Farg‘ona vodiysida o‘rta shaharlarning rivojlanishi
Fargʻona vodiysining Oʻzbekistonga tegishli qismida Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari kirib, ular respublika umumiy maydonining 4,1 foizini (18,5 ming kv) tashkil qiladi. Vodiyda mamlakatimiz aholisining 28,5 % va shahar manzilgohlarining 35,1 foizi mujassamlangan. Fargʻona vodiysida jami 423 ta shahar aholi manzilgohlari mavjud. Bu koʻrsatkich boʻyicha Fargʻona vodiysi mamlakatimizda yetakchi hisoblanadi. Hozirda Oʻzbekiston shahar ahoisining 32,5 foizi istiqomat qiladi.
Shahar hosil qiluvchi tarmoqlarning rivojlanish va mulassamlashuv darajasi yuqori, xoʻjalik intensiv yoʻnalishga ega, ishlab chiqarish kuchlari yaxshi hududiy tashkil qilingan. Fargʻona viloyatida har ming km2 ga 30,4 ta, Andijonda 20,6 ta, Namanganda 17,2 ta shahar manzilgohlari joylashgan. Fargʻona vodiysida oʻrta shaharlarning umumiy soni 6 ta boʻlib, shundan, 3 tasi Namangan viloyatida, 2 tasi Andijonda va 1 ta Fargʻona viloyatida joylashgan.
Andijon viloyatida viloyat markazi Andijon shahri – yirik, Shahrixon, Asaka – oʻrta shaharlar guruhiga kiradi. Viloyat shaharlar ierarxik pogʻonasida katta shaharlar yoʻq. Shahrixon tobora “yuzminglik” shaharlar ostonasiga yaqinlashib kelmoqda. Shuningdek, viloyatga boʻsunuvchi Xonabod shahri “ellikminglik” shaharlar guruhiga qoʻshilish arafasida. Zamonaviy urbanizatsiyaning eng muhim koʻrsatkichlaridan biri shaharlarning hududiy tizimlari (aglomeratsiyalar) bosh shahar – Andijon negizida shakllanmoqda. Andijon aglomeratsiyasi mamlakatimizning barcha aglomeratsiyalari singari “shahar-qishloq” aglomeratsiyasidir. Aglomeratsiya yoʻldosh shaharlari orasida Asaka, Shahrixon, Marhamat, Xoʻjaobod, Poytugʻ (20 dan ortiq shahar va QFY lar) kabi shaharlar oʻrin olgan. Ayni paytda aglomeratsiyaning barcha shaharlari viloyat yoki tuman markazlari sifatida turli shahar hosil qiluvchi omillar ta’sirida rivojlanmoqda.
Asaka – Andijon viloyatidagi shahar (1937-yildan). Asaka tumanining ma’muruy markazi. Oʻzbekistonning oʻsish qutbi va markazlaridan biri. Viloyatning eng yirik sanoat markazi. 1937-1991- yillarda Leninsk nomi bilan atalgan. Poytaxtga oʻtgan temiryoʻl (1899-y) va avtomobil trakti shaharni muhim transport tuguniga ham aylantirgan. Margʻilon, Fargʻona va Andijonga boradigan avtomobil yoʻllari kesishgan joyda, Andijon shahridan 16 km uzoqlikda joylashgan. Shahar viloyat markaziga yaqin masofada Shahrixonsoy sohilida, dengiz sathidan 495 m balandlikda qad rostlagan.
Asaka shahri Andijon viloyatining qadimgi shaharlaridan hisoblanadi. Shahar nomining kelib chiqishi haqida turli fikrlar bor. Ayrim tadqiqotchilar (prof T.Shirinov) “Asaka” nomini Fargʻonada mil.avv. VI-V asrlarda yashagan sak qabilalari bilan bogʻlaydi. Chunki bu qabila ba’zi joylarda “assakenlar” nomi bilan ham yuritilgan. Ularda “asvaka” – ot, “as-saka” – otliqlar ma’nosini bildirgan. Toponimist olim S.Qorayev Asaka tumanidagi “Axtachi” qishlogʻi nomi moʻgʻulcha boʻlib, ot tabibi (sinchi), otboqar degan ma’noni bildirishini ta’kidlaydi. Shularga asoslanib Asaka shahrining 60 yilligi (1997-yil) munosabati bilan katta yoʻl yoqasidan shaharga kiraverishdagi maydonda tulpor otning ramziy haykali qoʻyildi. Asaka XIX asr tarixchisi Avaz Muhammad Attorning “Tarixi Johonnoma”, “Tarixi Xoʻqand” asarlarida tilga olingan. Asaka shahri hududida Xudoyorxon qal’a qurdirgan va bu yerda xonning dala hovlisi ham boʻlgan.
XVIII asr oxirida qurilgan Shahrixonsoy kanali (1899-yil) shaharning rivojlanishida katta ahamiyatga ega boʻldi. Toshkent-Andijon temiryoʻli qurilishi munosabati bilan Asaka shahriga 4 km li temiryoʻl shaxobchasi oʻtkazildi. Shundan soʻng Asakada yevropalik, xususan rus va mahalliy boylar sanoat korxonalarini qura boshladilar. XX asr boshlariga kelib shahar aholisi 2 ming kishiga yetgan. 1926-yilda shahar aholisi 6,8 ming kishi. Aholi soni keyingi yillarda muntazam oʻsib borgan (6-rasm).
XVIII asr oxirida qurilgan Shahrixonsoy kanali shaharning sanoatlashuvida katta ahamiyatga ega boʻldi. Shundan soʻng paxta tozalash va yogʻ zavodi, motor ta’mirlash zavodi, issiqlik eletr markazi korxonalari qurib ishga tushirildi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda shahar yaqinidagi Andijon va Polvontosh neft konlari, Xoʻjaobod gaz koni ochilishi bilan ishlab chiqarish kuchlarining salmogʻi ortdi. 1960-yilda sanoat korxonalari qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslasha boshladi.
Mustaqillik yillarida sanoatning tarmoqlar tarkibi yanada turlandi. Mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoatining eng yirik korxonasi, “GM Uzbekistan” QK tarmoqning 92,3 % mahsulotini ta’minlaydi. Asaka viloyat sanoat mahsulotlarining 55,2 foizini ta`minlaydi. Asaka avtomobil zavodi 1994-96-yillarda qurilgan. Dastlab, 1996-yil 26-martdan “Damas”, shu yilning iyun oyi oʻrtalaridan “Tiko” va iyul oyi oʻrtalaridan “Neksiya” rusumli avtomobillar ishlab chiqarila boshlandi. Korxonaning umumiy maydoni 72 gektar. Korxona 1996—2008-yillarda UzDaewooAuto (Janubiy Koreyaning “Daewoo” va Oʻzbekistonning “OʻzAvtoSanoat” kompaniyalari hamkorligida), 2008-yildan buyon “GM Uzbekistan” nomi bilan yuritiladi. Hozirgi kunda «Lacetti», «Chevrolet Tracker», «Chevrolet Captiva», «Malibu», «Sobalt» rusumli avtomobillar ishlab chiqariladi. Oʻzbekiston hozirda avtomobil ishlab chiqarishda 28-oʻrinda turadi. Undan tashqari zavodning Xorazm fillialidan “Damas”, “Orlando”, “Labo” rusumli avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Shaharda shuningdek, “OʻzKodji”, “OʻzTong Xong KO”, “Oʻz Sem Yung KO”, “Oʻz Dong Vong KO” qoʻshma korxonalari mavjud. Shaharda avtomobil zavodidan tashqari, paxta-moy zavodlari, yengil va oziq-ovqat korxonalari, shisha va kislorod zavodlari, binokorlik materiallari ishlab chiqaradigan korxonalar bor.
Shaharda ijtimoiy soha obyektlari ham yaxshi rivojlangan boʻlib, 10 ta umumiy ta’lim maktabi, 22 ta maktabgacha ta’lim muasassalari, gimnaziya va akademik litsey, 4 ta kasalxona, salomatlik markazi, 2 ta kinoteatr, madaniyat uyi, 15 ta kutubxona faoliyat koʻrsatmoqda. Shahar aholisini Xoʻjaobod gaz ombori gaz bilan ta’minlaydi.
Shahrixon shahri – Andijon viloyatidagi shahar boʻlib, shu nomdagi tuman markazidir. Viloyatning janubi-gʻarbida, Shahrixonsoy sohilida joylashgan. Shahrixon sharqi va janubidan Katta Fargʻona kanali oqib oʻtadi. Andijon shahridan 25 km uzoqlikda, temiryoʻl stansiyasida joylashgan.
Shahrixon shahri 1809—1821-yillarda Qoʻqon xoni Amir Umarxon farmoni bilan qurilgan. Oʻsha davrda xon farmoni bilan Shahrixon bozoriga kelib savdo qiluvchilardan yigʻim puli olinmagan. Natijada shaharga keluvchi karvonlar soni koʻpaygan. XIX asr oxirida shaharda bir qancha korxona, shu jumladan, paxta tozalash zavodi, 27 ta guzar, Oʻrda masjidi va minoralar boʻlgan. Shahar hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarish bilan ham mashhur hisoblanadi. Ayniqsa, pichoqchilik, beshikchilik, kosibchilik, doʻppidoʻzlik, misgarlik hunarlari san’at darajasiga yetgan. 1928-yilda shaharga Asakadan 15 km uzunlikdagi temiryoʻl oʻtkazilgan.
Shaharning qulay geografik oʻrni, yirik hunarmandchilik va savdo-sotiq markazi boʻlishligi shahar aholi sonining koʻpayishiga “ragʻbat” berdi. 200 yillik tarixi davrida Shahrixon shahrida bugungi kunda 82,6 ming kishi istiqomat qiladi. Shahar aholi soni boʻyicha viloyat markazi Andijon shahridan keyin 2-oʻrinda turadi. Shahar aholisi turli davrlarda turlicha oʻsishga erishgan. Masalan, 1926—1959-yillarda shahar aholisi manfiy koʻrsatkich bilan oʻsgan. 1926-yilda 10,2 ming va 1959-yil 9,2 ming kishiga teng boʻlgan. 1970-yilga kelib shahar aholisi 3 barobardan koʻproqqa oshib 28,0 ming kishiga yetgan. Shundan soʻng shahar aholisi muntazam koʻpayib borgan. 1979-yil 34,0 ming, 1989-yil 45,3 ming, 2000-yil 58,2 ming, 2005-yil 62,0 ming, 2010-yil 67,4 ming, 2015-yil 74,2 ming va 2021-yil boshida 82,6 ming kishiga teng boʻldi. Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, rus, tatar, qirgʻiz, tojik, uygʻur, qozoq va boshqa millat vakillari yashaydi.
Shaharda asosan yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari joylashgan. Jumladan, tikuvchilik, trikotaj, paxta tozalash, toʻqimachilik korxonalari, qurilish korxonalari, avtokorxona ishlab turibdi. Shuningdek, Oʻzbekiston-Xitoy “RivojTyanjin”, Oʻzbekiston-Hindiston “RivojNorind”, Oʻzbekiston-Germaniya “Interteks”, Oʻzbekiston-Rossiya “Anteks” qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatadi.
Shaharda ijtimoiy soha obyektlaridan 10 ta umumiy oʻrta ta’lim, 2 ta musiqa, 1 ta sport maktablari, muzey, madaniyat saroyi, markaziy kutubxona, 2 ta kasalxona, 3 ta poliklinika va sanatoriya faoliyat koʻrsatadi. Shahardan Toshkent-Oʻsh avtomobil yoʻli oʻtgan.
Quvasoy – Fargʻona viloyatidagi shahar. 1954-yilda sanoat markazi sifatida barpo etilgan. Fargʻona shahrining janubi-sharqida, viloyat markazidan 22 km uzoqlikda temiryoʻl stansiyasida joylashgan. Maydoni 0,26 kv.km. Shahar tarkibiga 1 ta shaharcha hamda 30 ta mahalla kiradi. Shahar yaqinidagi ohak, mergel, gips va gil boyliklari negizida u qurilish materiallari ishlab chiqaradigan sanoat markaziga aylandi. Har bir shaharning ma’lum bir bajaradigan funksiyasi bor. Quvasoy bir yoki ikki sanoat tarmogʻiga ixtisoslashgan shahar hisoblanadi.
Quvasoy shahrining transport geografik oʻrni, mineral resurslari va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi, koʻplab aholi manzilgohlarining toʻplanishiga asos boʻlgan. Hozirgi kunda shahar aholisi 94,9 ming kishiga teng. Shahar aholisi yaqin yillarda “yuzminglik” dovondan oʻtish arafasida. Quvasoy aholi soni boʻyicha viloyat shaharlari orasida Fargʻona, Qoʻqon va Margʻilon shaharlaridan keyin 4-oʻrinda turadi. 2020-yilda shaharda tugʻilish 2101 kishi (shundan, qiz bolalar 1022 kishi, oʻgʻil bolalar 1079 kishi), oʻlganlar soni 456 kishi (shundan, ayollar 186 kishi, erkaklar 270 kishi). Tabiiy oʻsish 1,6 promillega teng. Koʻchib kelganlar 421 kishi, koʻchib ketganlar 352 kishi. Mazkur yilda tuzilga nikohlar soni 871 tani, ajrashishlar esa 80 tani tashkil etadi. Shahar aholisi yosh guruhlari boʻyicha tadqiq etilganda, 0-15 yoshdagilar jami shahar aholisining 28,1 %, 16-59 yoshdagilar 62,6 % va 60 yoshda kattalar 9,6 % ni tashkil qiladi.
Quvasoy shahrida sanoatning bir qator tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Bunga shaharning qulay transport geografik oʻrni, foydali qazilmalar bilan yaxshi ta’minlanganligi va arzon ishchi kuchi mavjudligi asos boʻladi. Shaharda asosan qurilish materiallari sanoat taqmogʻi yaxshi rivojlangan. “Quvasoysement” aksiyadorlik jamiyati shaharning eng yirik korxonasi hisoblanadi. Unda sement, shifer, ohak hamda gʻsht zavodlaridan iborat kombinat ishlab turibdi. Mazkur kombinat respublikada ishlab chiqariladigan sementning salmoqli qismini bermoqda. Qurilish va sanoat tarmoqlarida ishlatiladigan sulfatga chidamli M-400E0, M-400SH0, M-500 markali portlendsementlar, temponaj portlendsementi, mineral qoʻshimchali suvbardosh portlendsement, oltin qazib olish sanoatida ishlatiladigan yanchilgan ohak, keramika cherepitsalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
1927-yilda sement zavodi sifatida qurila boshlanib, 1932-yil 1-fevralda ishga tushirilgan. Zavod ishga tushgan yili 43 ming tonna sement ishlab chiqarilgan. Korxona 1956—1961-yillarda rekonstruksiya qilindi. 1958-yilda ohak zavodi shifer korxonasi bilan birlashtirilib Quvasoy sement kombinatiga aylantirildi. 1959-yil sement ishlab chiqaradigan va aylanma pechi uzunligi 150 m boʻlgan 2 ta yangi texnologik liniya qurilib ishga tushirildi. 1974-76-yillarda eski shifer qoplash mashinalari oʻrniga yangi avtomatik liniyalar oʻrnatildi. 1995-yil avgustdan aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 1996—2001-yillarda korxona sexlarida zamonaviy texnologiyalar oʻrnatildi.
Mahsulotlari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afgʻonistonga eksport qilinadi. Mahsulotlari jahon standarti darajasida boʻlgani uchun Madrid (1994), Jeneva (1999), Frankfurtmayn (2004) koʻrik tanlovlarida “Sifat uchun oltin yulduz” bilan mukofotlangan.
Shaharda yana bir yirik Quvasoy chinni zavodi joylashgan. Zavodda asosan, kosa, piyola, choynak, lagan va boshqa idishlar ishlab chiqariladi.
Shahar viloyat sanoat mahsulotlarining 5,0 foizini ishlab chiqaradi. Bu koʻrsatkich boʻyicha viloyatda Fargʻona (26,1 %) va Qoʻqon (16,5 %) shaharlaridan keyingi 3-oʻrinda turadi. Shaharning viloyat tashqi savdo aylanmasidagi oʻrni yuqori emas. Unga eksportining 1 % qismi va importining 2,9 % qismi toʻgʻri keladi.
Shaharda ijtimoiy soha obyektlaridan, 31 ta maktab, 26 ta maktabgacha ta’lim muasassalari, 1 ta kasb-hunar maktabi, 5 ta shifoxona va 14 ta poliklinika (ularda 525 ta vrach, 1017 ta oʻrta tibbiyot xodimlari), 1 ta markaziy kutubxona, 1 ta mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Chust shahri – Namangan viloyati Chust tumanidagi shahar. Tuman markazi. Fargʻona vodiysining chekka shimolida, togʻ etagidagi tekislikda, Chust soyi sohilida Namangandan 36 km gʻarbda. Vodiyning qadimgi shaharlaridan biri. Shaharning shimoliy chekkasidagi Buonamozor (Bibionamozor) manzilgohi hududidan Chust madaniyatiga oid materiallar topilgan. Oʻrta asrlarda shahar harbiy qal’a sifatida rivojlangan. Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzo 1480-yilda Chustni oʻz qarorgohiga aylantirgan. XVI asr boshida Chust bir nechta qoʻrgʻonlardan iborat boʻlib, ular umumiy devor bilan oʻralgan. Chustga oid dastlabki ilmiy ma’lumotlar sharqshunos olim akademik A.F.Middendorfning “Fargʻona vodiysi ocherklari” (Sankt Peterburg, 1882) da uchraydi. Mahalliy tilshunos olimlarning fikricha Chust soʻzi forschada “tez”, “tezkor” ma’nosini bildiradi.
Qulay tabiiy geografik oʻrni, qadimdan hunarmandchilikning yirik markazi boʻlgani va viloyat markaziga yaqinligi asnosida shahar aholisi shakllangan. Bugungi kunda shaharda 77 447 kishi (Shundan erkaklar 39 644 kishi, ayollar 37 803 kishi) istiqomat qiladi (01.01.2021y). Aholisi asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Chust shahri aholi soni boʻyicha viloyat oʻrta shaharlari orasida yetakchi hisoblanadi. Shaharning demografik tarixini tahlil etgan holda koʻrishimiz mumkinki, shahar aholisi muntazam ravishda oʻrtacha darajada koʻpayib borgan.1926-yilda shahar aholisi 14,4 ming kishiga teng boʻlgan. Keyinchalik 1959-yilda 18,0 ming, 1979-yilda 35,2 ming kishi. Ma’lumotlar shuni koʻrsatadiki, qariyb bir asr davomida shahar aholisi 5 barobardan ortiqroqqa koʻpaygan. Shahar aholisi asosan, tabiiy yoʻl bilan koʻpaymoqda.
Shaharda sanoatning bir qator tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Chust Namangandan Toshkent va Qoʻqonga boriladigan avtomobil yoʻli ustida joylashgan. Bunday qulay transport geografik oʻrin shahar sanoatiga oʻzining ijobiy ta’sirini koʻrsatgan. Shahar mamlakatimizning qadimiy hunarmandchilik markazlaridan biri hisoblanadi. Chustlik temirchilar, toʻquvchilar, sopol buyum ustalari, zargarlarning mahorati shuhrat qozongan. Chust pichoqlari va doʻppilarining dongʻi keng tarqalgan. Chust pichoqlari jahon koʻrgazmalarida ishtirok etgan. Chust doʻppilari 1968-yilda Nyu-Dehli, 1969-yilda Monreal, 1970-yil Tokio va Poznan shaharlaridagi jahon koʻrgazmalarida yuqori baholangan. Shaharda paxta tozalash, charm zavodi, non zavodi va savdo korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Yaqinda ishga tushirilishi kutilayotgan “Chust tekstil” xususiy korxonasi loyihasining umumiy qiymati 8 mln AQSH dollorni tashkil etib, unda yiliga 5000 tonna boʻyalgan trikotaj mato, 5 mln dona tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish loyihalshtirilgan. Korxona ishga tushirilgach 700 ga yaqin kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati vujudga keladi.
Shaharda ijtimoiy soha obyektlaridan umumta’lim maktablari, stadion, tennis korti, suzish havzasi, kutubxona, poligrafiya, muzey, markaziy tuman kasalxonasi bor. 1960-yildan “Chust haqiqati” tuman gazetasi chiqadi.
Chortoq shahri – Namangan viloyatidagi shahar boʻlib, shu nomdagi tuman markazi hisoblanadi. 1976-yilda unga tumanga boʻysinuvchi shahar maqomi berildi. Sirdaryoning oʻng sohilida togʻ oldi zonasida vujudga kelgan. Namangan shahridan 19 km uzoqlikda joylashgan. Chortoq shahrining etimologiyasi toʻrt tomoni togʻlikdan iborat degan ma’noni anglatadi. Mazkur hududdan shifobaxsh mineral suvning ochilishi bilan shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yanada tezlashdi. Chortoqdan respublika ahamiyatidagi Namangan-Chortoq-Nanay avtomobil yoʻli oʻtgan. Shahardan 7 km shimoli-sharqda 650 m balandlikda, Chortoqsoy sohilida “Chortoq” sanatoriyasi, shu nomdagi mazkur muassasasa 1949-yil 31-avgustda 30 oʻrinli balneologik shifoxona sifatida tashkil etilgan. Yil sayin u kengayib borib, 1959-yilda oʻrinlar soni 258 taga yetdi. 1961-yil 1-martdan boshlab shifoxona “Chortoq” sanatoriyasiga aylantirildi. Sanatoriya hududi turli meva va manzarali daraxtlar bilan koʻkalamzorlashtirilgan. Maydoni 37 gektar.
XX asrning 70-yillari oʻrtalarida Chortoqqa shahar aholisi 20 ming kishi atrofida boʻlgan. 1989-yilda shahar aholisi 34,8 ming kishi, 2000-yilga kelib shahar aholisi 45,9 ming kishiga yetgan. Bugungi kunda shaharda 59,2 ming kishi yashamoqda (01.01.2021). Aholi soni boʻyicha viloyatda Namangan va Chust shaharlaridan keyingi 3-oʻrinda turadi. Shaharda asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qirgʻiz, tatar, rus va boshqa millat vakillari yashaydi.
Shaharda yengil va oziq-ovqat sanoati nisbatan yaxshi rivojlangan. Chortoqda paxta tozalash, mineral suv qadoqlash zavodlari, tikuvchilik fabrikasi, avtokorxona faoliyat koʻrsatadi. Chortoqdagi yirik korxonalardan yana biri “Chortoq metall ishlab chiqarish” MCHJ asosan qurilishbop metallar ishlab chiqariladi.
Chortoqda ijtimoiy soha obyektlari toʻri ancha yaxshi rivojlangan boʻlib, asosan “Chortoq” mineral suvi negizida bir qator sanatoriyalar, mehmonxonalar, dam olish maskanlari tashkil etilgan. Shaharda shuningdek, 10 dan ortiq maktab, markaziy kasalxona, markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat uylari, teatr joylashgan.
Kosonsoy shahri – Namangan viloyatining chekka shimoli-gʻarbida viloyat markazidan 28 km uzoqlikda joylashgan. Kosonsoy Oʻzbekiston bilan Qirgʻizistonni bogʻlab turuvchi avtomagistral yoqasida, Kosonsoyning har ikki sohilida shakllangan. Kosonsoy tumani markazi, temiryoʻl stansiyasi. Oʻrtacha balandligi 760 metr. Shaharni Kosonsoy suv ombori suv bilan ta’minlaydi. Shahar aholi zich joylashgan hududda shakllangan boʻlib, qadimda Fargʻona vodiysida harbiy-siyosiy markaz vazifasini ham bajargan. U 1934-yilda shahar posyolkasi sifatida paydo boʻlgan boʻlsa, uning keyingi taraqqiyotini nazarda tutib, 1973-yilda shahar maqomi berildan.
Kosonsoy shahri Oʻzbekiston hududidagi qadimgi shaharlardan biri. Shaharga mil.avv IV-III asrlarda asos solingan. Mil.avv I asrda Kushonlar saltanatining poytaxti boʻlgan. Shaharning ikki qator baland devor bilan oʻraglan qal’asida uchta darvozasi mavjud hisoblangan. Uning ichida xukmdor arki boʻlgan. Kushon saltanati barham topganidan keyin ham Kosonsoy bir necha asr davomida Fargʻona vodiysining yirik shaharlaridan biri boʻlib turgan. V-VII asrlarga kelib, Buyuk Ipak yoʻli tarmogʻining Fargʻonadan oʻtishi bilan shaharda savdo va hunarmandchilik yana ravnaq topdi. Karvonsaroylar, savdo rastalari qurildi. VII asr oxiri VIII asr boshlarida Kosonsoy Fargʻona podsholigining poytaxtiga aylangan. Kosonsoy tarixiga oid dastlabki ma’lumotlar qadimgi Xitoy sayyohi Chjan-Syan (138-126-yy), Syuan-Szan (629-645-yy), arab tarixshunoslaridan Yakubiyning “Kitob ul-Buldon”, Muqaddasiyning “Axsan uttaqosim” asarlarida uchraydi. Oʻsha davrlarda shahar oʻzining naqqosh, ganchkor, duradgor, atlas toʻquvchilari bilan dunyoga mashhur boʻlgan.
Kosonsoy Fargʻona vodiysidagi qadimgi aholi manzilgohlaridan biri boʻlib, shaharda qadimdan aholi yashab kelgan. 1926-yilda shaharda 13,7 ming kishi istiqomat qilgan. Ma’lum bir davrlarda aholi soni kamaygan. 1959-yilda shahar aholisi 9,5 ming kishini tashkil qilgan. Kosonsoy shahar maqomini olgach aholi soni keskin oshgan. Yani 1979-yilga kelib shahar aholisi 2 barobardan koʻproqqa oshib 19,5 ming kishiga yetgan. 2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra shaharda 56 737 kishi (Shundan, erkaklar 29 289 kishi, ayollar 27 448 kishi) istiqomat qiladi. “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilayotganligi shahar aholisi sonining yana tez sur’atlar bilan koʻpayishiga oʻz ta’sirini koʻrsatishi mumkin.
Shaharda shoyi toʻqish, poyabzal fabrikalari, non kombinatlari, Oʻzbekiston-Turkiya, Oʻzbekiston-Italiya qoʻshma korxonalaridan “Atlesmen”, “Kosonsoy-Tekmen”, bir nechta qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar ishlab turibdi. Eng asosiysi “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasining qurilayotganligi shahar sanoat geografiyasini tubdan oʻzgartirib yuboradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-martda imzolagan PF-5032 farmoniga muvofiq 2021-yil soʻngiga qadar toʻliq ishga tushirilishi kutilmoqda. Hozirgi kunda “Kosonsoy-farm” iqtisodiy zonasida yakunlangan ilk loyiha “Spring Pharmaceutic” korxonasi ishga tushirilgan. Korxona EIZ hududidan 2020- yil 1,7 gektar yer ajratib berilgan edi. Bir yil ichida jami qiymati 18 mlrd soʻm boʻlgan loyiha amalga oshirildi. Korxona mahalliy tadbirkorlarning mablagʻi hisobiga qurib bitkazildi. 70 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan korxonada yiliga 60 turdagi 25 mlrd soʻmlik dori-darmon vositalari ishlab chiqariladi. Erkin iqtisodiy zonaga umumiy qiymati 51 mln AQSH dollaridan ortiq boʻlgan 13 ta loyiha tanlab olingan. Ularning deyarli yarmi – 24 mln dollori xorijiy investitsiyalardir. Mazkur yil oxirida loyihalar yakunlanib, yillik ishlab chiqarish hajmi 100 mlrd soʻmdan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi va 1000 ga yaqin ish oʻrni ochiladi. “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasida shuningdek, Koreya Respublikasi, Rossiya, Misr va Belarus davlatlari bilan hamkorlikdagi yangi yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda. Ukraina hamda Hindiston ham bu sohada shahar bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan.
Shaharda ijtimoiy soha obyektaridan 12 ta umumta’lim maktabi, musiqa maktablari, madaniyat uyi, kutubxona, markaziy shifoxona, poliklinika, 25 ming oʻrinli stadion, “Doʻstlik”, “Yoshlar” xiyobonlari, oʻlkashunoslik muzeyi bor.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |