Ehtiyoj
Ehtiyoj – insonning yashashi va kamol topishi uchun kerakli hayotiy vositalarga boʻlgan zaruriyat. Ehtiyoj kishilarning hayotiy vositalariga boʻlgan zaruriyatini ifodalovchi ilmiy kategoriya sifatida taraqqiyotning hamma bosqichlari uchun umumiy va doimiydir. Uning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi tarixiy koʻrinishi talab tushunchasidir. Talab ehtiyojdan farq qilib, mustaqil iqtisodiy kategoriya (ilmiy tushuncha) sifatida amal qiladi. Ehtiyojning faqat pul bilan taʼminlangan qismi talabga aylanadi. Demak, talab – bu pul bilan taʼminlangan ehtiyojdir.
Ehtiyoj zarur miqdordagi pul bilan taʼminlanmasa, u „xohish“, „istak“ boʻlib qolaveradi. Talabning bir qator muqobil variantlari mavjud boʻladi, chunki narx oʻzgarishi bilan tovarning sotib olinadigan miqdori ham oʻzgaradi. Barcha hayotiy ehtiyojlar (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, maʼnaviy, siyosiy ehtiyojlar) ichida ijtimoiy–iqtisodiy ehtiyojlar alohida oʻrin tutadi. Bu ehtiyojlar kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun turli neʼmatlar hamda xizmatlarga zaruratdan iborat boʻladi. Shu jihatdan olganda ijtimoiy–iqtisodiy ehtiyojlar moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarni oʻz ichiga oladi.
Moddiy ehtiyojlar —bu moddiy koʻrinishdagi neʼmatlar vositasida qondiriluvchi zaruratdir. Bular isteʼmol uchun zarur boʻlgan koʻplab hayotiy predmetlarni (ishlab chiqarish va transport vositalari, oziq–ovqat, kiyim–kechak va hokazo) oʻz ichiga oladi.
Maʼnaviy ehtiyojlar—bu insonning shaxs sifatida kamol topishi, dunyoqarashi va maʼnaviyatining shakllanishi uchun taqazo etiladigan nomoddiy neʼmat va xizmatlarga boʻlgan zaruratdur. Ular kishilarning bilim va dam olishi, madaniy saviyasini oshirish, malaka–mahoratga ega boʻlish, turli maʼnaviy yoʻnalishdagi xizmatlardan bahramand boʻlish kabi ehtiyojlardan iborat. Ehtiyojlarni isteʼmol qilish tavsifiga koʻra 2 ga bʼlinadi:
- shaxsiy ehtiyoj
- ishlab chiqarish ehtiyoji
Shaxsiy ehtiyojlar—kishilarning pirovard isteʼmoli uchun moʻljallangan mahsulot va xizmatlarga boʻlgan zaruratdir. Masalan: oziq–ovqat, kiyim–kechak, uy–roʻzgʻor buyumlari, shaxsga koʻrsatiladigan turli xizmatlar shaxsiy ehtiyojlarni namoyon etadi.
Ishlab chiqarish ehtiyojlari—mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatishni amalga oshirish maqsadida ishlatiluvchi turli iqtisodiy resurslarga boʻlgan zarurat. Ishlab chiqarish ehtiyojlariga xomashyo (neft, paxta va hokazo), materiallar (poʻlat, yogʻoch, tola va hokazo), asbob–uskunalar, ish mashinalari (yuk mashinasi, ekskavator, buldozer va hokazo), ishchi kuchi va boshqalarni kiritish mumkin. Shuningdek, ehtiyojlarni
- yakka tarzda va birgalikda qondiriluvchi ehtiyojlar;
- birlamchi va ikkilamchi ehtiyojlar;
- yakka, guruhiy, hududiy, umumjamiyat ehtiyojlari;
kabi turlarga ajratish mumkin.
Insonning shaxsiy manfaati, qiziqishlari va turmush tarziga moslab qondirilishi mumkin boʻlgan ehtiyojlar yakka tarzda qondiriluvchi ehtiyojlar deyiladi. Ularga ovqatlanish, kiyinish kabilarni misol qilish mumkin. Hatto ovqatlanish jarayoni birgalikda (oilaviy yoki bir necha kishilar bilan) amalga oshirilgan taqdirda ham, har bir kishining ovqatga boʻlgan ehtiyoji alohida, yakka tarzda qondiriladi.
Odatda kishilarning turli darajalardagi guruhi (oila, jamoa, mamlakat fuqarolari va hokazo) tomonidan birgalikda namoyon etiluvchi ehtiyojlar birgalikda qondiriluvchi ehtiyojlar deyiladi. Masalan: taʼlim olish binolari, kasalxonalardan, dam olish joylaridan bahramand boʻlish, sport oʻyinlari va koʻngilochar tomoshalarni birgalikda koʻrish, mamlakat mudofaasi va tinchligini saqlash kabilar shular jumlasidandir.
Birlamchi ehtiyoj—bu insonning hayotiy faoliyatida zarurlik darajasi nisbatan yuqori boʻlgan va shu sababli, birinchi navbatda qondiriladigan ehtiyoj. Inson hali bilim olishi, sanʼat bilan shugʻullanishi, madaniy hordiq chiqarishidan ilgari oziq–ovqat, kiyim–kechak, uy–joyga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishi lozim.
Ikkilamchi ehtiyoj—bu birlamchi ehtiyojlar qondirilib boʻlgandan soʻng undan yuqori darajada namoyon boʻladigan va qondiriladigan ehtiyoj. Bu turdagi ehtiyojlarga bilim olish, malaka oshirish, sanʼat bilan shugʻullanish, dam olish va hokazolarni kiritish mumkin.
Yakka ehtiyoj—bu alohida shaxsning ijtimoiy–iqtisodiy mavqei, dunyoqarashi va boshqa xususiyatlari taʼsirida shakillanuvchi ehtiyoji. Jamiyatdagi kishilar soni qanchalik koʻp boʻlmasin, ular oʻz ehtiyojlarining tarkibi, darajasi va qondirilish vositalari jihatidan ozmi–koʻpmi farqlanadilar.
Guruhiy ehtiyoj—bu maʼlum guruh yoki jamoalarga birlashgan kishilarning birgalikdagi ehtiyoji. Bir oilaning ehtiyoji boshqa biridan, bir mehnat jamoasining ehtiyojlari boshqasidan oʻz tarkibi va darajasi jihatidan farq qiladi.
Hududiy ehtiyoj—bu muayyan hududlarda istiqomat qiluvchi kishilarning birgalikdagi ehtiyoji. Inson muayyan hududda istiqomat qilganligi sababli, uning baʼzi bir ehtiyojlari mazkur hududda istiqomat qiluvchi barcha insonlarning umumiy ehtiyojlari sifatida namoyon boʻladi. Masalan, har bir mahalla oʻzining guzari, unda joylashgan savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, bolalar bogʻchasi, dam olish joylari, istirohat bogʻlari va boshqa inshoatlarga ehtiyoj sezadi.
Umumjamiyat ehtiyojlari—bu jamiyat miqyosidagi barcha kishilar uchun umumiy boʻlgan ehtiyoj. Jamiyat ehtiyojlariga quyidagi bir qator omillar taʼsir qiladi:
- jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi;
- jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy tizim;
- tabiiy-geografik sharoitlar;
- tarixiy-milliy anʼanalar va urf-odatlar;
- aholi sonining oʻsishi, uning tarkibidagi oʻzgarishlar;
- xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar oʻrtasidagi aloqalar[1].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ian Gough (1994) Economic Institutions and the Satisfaction of Human Needs. Journal of Economic Issues. vol. 28, no. 1 (March 9), pp. 25–66.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Iqtisodiyot nazariyasi Sh.Shodmonov, M.Raxmatov
- ↑ Iqtisodiyot nazariyasi