Choʻl boʻrisi (roman)
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Asl nomi | Der Steppenwolf |
---|---|
Muallif(lar) | Hermann Hesse |
Muharrir(lar) | Yoshin Hakimov |
Tarjimon(lar) | Mirzaali Akbarov |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Til | oʻzbekcha |
Janr(lar)i | roman, avtobiografik, ekzistensial |
Nashriyot | „Yangi asr avlodi“ |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2023 |
Sahifalar soni | 256 |
ISBN | 978-9943-9083-0-7 |
„Choʻl boʻrisi“ — nemis-shveysariyalik yozuvchisi Hermann Hesse qalamiga mansub Der Steppenwolf romanining Mirzaali Akbarov oʻgirgan oʻzbekcha tarjimasi. Ushbu kitob yozuvchining oʻninchi romani. Dastlab Germaniyada 1927-yilda nashr etilgan, 1929-yilda ingliz tiliga tarjima qilingan. Roman dasht yaʼni choʻl boʻrisining nemischa nomi bilan nomlangan. Romanda asosan 1920-yillarda Hessening ruhiy olamidagi chuqur inqiroz aks ettiriladi. Choʻl boʻrisi oʻnlab yillar davomida juda mashxur asar boʻlgan va koʻplab muvaffaqiyatlarga erishgan. Ammo keyinchalik muallif ...Har holda menga „Choʻl boʻrisi“ kitoblarim orasida koʻproq notoʻgʻri tushunilgan asar boʻlib koʻrinadi... deb taʼkidlaydi[1].
Chop etilish tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1924-yilda Hermann Hesse qoʻshiqchi Ruth Wengerga uylanadi. Biroq, bir necha hafta oʻtgacha u Bazelni tark etadi va yil oxirida qaytib keladi. Qaytgach, u oʻzi uchun alohida kvartira ijaraga olib, yolgʻizlikda kun kechiradi. Wenger bilan Germaniyaga qilgan qisqa safaridan soʻng, Hesse u bilan koʻrishishni butunlay toʻxtatti. Natijada paydo boʻlgan yolgʻizlik hissi, tashqi dunyodan uzulish, u bilan doimiy aloqa oʻrnata olmaslik Hesseda umidsizlikning kuchayishiga olib keladi va oʻz joniga qasd qilish fikrlarini uygʻotadi.
Hesse „Choʻl boʻrisi“ romanini yozishni Bazelda boshlab, Syurixda tamomlaydi. 1926-yilda u kitobning muqaddimasi, „The Crisis: From Hermann Hesse's Diary“ (Inqiroz: Herman Gessening kundaligidan) nomli she’rlar toʻplamini nashr etdi. Keyinchalik roman 1927-yilda nashr etilgan. Ilk bor romanning inglizcha nashri Basil Creighton tomonidan tarjima qilingan va 1929-yilda Martin Secker tomonidan Birlashgan Qirollikda hamda Henry „Holt and Company“ nashriyoti tomonidan Qoʻshma Shtatlarda nashr etilgan. 1926-yilda Hesse Josephine Baker va Sidney Bechet ishtirokidagi Revue Nègrening shvedcha spektakllarida qatnashib, jazz musiqasi bilan ham tanishdi. Massachusetts universiteti Afro-Amerika tadqiqotlari professori Steven C. Tracyning yozishicha „Pabloning xarakterini... Bechetning raqsi ilhomlantirgan“[2].
Asar gʻoyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kitob bosh qahramon Harri Haller ismli oʻrta yoshli odam tomonidan yozilgan va qoʻlyozma sifatida taqdim etilgan boʻlib, Harri uni tasodifiy tanishiga, uy bekasining jiyaniga qoldiradi. Jiyani oʻzining qisqa soʻzboshisini qoʻshib, soʻng qoʻlyozmani nashr ettiradi. Ushbu „kitob ichidagi kitob“ning „asl“ nomi Harri Haller esdaliklari (Faqat jinnilar uchun).
Asar boshida, qahramon oʻzining kundalik turmushi, oddiy odamlar dunyosiga, xususan, bemaʼni burjua jamiyatiga mos kelmasligi haqida oʻylaydi. Shahar boʻylab maqsadsiz kezib yurganida, u magʻiyaviy teatr reklamasi yozilgan plakat koʻtarib yurgan odamga duch keladi. Harri undan nimadir sotib olmoqchiligini aytganda xaltachasidan „Choʻl boʻrisi haqida traktat. Har kim uchun emas“ nomli kichkina kitob beradi. Harri uni oʻqiyotganda toʻliq iqtibos keltirilgan ushbu risola unga oʻz ismi bilan murojaat qilib, oʻzini gʻayrioddiy tarzda tasvirlab beradi. Bu bir inson tanasida ikki hil ruh yashaydigan, ikki xil tabiatli inson haqida. Biri yuksak, yetuk bir insonning ruhi boʻlsa, ikkinchisi „hayvoniy“ sifatlarga ega, hirsni ustun qoʻyadigan „choʻl, dasht boʻrisi“ga tegishli. U bulardan aslo qanoatlanmaydi. Odam hal qilishi mushkul boʻlgan ziddiyatlar iskanjasiga tushib qoladi. Chunki u oʻz tushunchalaridan boshqa narsalarni koʻra olmaydi. Traktatda har bir inson qalbining koʻp qirrali va taʼriflab boʻlmaydigan tabiati tushuntirilgan, ammo Garri buni tan olishga qodir emas yoki xohlamaydi. Traktatda har bir inson qalbining koʻp qirraliligi va taʼriflab boʻlmaydigan tabiati tushuntirilgan, ammo Harri buni tan olishga qodir emas yoki oʻzi buni xohlamaydi. Shuningdek, uning oʻz joniga qasd qilish haqidagi oʻylarini ham koʻrsatib beradi. Uning jamiyatida faqat Harrigina emas, balki koʻplab insonlar oʻlimni yagona yechim deb hisoblashi aytiladi va ular kuni kelib albatta oʻz joniga qasd qilishadi. Ammo qahramon bunga qarshi turish uchun buyuklikka intilishi, „umrboqiylar“dan biri boʻlish salohiyatini olqishi lozim.
Bir kuni Harri tasodifan bir dafn marosimida qatnashadi va qabristonda unga kitob bergan odamni koʻrib, uni tanib qoladi. Harri undan magʻiyaviy teatr haqida soʻraganida chol unga „har kim uchun emas“ deb javob beradi. Harri undan yana nimalarnidir soʻrayotganda, chol mahalliy raqs zalini taklif qiladi. Bu esa Harrining hafsalasini nimagadir pir qilib yubiradi.
Dafn marosimidan chiqqach, u ilgari Sharq mifologiyasi hususida koʻp muhokama qiladigan akademik doʻsti bilan uchrashib qoladi va oqshomga uyiga taklif qiladi. Mehmondorchilikda professor bilan bir koʻngilsizlik yuz beradi. Gap shunda ediki, bir roʻznomada Harri haqida tanqidiy maqola yozilgan boʻlib, uni yaramas, darbadar va bevatan deb atab, vatan hoini sifatida aytib oʻtgan. Urushni qoralaganligi sababli bunday malomatlarga qolgan Harri doʻstining millatchilik mentalitetidan nafratlanib uning uyini tark etadi. Oʻz navbatida, uning xotiniga tegishli boʻlgan suratda tasvirlangan Gyote Harrining diqqatini tortadi va uni tanqid qilib er-xotinni ranjitadi. U rasmni juda sentimentallashtirib yuborilganligi va Gyotening oʻzini takabbur, maqtanchoq, shuhratparast qiyofada tasvirlanganligini aytadi. Eski doʻstinikida yuz bergan ushbu holat Harriga uning bu jamiyat uchun begona ekanligini va har doim ham shunday boʻlishini tasdiqlaydi.
Oʻz joniga qasd qilishdan xavfsiragan Harri uyga borish fikridan qaytib ancha payt shahar boʻylab maqsadsiz aylanib yuradi. Nihoyat, tentirab yurib, oxiri chol uni avvalroq taklif qilgan raqs zaliga borib qoladi. U yerda Hermina ismli qizga duch keladi. Qiz uning umidsiz, horgʻin yuzidan ahvoli yomonligini sezib, u bilan uzoq suhbatlashadi. Hermina Harrining oʻziga achinishi, hayotga nisbatan qarashlari, oʻzini oʻldirib qoʻymasligi uchun shu yerdaligi haqidagi gaplarini eshitarkan, uni masxara qiladi. Hermina Harriga ikkinchi uchrashuvni vaʼda qiladi va bu qaysidir maʼnoda yashashda davom etishi uchun sabab ham boʻladi (yoki hech boʻlmaganda yashashni davom ettirish uchun jiddiy bahona). Qiz uni mehr bilan bagʻriga bosadi.
Keyingi bir necha hafta ichida Hermina Harrini oʻzi „burjua“ deb ataydigan jamiyatning huzur baxsh etuvchi davrasi, oʻyin-kulgulari bilan tanishtiradi. U Harriga raqsga tushishni oʻrgatadi, giyohvand moddalarni isteʼmol qilish bilan tanishtiradi, unga mashuqa (Mariya) topadi va eng muhimi, bularning hammasini toʻliq hayotning qonuniy va munosib tomonlari sifatida qabul qilishga majbur qiladi.
Shu bilan birga Hermina Harrini Pablo ismli sirli saksafonchi yigit bilan tanishtiradi. U Harrining gʻirt teskarisi boʻlib, na jiddiy va na oʻychan edi. Dabdabali maskarad balida qatnashgandan soʻng, Pablo Harrini oʻzining metaforik „magʻiyaviy teatr“iga olib kiradi. Bu yerda uning ruhini bezovta qilgan tashvish va oʻylar jonli tasvir va xayolot bilan oʻzaro qorishib ketadi. „Magʻiyaviy teatr“ — bu uning ongida mavjud boʻlgan xayollarini boshidan kechiradigan joy.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Hesse, p. 7
- ↑ Tracy, Steven. Hot Music, Ragmentation, and the Bluing of American Literature. University of Alabama Press, 2015. ISBN 978-0817358969. Qaraldi: 2020-yil 10-mart. (Wayback Machine saytida 2022-10-07 sanasida arxivlangan)