich oʻzbek professional teatrlaridan. 1921-yil Fayzulla Xoʻjayev tashabbusi bilan havaskorlar guruhi asosida tashkil qilinib, 1922-yil „Tuhmatchilar jazosi“ (Hamza) spektakli bilan ochilgan. Ikkinchi spektakli „Turkiston tabibi“ (Mannon Uygʻur, 1923).
Tashkilotchisi va badiiy rahbari – Mannon Uygur, Hikmat Latipov, Lutfulla Nazrullayev, N. Rahmonov, L. Latipov, Saʼdixon Tabibullayev, N. Gʻaniyev va boshqa teatrning ilk ijodkorlari boʻlib, teatr taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdilar. 1924-yilda teatrning bir guruh aktyorlari Moskvadagi oʻzbek drama studiyasiga oʻqishga yuboriddi. 1930-yilning oxirigacha kichik pesa va konsert dasturlari bilan kifoyalandi. Drama studiyasini tugatgan aktyorlar (B. Xoʻjayev, S. Abdullayev, A. Olimova, B. Jamolov, M. Musayev va boshqalar) qaytgach (1930), teatr tom maʼnoda professional teatr maqomiga ega boʻldi. Ular sahnalashtirgan „Isyon“ (D. Furmanov va S. Polivanov), „Zoʻraki tabib“ (J. Moler), „Qon va suv“ (L. Sayfullina) spektakllari teatrning professionallik darajasini yanada mustahkamladi. 1931-yil Ya. Bobojonov badiiy rahbar, Sh. Shorahimov esa bosh rassom etib tayinlandilar.
1930-yillarning oʻrtalari teatr ijodiy faoliyatida burilish davri boʻldi. Realizm uslubini chuqur egallash, erishilgan ijodiy muvaffaqiyatlarni mustahkamlash borasida jiddiy ish olib borildi. Shu ijodiy jarayon davomida oʻzbek dramaturgayasi, rus va chet el mumtoz asarlari aktyorlarning ijro mahoratini oshishida, teatr jamoasining oʻz ijodiy yoʻnalishiga ega boʻlishida muhim rol oʻynadi. 1936-yildan teatr „musiqali drama teatri“ga aylantirildi. Shu yillari teatr jamoasi A. Xoʻjayeva, S. Yarashev, A. Oxunov, N. Neʼmatova, A. Atoyev, Z. Soliyeva kabi ijodkorlar bilan boyidi. Urush yillari oʻzbek xalqining mardonavor kurashi aks ettirilgan asarlar sahnalashtirilgan boʻlsa, tinch qurilish davrida repertuar mavzu jihatdan boyidi. Asosiy eʼtibor davrning dolzarb muammolariga qaratildi, xalqimizning fidokorona mehnati, axloqiy va maʼnaviy goʻzalligi, tinchlik, insonparvarlik gʻoyalariga intilish spektakllarda oʻz ifodasini topdi. „Layli va Majnun“ (Xurshid; T. Sodiqov, R. Glier musikasi), „Ravshan va Zulxumor“ (Komil Yashin; T. Sodiqov musiqasi), „Kurbon Umarov“ (S. Abdulla, Chustiy; T. Jalilov musiqasi), „Oltin koʻl“ (Uygʻun, M. Leviyev musiqasi); „Shohi suzana“, „Ogʻriqtishlar“ (A. Qahhor), „Yurak sirlari“ (Baxrom Rahmonov), „Oftobxon“ (K. Yashin; X. Toʻxtasinov musiqasi), „Boy ila xizmatchi“ (Hamza), „Alisher Navoiy“ (Uygʻun, I. Sulton), „Imon“ (I. Sulton) va boshqa spektakllar saxnalashtirildi.
1958-yil teatrga Sadriddin Ayniy nomi berildi. 60—70-yillar teatrning mustaqil repertuar yaratish borasidagi ijodiy izlanishlari oʻz samarasini berdi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |