Iskandar Salis ordeni
Iskandar Salis ordeni | |
---|---|
Turi | Orden |
Kimga topshiriladi | yuqori martabali rus amaldorlari |
Kim tomonidan topshiriladi | Buxoro amiri |
Holati | Taqdirlanmaydi |
Statistika | |
Taʼsis sanasi | 1894-yil yoki 1898-yil |
Birinchi taqdirlash | 1898-yil |
Navbat |
Iskandar Solis („Aleksandr quyoshi“) ordeni 1894-yil yoki 1898-yilda Buxoroda amir Abdulahadxon tomonidan taʼsis etilgan[1][2]. Orden Rossiya imperiyasi ordenlari namunasi asosida yaratilgan. U Buxoro amirligining uchinchi eng yirik, yuqori darajali ordeni (Buxoroi Sharif, Buxoro davlati Toji ordenidan soʻng) hisoblangan. Bu orden imperator Aleksandr III xotirasi uchun taʼsis etilgan, shu sababdan orden bilan faqat yuqori martabali rus amaldorlari mukofotlangan. Amir Olimxon „Buxoro xalqining hasrati tarixi“ asarida „Iskandar solis“ nishoni eng muhim nishonligi va u bilan mansabdor shaxslar, harbiy zobitlar mukofotlanishini qayd etib oʻtgan[3].
Orden tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1904-yilda Smolenskda nashr etilgan „Xotira kitobi“da yozilishicha, orden toza oltindan tayyorlangan qisqa nurli sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻlib, emalli naqshga ega boʻlgan. Markazidagi doirada toʻrtta brilliant uchburchak shaklida joylashtirilgan boʻlib, „A“ harfini anglatadi. Uning ichidagi kichik doirada brilliant bilan oʻralgan arab raqamidagi „3“ soni berilgan. Ordenga mayda arab yozuvida „Nishoni Iskandari solisi dorus-saltanati Buxoroyi Sharif“ (Buxoroyi Sharif saltanatining Iskandar uchinchi nishoni) deb yozilgan[2].
Iskandar Solis ordeni qanday taqilishi, uning belgilari uzoq vaqt davomida fanga maʼlum emas edi, lekin oʻz tadqiqotlarida amirning fotosuratiga tayangan I. G. Spasskiyning taxminiga koʻra, orden koʻkrakning chap tomoniga taqilgan.
Rus falerist olimi I. V. Mojeyko Iskandar Salis ordeni belgilari haqida batafsilroq maʼlumot beradi: "nishonning oltin ilgagi ham uchburchak shaklda boʻlib, emal bilan naqshlangan. Orden lentasi qora-qizil rangda, oʻrtasi oq chiziqli boʻlgan[4]. Ammo ayrim maʼlumotlarda lenta koʻk rangda boʻlganligi qayd etilgan. Biroq, tasmaning rangi haqida fikrlar turlicha. Baʼzi manbalarga koʻra, ordenning oʻrtasida oq chiziq yuritilgan koʻk rangda boʻlgan.
Iskandar Solis ordeni bilan taqdirlanganlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buxoro ordenlari bilan taqdirlashda doimo amirning farmoni chiqarilgan. Farmonlar matnining mazmuni koʻpincha oʻxshash boʻlgan. Podsho hukumati Buxoro amirligida siyosiy agentlik tashkil etgach, amirning imperiya fuqorolarini mukofotlagani haqidagi farmonlari doimo siyosiy agent tomonidan tasdiqlangan va muhrlangan. Forsiy yozuvdagi farmonga rus tilidagi tarjimasi ilova qilingan.
Amir Abdulahad Peterburgga 1897-yilgi sayohati davomida, Turkiston general-gubernatori S.Duxovskiyni brilliant bilan bezatilgan „Iskandar solis“ ordeni bilan taqdirlagani maʼlum. Bu orden bilan taqdirlanganlar orasida quyidagi shaxslar bor:
- Nikolay II
- Knyaz Mixail Aleksandrovich (1898-yil 19-mayda)
- Graf Sergey Vitte (1902-yilda)
- Pyotr Stolipin (1906-yil 7-dekabr Buxoroda)
- Vladimir Suxomlinov (1909-yilda)
- Mixail Dragomirov (1898-yilda)
- Mixail Xilkov
- Aleksandr Mosolov
- Aleksandr Rediger
- Aleksandr Polivanov
- Georgiy Shervashidze
- Pavel Mishchenko
Shunigdek, Buxoro amirligi tomonidan orden va medallarning qancha miqdorda berilganligi masalasi hozirgacha aniq emas. Buxoro amirligining koʻplab ordenlari bugungi kunda Ermitaj, Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey qoʻriqxonasi va mashhur muzeylar fondlarida saqlanmoqda.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „100 великих наград“ (Rus tilida). 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ 2,0 2,1 Abdufarrux Mirzoirov. „НАГРАДЫ БЛАГОРОДНОЙ БУХАРЫ“. 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ Амир Саййид Олимхон. Бухоро халқининг ҳасрати тарихи. – Тошкент: Фан, 1991. - Б. 27.
- ↑ Ионина Н. 100 великих наград. –Москва: Вече, 2003. - С. 131-132.