Kontent qismiga oʻtish

Esparset

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Esparset
Biologik klassifikatsiya
Olam: Oʻsimlik

Esparset, bargak — dukkakdoshlar oilasiga mansub bir va koʻp yillik oʻsimliklar turkumi, yemxashak ekini. 130 dan ortiq yovvoyi turi maʼlum, 75 taga yaqin turi Rossiyaning Yevropa qismida, Oʻrta Osiyo, Kavkazda oʻrmon, choʻl, togʻ mintaqalarida koʻp oʻsadi. Oddiy yoki ekma E., qumloq E.i va Zakavkazye E.i turlari ekiladi. Deyarli hamma turlari chorva mollari uchun yaxshi ozuqa. Oddiy E. ildizi oʻqildiz, tuproqqa 3–6 m chuqurlikkacha kirib boradi. Poyasi oʻtsimon, tik oʻsadi, boʻyi 50—150 sm, egatchali, tukli, ichi, kovak, kam shoxlanadi, 5 — 8 ta boʻgʻimli. Barglari murakkab toq patsimon, ikkita pardasimon yon barglari bor. Guli pushtiqizil, koʻp gulli uzun shingilga yigʻilgan, chetdan changlanadi, mevasi bir urugʻli dukkak, dumaloq, chatnamaydi. Urugʻi loviyasimon, och jigarrang. 1000 ta urugʻi vazni 12—15 g. E. keng tarqalgan ozuqabop oʻsimlik, 100 kg pichanida turlariga qarab 53,5—54 ozuqa birligi va 11,9—12,6 kg protein mavjud. E. gulshiraga boy, 120–170 kg/ga asal yigʻish mumkin. Ekilgan dalalarda tuproqni azot bilan boyitadi (100–200 kg/ga azot toʻplaydi). Sugʻoriladigan yerlarda 150 s/ga pichan olish mumkin.