Kontent qismiga oʻtish

David Livingston

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
David Livingston
Tavalludi 19-mart 1813[1]
Vafoti 1-may 1873[1]
Fuqaroligi United Kingdom of Great Britain and Ireland, Birlashgan Qirollik va Shotlandiya

David Livingston (inglizcha: David Livingstone; 1813.19.3, Blantayr, Lanark grafligi — 1873.1.5, Chitambo, Zambiya) — shotlandiyalik sayyoh. Ixtisosi — vrach. Markaziy va Janubiy Afrikani tadqiq qilgan. 1840-yilda London missionerlar jamiyati tomonidan Janubiy Afrikaga yuborilgan. 1841 — 1852 yillarda Kalahari bechuanlari orasida yashab, oʻsha yerlarni urgandi. 1849-yilda Ngami koʻli va 1851-yilda Linyanti daryosi hamda Kvando (Zambezi daryosi irmogi) daryosi etagigacha yetib bordi. 1853—54 yillarda Zambezi daryosi boʻylab yurib, Atlantika okeanining Luanda sohillariga chiqdi. 1855-yilda Zambezi daryosining butun oqimini deltasigacha oʻrgandi va yevropalilardan birinchi boʻlib Viktoriya sharsharasini koʻrishga muyassar boʻldi. 1856-yil mayda Kelimane shahri yakinida Hind okeani sohiliga yetib kelib, materikni kesib oʻtishni yakunladi. Buyuk Britaniyaga qaytib, 1857-yilda sayohati haqida asarlarini nashr qildirdi; ushbu sayohati uchun Livingstonni Qirollik geografiya jamiyati oltin medal bilan taqdirladi.

Livingston 2-sayohatida (1858—64) Shirva va Nyasa koʻllarini tadqiq etdi. 3-sayohatida (1866—73) Tanganika koʻlini oʻrgandi, Bangveulu koʻli va Laulaba daryosini tavsifladi. Ogir xastalanib, orqaga qaytdi va Tanganika koʻlining sharqiy sohilida, Ujijida toʻxtadi. Bu yerda uni G. Stenli izlab topib, bir-galikda Tanganika koʻlining shim.-qismlarini oʻrgandilar va Nil daryosining bu koʻl bilan boglanmaganligini aniqladilar. Livingston sayohati vaqtida Bangveulu koʻlidan janubroqdagi Chitambo degan joyda vafot etdi. Jasadi Buyuk Britaniyaga keltirilib, Vestminster abbatligiga dafn etilgan.

Sayohati davrida Livingston 1000 dan ortiq punktlarning joylashgan oʻrnini aniqladi; birinchi boʻlib Janubiy Afrika relyefining ilmiy tavsifini berdi. Zambiyadagi shahar, Sharqiy Afrikadagi togʻlar, Kongo daryosidagi sharshara Livingston nomi bilan ataladi. Livingston insonparvar boʻlgan, qullar bilan savdo qilishga qarshi kurashgan. Shotlandiyada Glazgo shahri yaqinida Livingston memorial muzeyi bor.

  • Puteshestviya i issledovaniya v Yujnoy Afrike s 1840 po 1856 gg., M., 1955; Puteshestviye po Zambezi s 1858 po 1864 gg. [3 izd.], M., 1956; Posledneye puteshestviye v Sentralnuyu Afriku (per. s angl.), M., 1968.
  • Adamovich M., Livingston, M., 1939.




  1. 1,0 1,1 (unspecified title)