Kontent qismiga oʻtish

Buxoroi Sharif ordeni

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Buxoroi Sharif ordeni
Asl nomi Nishoni Buxoroi Sharif
Mamlakat Buxoro amirligi
Turi Orden
Kimga topshiriladi Buxoro amirligining amaldorlari va rus mansabdorlariga
Kim tomonidan topshiriladi Buxoro amiri
Holati Taqdirlanmaydi
Statistika
Taʼsis sanasi 1881-yil
Birinchi taqdirlash 1881-yil
Oxirgi taqdirlash 1920-yil
Navbat
Toʻngʻich mukofot Buxoro davlati Toji ordeni
Kenja mukofot Iskandar Salis ordeni

Buxoroi Sharif ordeni (Buxoro oltin yulduzi, Nishoni Buxoroi Sharif) 1881-yil amir Muzaffar tomonidan taʼsis etilgan[1]. Ordenning asosi sifatida yulduz tanlangan.

Buxoro amirligi ordenlari – Buxoro davlati Toji va Buxoroi Sharif ordenlari (shuningdek, Rossiya imperiyasining 1-darajali Muqaddas Anna va Muqaddas Stanislav ordenlari) taqib olgan Buxoro amirligi qoʻshbegisi, XX asr boshlari

Buxoro amirligi hukmdori kelib chiqishi mangʻitlardan boʻlgan amir Muzaffar hukmronligi davrida birinchi orden paydo boʻldi. Orden amirlikda „nishon“ deb atalgan va rus falerist olimlarining fikricha, ular Rossiya imperiyasi ordenlari namunasi asosida tayyorlangan[2]. Amirlik qoʻshini asosini forsiy sarbozlar tashkil etgani uchun, Eronning „Sher va Quyosh“ ordeni ham amirlikning ilk nishonini yaratishga asos boʻlgan boʻlishi mumkin, sababi bu ikki mukofot oʻrtasida oʻxshashlik mavjud.

1881-yilda amir faqat yulduzi boʻlgan „Buxoroi Sharif“ ordenini taʼsis etadi. Yozma manbalarda „Buxoroi Sharif“ ordeni koʻproq „yulduz“ (baʼzan „Buxoroning koʻtarilayotgan yulduzi“ ordeni) nomi bilan yuritilgan. Ordenda arab alifbosidagi „Poytaxt Buxoroi Sharif nishoni“ va amir hukmronligi boshlangan sana koʻrsatilgan yozuv boʻlgan. Dastlab orden bilan Rossiya imperatori Aleksandr II, keyinroq Nikolay II taqdirlanadi. Birinchi boʻlib bu orden bilan taqdirlangan imperator Aleksandr II buning evaziga amir Muzaffarni 1-darajali Muqaddas Anna ordeni bilan taqdirlagan[3].

Ordenni zarb qilish Buxoro Arki zarbxonasida bajarilgani uchun, dastlabki yillarda juda kamchilik kishi ushbu nishon bilan taqdirlangan. 1882-yilda Turkiston general-gubernatori M.Chernyayev Buxoro amirligida telegraf qurish masalasida knyaz Vitgenshteyn boshchiligidagi rus elchilik guruhini yuboradi. Shahrisabz yaqinidagi Oʻrtaqoʻrgʻonda elchilar oldida toʻpchiboshi boshchiligida sarbozlar saf tortishgan. Elchilar sarbozlarning ayrimlari Eronning „Sher va Quyosh“ va yangi „Buxoroyi Sharif“ ordenlarini taqib olishganiga guvoh boʻlishgan[4].

Amir Muzaffar mazkur ordenni dastlabki yillarda nasroniylarga deyarli bermagan boʻlsada, 1883-yilda Oʻrta Osiyo sanʼati namunalarining kolleksioneri, sayyoh Genri Moserni „Buxoroyi Sharif“ ordenining 2-darajasi bilan taqdirlaydi. Taqdirlash haqidagi farmon va orden yulduzi hozirda Berndagi tarix muzeyida saqlanmoqda[5].

1885-yilda taxtga oʻtirgan amir Abdulahadxon davrida orden mahalliy amaldorlarga ham, Rossiya maʼmuriyati vakillariga ham topshirilgan. Rossiyada „Buxoroi Sharif“ ordeni 1893-yildan boshlab, yaʼni Buxoro amiri Sankt-Peterburgga qilgan qariyb uch oylik sayohatidan keyingina shuhrat qozondi[1]. Sababi amir turli xil shaxslarga – imperator oilasi aʼzolari tortib, gazeta va jurnallar muxbirlarini 150 dan ortiq „Buxoroi Sharif“ ordeni bilan taqdirlaydi. Taqdirlanishdan hatto Moskvada amir uchun shaxsiy hammom tashkil etgan kishilar ham quruq qolmaydi. Yurtiga qaytgan amir oʻz qoʻl ostidagilarni bu orden bilan koʻproq taqdirlay boshladi: Buxoroda amirligi barham topgunga qadar „Buxoroi Sharif“ ordeni bilan taqdirlanmagan bironta ham boy, amaldor yoki harbiyni uchratish amrimahol edi[1]. Qolaversa, orden ruslarga keng tarqala boshladi: uni Buxoroga kelgan har qanday rus harbiysi yoki amaldor olishi mumkin boʻlgan. „Buxoroi Sharif“ ordenini Buxoro bilan savdo qiluvchi savdogarlar ham olgan, buning uchun esa Buxoro amirligining orden bilan taqdirlash boʻyicha shugʻullanuvchi amaldoriga kamtarona nazr (pora, sovgʻa-salom) qilishi kifoya edi[1].

1920-yilga kelib buxorolik amaldor va harbiylarning koʻpchiligi bu orden bilan taqdirlangan.

Ordenning darajalari va taqish qoidalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Buxoro yulduzi ordeni

„Buxoroi Sharif“ ordeni 8 darajaga ega boʻlgan: uchta oltin, uchta kumush va ikkita oliy sifatdagi brilliantlar bilan bezalgan oltin yulduz va olmoslar bilan bezalgan oltin yulduz. Har bir darajadagi ordenlar markaziy medaloni oʻlchami va unga oʻrnatilgan bezaklar bilan farqlangan. Baʼzan medalonning faqat oʻrtasi zarhal qilingan, yulduzning nurlari esa kumushdan boʻlgan. Belgining shakli (kamida birinchi olti daraja) Muqaddas Stanislav (yoki Muqaddas Anna) ordeni yulduzidan oʻzlashtirilgan[6]. Aynan shuning uchun ham „Buxoroi Sharif“ ordeni tasmali boʻlmagan, chunki ruslar oʻz ordenlarini boʻyinga emas, koʻksiga taqib yurishgan[1].

Taqdirlanganlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulahadxon davrida 1-darajali „Buxoroyi Sharif“ning brilliantli nishoni bilan podsho Aleksandr III, buyuk knyazlar Leyxtenbergskiy, Mixail Nikolayevich va Pavel Aleksandrovich Romanovlar taqdirlangan. Shuningdek, olmosli tilla yulduz bilan: Rossiya imperiyasining soʻnggi harbiy vaziri general M. A. Belyayev (05.05.1910), harbiy vazir general P. S. Vannovskiy (16.05.1889), vazirlar kengashi raisi graf S. Y. Vitte (1893), ichki ishlar vaziri I. N. Durnov (26.05.1893), Kaspiyorti viloyati gubernatori general A. N. Kuropatkin (14.01.1892), tashqi ishlar vaziri V. N. Lamzdorf (16.04.1893) taqdirlangan. I darajali tilla yulduz bilan: sayohatchi P. P. Semyonov-Tyanshanskiy, savdo va sanoat vaziri S. I. Timashev (4.01.1902), harbiy vazir general A. A. Polivanov (12.04.1902) taqdirlangan.

1902-yilda mashhur rus opera kuychisi F.Shalyapin ham „Buxoroyi sharif“ ordeniga munosib koʻrilgan. Amir Abdulahad Sankt-Peterburgga 1902-yilgi sayohati davomida 12-22-fevral kunlari Shalyapin spektakllarini tamosha qiladi. Orden bilan taqdirlash haqidagi 1902-yil 14-martida Turkiston general-gubernatorining Yaltadagi idorasi tomonidan tasdiqlagan farmon (arab va rus tillarida) da shunday qayd etiladi: „Buxoroyi Sharif amiri farmoni. Biz artist Shalyapinni xuzurimizga oʻz koʻksini Oltin yulduz ordenining uchinchi darajasi bilan bezatib, Buxoro va qudratli Rossiya imperator hukumatini bogʻlab turuvchi doʻstlik va totuvlik aloqalari, xalqlarning farovon va osoyishtaligiga xayrixoh boʻlib turishi uchun mukofotladik. Amir Said Abdulahad, 1303 yil“. Bu farmon F. I. Shalyapinga 1902-yil 18-sentabr sanasida Moskvadagi imperator teatrlari idorasida topshirilgan[7]. Orden bilan quyidagi shaxslar ham taqdirlangan:

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „100 великих наград“ (Rus tilida). 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  2. „Знаки отличия Бухарского эмирата“ (rus tilida) (2010-yil 10-oktyabr). 2019-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  3. „Ордена и медали Бухарского Эмирата“ (deadlink). 2014-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan.
  4. Крестовский В. Въ гостяхъ у Эмира Бухарскаго. Съ тремя портретами. –Санк-Петербургъ: А. С. Суворина, 1887. – С. 114. 
  5. Andreas Tammann. Die orden von Buchara. // Orden und Ehrenzeichen 10. Jg., Nr. 54 (April 2008). -P. 62. 
  6. Abdufarrux Mirzoirov. „НАГРАДЫ БЛАГОРОДНОЙ БУХАРЫ“. 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  7. Музалевский М. Бухара под Российской короной и ее награды. - Москва: РИЦ “Кавалеръ”, 2006. - С. 14, 17, 18. 
  8. „Задерейчук И. П. Василий Васильевич Новицкий – на службе России“. 2020-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan.
  9. „Обручев Николай Николаевич : Министерство обороны Российской Федерации“. encyclopedia.mil.ru. 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.